Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Dalillarni tushunishdagi to'g'ri yondashuv

24.11.2020   4280   7 min.
Dalillarni tushunishdagi to'g'ri yondashuv

“Ekstremistik g'oyalarni  inkor qilishda shar'iy dalillar”

3.  Dalillarni tushunishdagi to'g'ri yondashuv.      

Mazkur masala quyida aytib o'tiladigan asoslarga tayanadi: 

A). Sahobalarning yo'liga ergashish. Ularning “shar'iy dalillarni to'g'ri tushunishda sahobalarnng maslagiga ergashamiz” degan gapi ayyorlikdan keyingi yana bir ayyorlikdir. Ular sahobalarning nazaridagi yondashuv va rivoyatlarni qayoqdan ham chuqur anglasinlar! Chunki sahobalar haqidagi naql va xabarlar turli kitoblarning turli boblarida bitilgan satrlardir. Axir ular sahobai kiromlarning asarlaridan tarkib topgan ushbu ilmiy manbalarni o'zaro muvofiqlashtirib tadqiq  qila olarmidi? Buning javobi  esa shubhasiz eplay olmaydilar qabilida bo'ladi.

Ammo ular sahobai kiromlarning yondashuv maslaklariga tobe' bo'lishni chindan ham istasalar, to'rt mo'tabar mazhabdan birini tanlashga majbur bo'ladilar. Chunki mazkur mazhab allomalari sahobalarga bizdan ko'ra yaqinroq va ularning maslagida bizdan ko'ra etukroq insonlar edilar. Turgan gapki  shar'iy asoslarni tushinish borasida mazhab allomalarining maslagi ham o'zlariga Rasululloh sollollohu alayhi vasallamdan meros bo'lib qolmagan. Balki bu jarayon sahobai kiromlarga meros bo'lib qoldi. Sahobalardan tobeiynlarga,  tobeyinlardan keyin esa fiqhiy mazhab mujtahidlariga ulandi.

Shubhasiz, imom Abu Hanifaning mazhablari ibni Mas'udning yo'liga bog'lanadi. Imomi Molikning mazhablari ibni Umar va u kishining o'g'illari hamda hodimlarining yo'liga bog'lanadi. Tobeinlardan iborat to'rt mazhab mujtahidlarining mashoyixlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan ta'lim olganlari hech kimga sir emas. Eng kamida ushbu silsila sahobalardan ta'lim olgan tobeinlarning shogirdlari. Shuning uchun ham shar'iy dalillarni idrok etish borasida to'rt mazhab mujtahidlarining maslagi rasululloh sollollohu alayhi vasallamning ko'rsatmalari bo'lib, ayni paytda sahobalardan o'tib kelayotgan omonatdir. Hammaga ma'lum haqiqat shuki, sahobalar garchi turli o'lkalarda yashagan bo'lsalar-da, ularning shar'iy asoslar ustidagi turli hil qarashlari ortidan fiqhiy madrasalar vujudga keldi. Iroqda imom Abu Hanifa rahimahulloh qo'llari ostida hozirgi zamon ta'biri bilan aytganimizda fiqh kulliyalari tashkil topdi. Madinai munavvarada imom Molikning madrasalari tashkil topdi. Keyinchalik bu maktabni ikki buyuk imomlar – imom Shofi'iy va imom Ahmadlar rivojlantirib turli o'lkalarga tarqatdilar. Ulardan keyingilar zimmasida esa mazkur mujtahid allomalarga shogird bo'lib, ko'rsatgan yo'liga tobe' bo'lish, ularning asliy (aqidaviy) qoidalarini mahkam tutib ayrim far'iy (fiqhiy) masalalardagina ijtihod qilish qoldi, xolos. Chunki mazkur fiqhiy mazhablarning maslagi Alloh va rasulining hukmlarini  anglab etish va to'g'ri tushunishda asos bo'ladigan sahobai kiromlarning maslagi hisoblanadi. Zero, mazhab ulamolari dalillarni tadqiq qilishda sahoba va tobeinlarning tanlovlariga ergashish qoidasini ilgari surdilar. Ular asliy qoidalar va kulliy ahkomlarni jamlash (muvofiqlashtirish)da bor imkoniyatlarini ishga soldilar. Aynan sahobalar maslagi asosiga o'z mazhablarini barpo qilib Kitob va fatvolarida ularni qaror toptirdilar.

Biz bugun mazkur asarlarni usuli fiqh deb nomlaymiz. Imom Shofeiyning “Risola” nomli kitoblari ham shular jumlasidandir. Imom Molik “Muvatto ”

kitoblarida uni yanada kengroq yoritganlar. Imom Abu Hanifa rohimahullohning shogirdlari Shayboniyning  “Asil” kitobida u haqida naql qilinadi.

Imom Ahmaddek zabardast alloma ham o'z “Musnad”larida undan dalillar keltirib o'tadi.

Hech kimga sir emaski, o'zida sahobalar tanlovi va talqinlarini  jamlagan mazkur tizimli usullar  fiqhiy mazhablarning asosini tashkil qilgan.   

Shu erda haqli savol tug'iladi: sahobai kiromlarning shar'iy dalillarni idrok etish borasidagi maslagiga hozirgi bid'at ahli jamoalari yaqinroqmi yoki sahobalar zamoniga yaqin bo'lgan  mazhab ulamolari yaqinroq bo'lganmi?

Bugungi voqe'likdan kelib chiqsak ularning “shar'iy dalillarni sahobai kiromlarning  talqinida idrok qilish” degan so'zlari faqat havoi gaplardir. Voqe'likda amaliyotga tatbiq qilinmagan, biror ilmiy qiymatga ega bo'lmagan da'volardir xolos.

Ikkinchi: arab lug'atini chuqur bilish.

Bu masala borasida ham ular arab tilida har qancha chuqur bilimlarga ega bo'lmasin, mazhab ulamolari jamoasining bilim-ma'rifati oldida ularning o'ndan birini ham bilmaydilar. Biz qanday qilib arab tilida ham etuk darajada gapira olgan mazhab allomalarni chetga surib qo'yib  ularning o'rniga mutaassib jamoalarning maslagini qabul qilamiz?! 

Bu qanday ham jaholat va bedodlikki, ular o'zlarini, shar'iy hukmlar istinboti uchun zarur bo'lgan arab tili va qoidalarida chuqur bilm va etarli darajada mahoratga ega deb biladilar! Mazkur jamoalar fikricha,  arab tili ichida yashab uni o'ziga singdirgan, kerak bo'lsa uni nutq madaniyati darajasida  qo'llab yurgan mazhab ulamolari ularning darajasiga etolmas ekanlar. Hatto maqomlari haqida “gapirgan gapi arab tilidagi hujjatdir” deyilgan imom Shofeiydek  allomalar ham mazkur mutaassib jamoalarga teng kelmas emish. 

Fiqhiy mazhab allomalari chizib bergan, o'z shayxlari va ular orqali sahobai kiromlardan meros o'laroq o'tib kelgan ushbu maslak nafs taskin topadigan va suyanishga loyiq bo'lgan maslakdir. Bizdan biror kishi to'rt mo''tabar mazhabning birortasiga ergashar ekan, aniq biladiki ergashayotgan ushbu yo'li zamonlar osha minglab allomalar xizmat qilgan asl ilmiy maslakdir. Kitob va Sunnat hidoyati (yo'llagan yo'l)da yurish oson bo'lgan uslubdir. Mazhab allomalarining boshqalarni kofirga chiqarish, ekstremizm, nohaq qon to'kish kabi vayronkor fikrlar bilan yondashganlarini ko'rmaysiz. Chunki ularning fiqhiy hukm va fatvolari bid'at ahlidan iborat mutaassib jamoalarning tutgan yo'lidan butunlay ayrodir. Ammo mutaassib jamoa vakillari ilmda ham juda nochor, idrok va tushunishda yuzaki yondashadigan jamoalardir. Ular  shuning uchun ham fatvolarida o'yin, shar'iy ahkomlarida tartibsiz ish tutadilar.

(davomi bor)

“Ekstremistik g'oyalarni  inkor qilishda shar'iy dalillar” kitobidan.

Tarjimon: Tohir Vohid

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ikki ulug‘ ne’mat

14.08.2026   42943   3 min.
Ikki ulug‘ ne’mat

#Mustaqillikning 35 yilligi

 

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).

Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.

Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.

Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.

Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV