Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Namozning (nimasi) afzal?» deb so'raldi. U zot:
«Qunut(qiyom)ning uzuni», dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Abu Dovud keltirgan rivoyatda:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan:
«Amallarning qaysi biri afzal?» deb so'raldi.
«Qiyomning uzuni», dedilar», deyilgan.
Sharh: Ma'lumki, «Qunut» duosi ham namozda tik turib o'qiladi. «Namozda qiyomni uzoq qilish uning eng afzal amali» deyish ushbu hadisdan olingan.
Abu Hanifa va Shofe'iy rahmatullohi alayhilar shu gapni ushlaganlar.
Boshqalar esa oldingi hadislardagi sajdaning fazli haqidagi gaplarni ushlab, «Namozning eng yaxshi, eng afzal amali sajda», deganlar.
«Hadis va hayot» kitobidan
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.