Abu Aliyya aytadi: «Bir kuni Umar ibn Abdulaziz odamlar bilan o'tirgan edi. Kun yarim bo'lib, qizdira boshlagach, odamlarga: «Men qaytib kelgunimcha shu erda turinglar» deb, bir oz dam olish uchun ichkariga kirib ketdi. Birozdan so'ng o'g'li Abdulmalik kelib, uni so'ragan edi, odamlar uning ichkariga kirib ketganini aytishdi. O'g'li kirishga izn so'radi, unga izn berildi. U kirib, otasidan «Mo'minlarning amiri, bu erga nima uchun kirdingiz?» deb so'radi. «Bir oz dam olmoqchi edim», dedi Umar. O'g'li odob bilan: «Fuqarolaringiz eshigingiz oldida kutib turgan holda sizga o'lim kelib qolishidan omondamisiz? Ulardan berkinib oldingizmi?» dedi. Umar ibn Abdulaziz bu gapdan so'ng tez o'rnidan turib, odamlar oldiga chiqdi.
«Solihlar gulshani» kitobidan
Savol: Agar biror kishi tahoratli bo‘lsa va uni chivin yoki pashsha chaqib, qonini so‘rsa, bu holatda uning tahorati sinadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q. Chivin yoki pashsha kabi mayda hasharotlar tahorati bor inson tanasidan qon so‘rsa ham, uning tahorati sinmaydi.
Chunki fiqhiy qoidaga ko‘ra, inson tanasidan chiqqan qon oz miqdorda oqishi bilan ham tahorat sinadi, ammo chiqqan joyida atrofga oqmasdan turib qolsa, sinmaydi.
Faqihlarimiz mayda hasharotlar so‘rgan qonni oqmagan qon hukmida bo‘ladi, deyishgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.