Shayx Mahmud Halil Husariy rahimahulloh
(17.09.1917-24.11.1980yy.)
Shayx Mahmud Halil Husariy rahimahulloh Misrlik mashhur Qur'oni karim hofizi, qori, ushbu sohaning eng ko'zga ko'ringan namoyandalaridan sanaladi. U Qur'oni karimning o'n xil qiroati bo'yicha mujavvad va murattal tilovatlari yozilgan audio va video yozuvlari orqali o'zining xush ovozi bilan dunyo musulmonlariga manzur bo'lgan.
Shayx Mahmud Halil Husariy rahimahulloh 17 sentyabr' 1917 melodiy, 1 zulhijja 1335 hijriy sanada Misrning g'arbiy qismidagi Tanto viloyatining Shibro annamla qishlog'ida tavallud topgan. U tug'ilishidan oldin otasi Halil Fuyum viloyatidan Shibro annamla qishlog'iga ko'chib kelgan edi. Onasining ismi Farah bo'lib, qishloq ahli uni Farha deb chaqirishar edi.
Mahmud to'rt yoshga etganda otasi uni Qur'on yodlash uchun masjid qoshida ochilgan maktabga beradi. U har kuni Qur'onni yodlash uchun qishlog'idan Tantodagi Ahmadiy masjidiga qatnaydi. Sakkiz yoshida u Qur'oni karimni to'liq yod oladi. O'n ikki yoshida Tantodagi diniy ma'hadga o'qishga kiradi. Keyinchalik Azhari sharifda Qur'oni karimning o'n xil qiroatini o'rganadi va qiroatlar ilmi bo'yicha shahodatnomani qo'lga kiritadi. Shundan so'ng, xush ovozi va go'zal adosi tufayli Qur'on ilmlarini o'rganishga kirishadi.
1944 yilda birinchi marta radio orqali qiroat qilish bo'yicha tanlovda ishtirok etib, ishtirokchilarning eng birinchi tartibida turadi.
1950 yilda Tantodagi Ahmadiy masjidiga qori vazifasiga, 1955 yilda esa, Qohiradagi Husayn masjidiga qori vazifasiga ta'yin etiladi.
Shayx Mahmud Halil Husariy rahimahulloh eng birinchi bo'lib Hafsning Osimdan rivoyati bo'yicha murattal ovozli mushafni audiotasmaga yozdiradi. Qur'oni karim qorilarining ishini tashkil etadigan, ularning maishiy ahvoliga ko'maklashadigan boshqarmasi tashkil etish taklifi bilan chiqqan birinchi shaxs ham Shayx Mahmud Halil Husariy rahimahulloh bo'ladi.
Shayx Mahmud Halil Husariy rahimahulloh barcha shahar va qishloqlardagi masjidlar qoshida Qur'oni karimni yodlatish bo'yicha to'garaklar tashkil etish zarur degan chaqiriq bilan chiqadi va shaxsan o'zi Qohiradagi bitta masjid va madrasani ta'mirlash ishlariga bosh bo'ladi.
Shayx Mahmud Halil Husariy rahimahulloh Qur'oni karimning ma'nolarini to'g'ri tushunish va to'g'ri ketkazishda Qur'oni karimni tajvid bilan o'qishning ahamiyati katta ekanligini bilar edi. Uning nazdida Qur'onning qiroati bu, ilm va usul edi. U Qur'oni karimni tartil bilan qiroat qilinsa uning kalimalariga jon kiradi, o'qilayotgan kalimalarning ma'nosi qorining ko'z o'ngida gavdalanadi, der edi. Shuning uchun, Qur'oni karim uni tartil bilan o'qiyotgan qoriga Qur'on oyatlariga aqliy yondashmog'ini, zimmasida katta mas'uliyat bor ekanligini doimo his qildirib turadi, deb ta'kidlar edi.
Shayx Mahmud Halil Husariy rahimahulloh 24 noyabr' 1980 melodiy, 16 muharram 1401 hijriy sanada 63 yoshida foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qiladi. Alloh taolo u zotni o'z rahmatiga olib, Firdavs jannatiga doxil aylasin.
Homidjon Ishmatbekov