Dolzarb mavzu
Bugun, afsuski, ayrim g'alamis kimsalar muqaddas dinimizni yomonotliqqa chiqarib, dunyoning ko'pgina davlatlarida, xususan, G'arb mamlakatlarida ataylab “islomofobiya” (ya'ni, odamlarni Islomdan qo'rqitish, dindan bezdirish)ni tarqatishga chiranishmoqda.
Qo'li qonga botgan manfur, mal'un, sotqin kimsalar “jihod” niqobi ostida dunyoning arzimas matohiga uchib, tinch aholining halovatini buzish, odamlar o'rtasida sarosima uyg'otish maqsadida olomon orasida o'zini portlatayotib “Allohu akbar” deya hayqirmoqda. Din dushmanlari qayerda qing'ir ish qilmoqchi bo'lishsa, yana o'sha ulug' kalom – “Allohu akbar” yangraydi.
Tabiiyki, insonparvar, mo''tadil, o'z nomi bilan tinchlikni targ'ib qiladigan dinimizning asl mohiyatidan bexabar kimsalar Islomdan cho'chib qolishmoqda. Bu masalaning birinchi jihati.
Yana bir jihati shuki, ayrimlar (hatto aholisining aksariyati musulmon bo'lgan dityorlarda ham) ataylab dinimiz buyruqlarini kishilarga mashaqqatli qilib ko'rsatishmoqda. Bu ham kishilarni, dindan yuz o'girmasa-da, lekin Islom arkonlarini bajarishdan cho'chitmoqda.
Ho'sh, aslida ham shundaymi: ba'zilar aytayotganidek, dinimiz rostdan ham mashaqqatlimi? Islomning arkonlarini bajarish shunchalik mushkulmi?
Islom haddan oshish va nuqsonga yo'l qo'yish o'rtasidagi mo''tadillikni tutgan din bo'lib, u eng to'g'ri yo'l sanaladi. Qur'on va sunnatdagi shariat matnlari mo''tadil yo'lni tutishga buyuruvchi va g'uluv nomi bilan to'g'ridan-to'g'ri mubolag'aga berilish yoki tajovuz, zolimlik, adovat, murosasizlik hamda chuqur ketish kabi g'uluvni ifoda etuvchi narsalardan qaytaruvchi umumiy dalillar bilan kelgan.
Keling, musulmonlarning asosiy manbai bo'lgan Kalomullohga dmurojaat qilaylik. Zero, ilohiy kalomdan oshirib bir so'z deyish bashariyat uddalaydigan ish emas.
Ushbu ikki oyatda ahli kitoblarni dinda g'uluv ketishdan qaytariqlar bordir. Qur'oni karimda ahli kitoblarga xitob qilingan har bir buyruq yoki qaytariqlarda bu ummat nazarda tutilgan bo'ladi. Chunki bu (Qur'on) bilan aslida musulmonlarga xitob qilinadi. Agar Alloh ularni g'uluv ketishdan qaytargan bo'lsa, demak, biz, birinchi navbatda, undan man etilganmiz. Ahli kitoblar orasida g'uluvga ketishning turli ko'rinishlari bor edi. Jumladan, ba'zilar Alloh taoloning yaratgan narsalari haqida g'uluvga ketishardi. Masalan, nasroniylar Iso va uning onasi, yahudiylar esa Uzayr va buzoq borasida g'uluvga ketishdi. Ular ibodatda g'uluv ketishdi. Nasroniylar esa Alloh biror hujjat nozil qilmagan tarkidunyochilik va undan boshqa g'uluv ko'rinishlarini o'ylab topishdi.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam bu ummatni yahudiy va nasroniylar adashgani kabi g'uluvda ularga ergashishlaridan xabar berganlar. Bu esa ummat orasida ularda bo'lgani kabi g'uluvga ketish sodir bo'lishini ifoda etadi. Ularni g'uluvdan qaytarish voqelikda aynan bizga ham tegishlidir.
Ushbu ikki oyatda g'uluv ketishdan qaytariq bor. Chunki haddan oshish – shar'iy chegaradan chiqish demak. Bu esa g'uluv ma'nosidadir, shuningdek, tug'yonga ketish ham haddan oshishdir. Ikkala oyat mo''tadillik, vasatiylik va istiqomatga buyurmoqda, g'uluv ketishdan qaytarmoqda.
Shu bilan birga, muborak hadislar ham Islom ummatining istiqomatda bo'lishi uchun muhim mayoqdir.
Ushbu hadis dinda g'uluv ketishdan qaytaruvchi eng qat'iy dalillaridan biridir. Hadis shaytonga tosh otishda toshlar borasida mubolag'a qilishdan qaytarish uchun aytilgan bo'lsa-da, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ushbu hadisni dinning barcha boblarida g'uluv ketishdan qaytarishni o'z ichiga olgan umumiy ibora bilan bayon qildilar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bizdan oldin o'tganlarni dinda g'uluvga ketib, halok bo'lganlarini bayon qilmoqdalar. Nuh qavmining halokati Allohni qo'yib, solihlarga ibodat qilishlari bo'ldi. Yahudiylarning halokatiga esa Uzayr va buzoq borasida g'uluvga ketishlari sabab bo'ldi. Ular haddan oshib, hatto payg'ambarlarni qatl qilishdi. Nozil qilingan kitoblarni buzib talqin qildilar. Nasroniylarning halok bo'lishiga Iso va uning onasi Maryam haqida g'uluvga ketish sabab bo'ldi. Ular dinga undan bo'lmagan ibodatlarni yangilik qilib kirgizishdi. Bu ummatning ham eng ko'p halokatga duchor qiluvchi omil g'uluv hisoblanadi.
Abu Dovud rivoyatida esa: “Ogoh bo'ling! G'uluvga ketganlar halok bo'ldilar”, dedilar. Bu so'zni uch bor aytdilar. Imom Navaviy: “Muta'annitlar –so'z va amallarida chegaradan chiqib, haddidan oshadiganlardir”, degan.
Bu hadis yuqoridagi “Sizdan oldingilarni dinda g'uluv ketish halok qilgan” hadisining aynan ma'nosi bo'lib, uni yanada ta'kidlab kelmoqda.
Hulosa qilib aytganda, dinimiz, ayrimlar o'ylaganchalik, mashaqqat emas. Islomning barcha arkonlarini bemalol bajarsa bo'ladi. Bularning hech qiyin joyi yo'q. Aslida dinimiz oson. Lekin o'zimiz uni qiyinlashtirib olamiz. Agar biz birgina Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan “Yengillashtiring, aslo qiyinlashtirmang, bashorat bering, aslo nafratlantirmang”, hadisga rioya qilganimizda edi, bugun vahima qilinayotgan “islomofobiya” ham, “dinimizdagi mashaqqatlar” ham o'z-o'zidan barham topgan bo'lar edi.
Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Xabaringiz bor, 2025 yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabrigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Bugun, 10 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, hojilar, otinoyilar va mahalla faollari ishtirokida Xonqa tumanidagi «Sayid ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng Xayrulla domla Abdullayev hududdagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi.
Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2025” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirokida tumandagi mahallalarga tashrif buyurdilar.
Mahalladagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Shuningdek, er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda tumandagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati