وَٱلَّذِينَ يُتَوَفَّوۡنَ مِنكُمۡ وَيَذَرُونَ أَزۡوَٰجٗا وَصِيَّةٗ لِّأَزۡوَٰجِهِم مَّتَٰعًا إِلَى ٱلۡحَوۡلِ غَيۡرَ إِخۡرَاجٖۚ فَإِنۡ خَرَجۡنَ فَلَا جُنَاحَ عَلَيۡكُمۡ فِي مَا فَعَلۡنَ فِيٓ أَنفُسِهِنَّ مِن مَّعۡرُوفٖۗ وَٱللَّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٞ٢٤٠
240. Vafot etib, xotinlari qolganlaringiz ularga bir yilgacha ketmay foydalanadigan narsani vasiyat qilishsin. Agar ular chiqib ketishsa ham xotinlar o'zlaricha qilgan yaxshi ishlarda sizlarga gunoh yo'q. Alloh albatta qudrat va hikmat egasidir.
Islomning ilk davrida jamiyatda yuqoridagi odat hukmron edi. Meros oyati tushirilib, xotinlarga ham meros beriladigan bo'lgach, ularning idda muddatlari to'rt oyu o'n kun qilindi va bu oyati karima hukmi mansux (bekor) bo'ldi. Mujohid roziyallohu anhu bunday degan: "Vafot etib, juftlarini qoldirganlaringizning xotinlari..." oyatida aytilishicha, xotin iddani marhum er uyida o'tkazishi vojib edi, keyin Alloh taolo to'rt oyu o'n kun idda muddatiga etti oyu yigirma kunni vasiyat ma'nosida qo'shib, to'la bir yil qildi va xotinga ixtiyor berdiki, agar u xohlasa, bir yil marhum eri uyida turadi, xohlamasa, chiqib ketaveradi. Bu ma'noni Allohning: "Agar ular chiqib ketishsa ham xotinlar o'zlaricha qilgan ishlarda sizlarga gunoh yo'q" degan kalomi quvvatlaydi" (Buxoriy rivoyati).
وَلِلۡمُطَلَّقَٰتِ مَتَٰعُۢ بِٱلۡمَعۡرُوفِۖ حَقًّا عَلَى ٱلۡمُتَّقِينَ٢٤١
241. Taloq qilingan xotinlarini me'yorida manfaatlantirish taqvodorlar burchidir.
Avvalgi oyatlarda yaqinlashmay turib taloq qilingan va nikoh vaqtida mahr belgilanmagan bo'lsa ham o'sha xotinga er mulkidan ro'mol, ko'ylak kabi narsalar berish lozimligi zikr qilingan edi. Endi esa har bir taloq qilingan xotinga moddiy yordam ko'rsatib, ularni manfaatlantirish, ko'nglini ko'tarish taqvodor erlarning burchi ekani eslatilmoqda. Moddiy nafaqa taloq qilingan xotinning iddasi tugaguniga qadar beriladi.
Albatta, taloq ayol va uning ahli uchun og'ir bo'ladi. Umid bilan nikohdan o'tib, orzu-havas bilan yangi turmushni ko'zlab turganida taloq bo'lishi katta musibatdir. Buning ustiga do'stu dushman, yoru birodarlarning oldida nima degan gap bo'ladi?! Ana shu holatlarni hisobga olib, taloq qilingan ayolga shariatda mut'a (foyda) deb nomlangan moliyaviy taqdirlash berish joriy qilingan. Beriladigan mut'aning miqdori er tarafga bog'liq, imkoniga qarab ko'proq narsa bersa, yaxshi bo'ladi. Rivoyat qilishlaricha, imom Hasan roziyallohu anhu mut'a uchun o'n ming dirham bergan ekanlar. Shunday qilinsa, kelin tarafga engil bo'ladi, ko'ngillari taskin topadi, do'stu dushmanlarning gap-so'zidan ham qutuladilar. Chunki shuncha mol-dunyo berish qizda ayb yo'qligiga, yigit taraf uni hurmat qilishiga, ammo noilojlikdan ajrashayotganligiga dalolat bo'ladi.
كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمۡ ءَايَٰتِهِۦ لَعَلَّكُمۡ تَعۡقِلُونَ٢٤٢
242. Aql ishlatishinglar uchun Alloh oyatlarini shunday bayon etadi.
Alloh taolo O'z Payg'ambari Muhammad alayhissalom orqali nozil qilgan oyatlaridagi hukmlar, amr va qaytariqlar haqida tafakkur qilish, aql ishlatib o'ylab ko'rish, oyatlarning asl mohiyatini anglash va ularni hayotga tatbiq etish har bir musulmonning sharafli burchidir. Qur'oni karim oyatlari musulmon hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan. Ular musulmonlar duch kelishi mumkin bo'lgan barcha muammolarni ilohiy ta'lim asosida isloh qilib beradi. Qur'on oyatlari ibodatlar bilan bir qatorda oilaviy masalalarni, nikoh va taloq, hayz, bola emizish kabi muammolarni ham batafsil zikr etadi va bu boradagi islomiy echimlarni insonlarga tushuntiradi.
Har bir sehrgarning sodda insonlarni aldaydigan belgi va alomatlari bor. Aksariyat sehrgarlarda quyidagi belgilar kuzatiladi:
1. Huzuriga kelgan odamning ismini, onasining ismini, yoshini so‘rash. Bu sehrgarning eng ko‘zga ko‘ringan belgisidir.
2. Huzuriga kelgan kishidan shaxsiy narsa talab qilish. Masalan: soch yoki tirnoq bo‘lagi va h.k.
3. Sehrlamoqchi bo‘lgan odamning rasmini so‘rash.
4. Tutatqilardan foydalanish. Ular bu bilan o‘zlariga jinlarni chaqiradilar.
5. Tunda ishlash. Bu ularning eng keng tarqalgan alomati. Ulamolardan biri aytadi: “Sehrning kuchi va ta’siri kech tushganda kuchayadi. Shu sababli, sehrgarlar kunduz kuni bo‘lsa ham, qorong‘u joyda qing‘ir ishlarini bajaradilar.
6. Tinglovchiga tushunish qiyin, tushunarsiz so‘zlarni aytish: ming‘irlash va lablarni harakatlantirish.
7. Davolanish vaqtida Qur’on oyatlari va hadislarni g‘o‘ldiradigan gaplar bilan aralashtirish. Bu orqali odamlar tasavvurida “Qur’ondan o‘qiyapti” degan fikr paydo bo‘ladi.
8. Belgi va jadvallar yozilgan kitoblardan foydalanish.
9. Xar xil belgi, harf, raqam, doira va jadvallar yozilgan kitoblardan foydalanish.
10. Bemorga uchburchak yoki o‘ralgan kvadrat shakldagi tumorlar berish.
Sehrgarlar tumorni e’tiborsiz qoldirmaslikni alohida ta’kidlaydi. Agar unga befarqlik qilsa, kasallikka yo‘liqishi yoki biror musibatga mubtalo bo‘lishi bilan qo‘rqitadi.
Shuningdek, bemorga harf, jadval va raqamlar yozilgan qog‘ozlarni beradi. Ularni suvga botirib, keyin suv ichishni yoki u bilan cho‘milishni buyuradi.
Agar siz sehrgarlarning shu va shunga o‘xshash alomatlaridan birini ko‘rsangiz, e’tiqodingizni buzishdan saqlaning va ulardan uzoq bo‘ling. Chunki kim Alloh uchun biror narsani tark etsa, Alloh taolo uni undan afzaliga yetkazadi.
Davron NURMUHAMMAD