O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida «Moturidiylik – mo''tadil ta'limot» mavzusida onlayn xalqaro seminar o'tkazildi, xabar bermoqda «Dunyo» AA.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi matbuot xizmati seminarda Bahrayn universiteti arab tili va islomshunoslik kafedrasi professori, islom ilmlari bo'yicha etakchi olim Adnon Muhammad Zarzur ma'ruza qildi.
– Ayni paytda insoniyat Imom Moturidiyning fikr-mulohazalariga ehtiyoj sezmoqda,– deydi Adnon Muhammad Zarzur. – Chunki inson qadr-qimmati, uning jamiyatda tutgan o'rni Moturidiy ta'limotida yuksak o'rinni egallashi, shubhasiz. Mazkur bilimlarni mufassal o'rganish va tadqiq etish orqali “jaholatga qarshi ma'rifat” g'oyasi asosida islom dinining ilm-ma'rifat, ma'naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, bag'rikenglik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g'oyalarini aholiga, ayniqsa, yoshlarga etkazish zarur.
Olim har qaysi yurtning milliy-diniy qadriyatlarini asrab-avaylash, yosh avlodni ezgu umuminsoniy g'oyalar ruhida tarbiyalash, islom olamida mutaassiblik hamda aqidaparastlik g'oyalari tarqalishining oldini olishda islom dini va Moturidiylik ta'limoti muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidladi.
Seminarda so'zga chiqqanlar Imom Moturidiyning hayoti, ilmiy faoliyatiga to'xtalib o'tishdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati