Abu Aliyya aytadi: «Bir kuni Umar ibn Abdulaziz odamlar bilan o'tirgan edi. Kun yarim bo'lib, qizdira boshlagach, odamlarga: «Men qaytib kelgunimcha shu erda turinglar» deb, bir oz dam olish uchun ichkariga kirib ketdi. Birozdan so'ng o'g'li Abdulmalik kelib, uni so'ragan edi, odamlar uning ichkariga kirib ketganini aytishdi. O'g'li kirishga izn so'radi, unga izn berildi. U kirib, otasidan «Mo'minlarning amiri, bu erga nima uchun kirdingiz?» deb so'radi. «Bir oz dam olmoqchi edim», dedi Umar. O'g'li odob bilan: «Fuqarolaringiz eshigingiz oldida kutib turgan holda sizga o'lim kelib qolishidan omondamisiz? Ulardan berkinib oldingizmi?» dedi. Umar ibn Abdulaziz bu gapdan so'ng tez o'rnidan turib, odamlar oldiga chiqdi.
«Solihlar gulshani» kitobidan
Ashajj ibn Abdulqays roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomning oldilarida o‘tirganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Senda Alloh va Rasuli xush ko‘radigan ikki xislat bor”, dedilar. Sahobiy qiziqib: “U qanday xislat? Biri doim ro‘zador bo‘lish va ikkinchisi uxlamay tuni bilan ibodat qilib chiqishmi?” – dedi.
“Yo‘q, unisi ham, bunisi ham emas”, dedilar Nabiy alayhissalom. Ashajj roziyallohu anhu: “Yo Allohning Rasuli, ular qaysi xislatlar?” – dedi takror. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam javob berib: “Halimlik va bosiqlik”[1], dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa bir hadislarida: “Odam go‘zal xulqi bilan kunduzi ro‘za tutib, tunni ibodat bilan o‘tkazadiganlarning darajasiga yetadi” [2], dedilar.
Xulqi go‘zal odam ikki dunyo saodatiga erishadi. Odamlarning qalblarini mahv etish orqali foyda ko‘radi va mana shuning natijasida oxiratni ham qo‘lga kiritadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu xususda shunday dedilar: “Tarozuda go‘zal xulqdan-da og‘irroq tosh bosadigan biror narsa yo‘q”[3].
U zot yana bir hadislarida: “Mo‘minlarning iymonda kamolotga erishganlari xulqi eng chiroyli bo‘lganlari, fe’li yumshoq, uning boshqalar bilan til topishishi oson bo‘ladi va boshqalar ham u bilan oson chiqishib ketishadi. Hech kim bilan kelishmaydigan va boshqalar ham u bilan kelisha olmaydigan kishida yaxshilik yo‘qdir”[4], deganlar.
Ummu Salama roziyallohu anho onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirib, oxiratni esladilar: “YoAllohning Rasuli, bir xotinning dunyoda ikki turmush o‘rtog‘i bo‘lgan bo‘lsa, barchalari vafot etishsa va jannatga kirishsa, ayol qaysi eriga bo‘ladi?” – dedilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom nima deb javob bergan bo‘lishlari mumkin?! “Puldori yoki ilmlirog‘iga bo‘ladi”, dedilarmi?! Yo ilm va fazlda yuqorirog‘igami?! Yo‘q, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Xulqi go‘zalroq eriga bo‘ladi”, dedilar.
Ummu Salama roziyallohu anho hayratlandilar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Ey Ummu Salama, go‘zal xulq dunyo va oxirat yaxshiliklarini keltiradi” [5], dedilar.
Ro‘za tutib, namoz o‘qib, sadaqalar beradigan, lekin tili bilan qo‘shnisiga ozor beradigan ayolning vafoti xabarini berishganida, Nabiy alayhissalom: “U ayol do‘zaxda” [6] deganlarini yuqorida ham aytib o‘tdik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu duolarini, albatta, yodingizda tuting: “Allohim! Mening tashqi ko‘rinishimni go‘zal qilganingdek, xulqimni ham go‘zal qil”[7].
Shuningdek, u zot sollallohu alayhi vasallamning quyidagi duolarini aytib yurishni kundalik odatga aylantiring: “Allohim! Meni eng go‘zal xulqlar sari boshla. Go‘zal xulqlar tomon yetaklaydigan Zot faqat O‘zingsan. Yomon xulqlarni mendan arit. Yomon xulqlarni mendan faqatgina Sen nari qila olasan”[8].
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
[1] Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati.
[2] Imom Termiziy rivoyat qilgan va sahih qaror bergan.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan.
[5] Imom Tabaroniy rivoyati.
[6] Imom Hokim, Imom Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati.
[7] Imom Tabaroniy rivoyati.
[8] Imom Muslim rivoyati.