Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Dekabr, 2025   |   12 Jumadul soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:07
Quyosh
07:31
Peshin
12:18
Asr
15:13
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
03 Dekabr, 2025, 12 Jumadul soni, 1447

Olis hududlarda masjidlar bunyod etish ishlari davom etmoqda

28.11.2020   5711   4 min.
Olis hududlarda masjidlar bunyod etish ishlari davom etmoqda

Ayni kunlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan yurtimizning chekka hududlaridagi masjidlarni ta'mirlash va qayta qurish ishlari jadal davom etmoqda. Ushbu xayrli ishlarda saxovatpesha hamyurtlarimiz imkoniyat doirasida homiylik qilmoqda. Ushbu ko'maklar bilan masjidlar barpo etilib, namozxonlar uchun sharoitlar muhayyo qilinmoqda.
Mana shunday jomelardan Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Chim” va Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Chuya” qishlog'ida yangi qad rostlayotgan masjidlaridir. Hozirda ushbu masjidlarda tashqi va ichki pardozlash va bezak berish ishlari davom ettirilmoqda.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tomonlaridan ushbu jomelarni aholi uchun eng qulay bo'lgan hududda qurish yuzasidan muhim tavsiyalar berilgan edi. Shunga mos ravishda mazkur jome masjidlarni mahalliy aholi uchun eng qulay mintaqada bunyod etish ishlari boshlangan va ayni kunlarda ham davom ettirilmoqda.
O'tgan kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Chuya” jome masjidiga 6 tonna ichki va tashqi suvoq xom-ashyolari, 20 litrli 45 dona suvoq-bo'yoqlari, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Chim” jome masjidiga 3 tonna ichki va tashqi suvoq xom-ashyolari, 20 litrli 25 dona suvoq-bo'yoqlari kabi qurilish materiallari jo'natildi.
Shu kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov masjid qurilishiga moddiy va ma'naviy yordam berayotgan barcha insonlarning haqiga duo xayrlar qilindi. Jumladan, masjid barpo etilishiga juda katta hissa qo'shayotgan insonlar, quruvchi-muhandislar, saxovatpesha kishilar va joy ajratib bergan muruvvatli insonlarning haqlariga ko'pdan-ko'p duolar qilindi.
Darhaqiqat, Allohning uyi bo'lgan masjid qurishning savobi ulug' ekani mo''tabar manbalarda bayon etilgan. Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to'kis ado etgan, zakotni (haqdorlarga) ato qilgan va yolg'iz Allohdangina qo'rqadigan zotlargina obod qilurlar. Ana o'shalar hidoyat topuvchi zotlar bo'lsalar ajabmas” (Tavba surasi, 18-oyat).
Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham masjid qurish va uni obod qilish borasida ko'plab targ'iblar kelgan. Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy alayhissalom shunday dedilar: “Kim Alloh uchun bir masjid qursa, Alloh jannatda shuning mislicha uy bunyod qiladi”(Muttafaqun alayh).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o'sha chiroqning nuri o'chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig'for aytib turadilar”.
Masjid qurish va uni obod etish mana shunday ulug' savobli amal ekanini chin qalbidan his etgan muxlis xalqimiz masjidlar binosini yangidan barpo etish ishlarida faol ishtirok etmoqdalar.
Oliyhimmat insonlarimiz sabab diyorimizdagi masjidlar mo'min-musulmonlar uchun qulay va shinam bo'lmoqda, xonaqohlari keng va yorug' qilinmoqda, atroflari obod va ko'rkam etilmoqda hamda qurilish ishlarini zamonaviylik va milliylikka uyg'un holda olib borilmoqda.
Alloh taolo mana shunday jomelarni xalqimizga muborak aylasin.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Farzand ko‘rganda bajariladigan sunnatlar

01.12.2025   2578   1 min.
Farzand ko‘rganda bajariladigan sunnatlar

1. Munosib ism qo‘yish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismlarning yaxshisi bandalik va hamdni bildirganidir”, deganlar (Abdulloh, Hamidulloh, Abdurahmon kabi).
 

2. Chaqaloq qulog‘iga azon va takbir aytish.

Rofe’ roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima roziyallohu anhoning farzandi Hasan ibn Alining qulog‘iga azon aytayotganlarini ko‘rdim” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimning bolasi tug‘ilsa-yu, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytsa, unga Ummu Sibyon[1] zarar yetkaza olmas”, dedilar.

 

3. Chaqaloqning sochini olish, unga atab aqiqa qilish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir yangi tug‘ilgan bola tavalludi munosabati bilan yetti kunligida sochi olinib, ism qo‘yilib, o‘tkaziladigan aqiqa marosimi bilan garov qilingandir”.

Agar farzand tug‘ilganidan so‘ng yetti kunda aqiqa qilishga imkoniyat bo‘lmasa, 14 yoki 21 kunligida qilinadi. Bu muddat ichida ham imkoniyat topilmasa, boshqa xohlagan vaqtda qilsa ham bo‘ladi.

 

4. Chaqaloqning tanglayini ko‘tarish.

Abu Muso roziyallohu anhu aytadi: “O‘g‘lim tug‘ilganda uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordim. U zot alayhissalom o‘g‘limga Ibrohim deb ism qo‘ydilar va xurmo bilan tanglayini ko‘tardilar. Unga baraka tilab duo qildilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD

 

[1] Ummu Sibyon bolalarga ziyon yetkazadigan jin toifasi.