Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!”(A'rof surasi, 199-oyat).
Afvni (qabul qilib) oling
Afv etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo berishga loyiq bo'lsa ham lutf ko'rsatib jazolashni tark etishdir. Kechirimli va sabr-toqatli bo'lish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ayniqsa, o'ch olishga qodir bo'la turib kechirib yuborish go'zal fazilat, oliy xulq namunasidir.
Oyatdagi “afv” so'zining tafsiri manbalarda turlicha kelgan. Ba'zi mufassirlar u – bag'rikenglik bilan o'zgalarning uzrini qabul qilish, og'irlikni o'ziga olib, boshqalarga engillik baxsh etish desalar, boshqalari zakot vojib qilinmasdan oldin boylardan olinadigan sadaqalar deb izohlaganlar.
Imom Tabariy (rahmatullohi alayh) bunday deydi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Jabroil (alayhissalom)dan ushbu oyatni sharhlab berishni so'raganlarida U zot: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar”.
Sahobalar Payg'ambarimiz (alayhissalom)dan: “Go'zal xulq nima?” deb so'radilar. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!” oyatini tilovat qildilar.
Afv go'zal va maqtalgan axloqlarning asosidir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):“Kimki uning uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko'tarilishini xohlasa, zulm qilganni avf etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)da bu fazilatlarning barchasi mujassam, so'zlari va fe'llarida ham bu xulq ila ziynatlangan edi, boshqalarni ham kechirimli bo'lishga undardilar.
Uboda ibn Sobit (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga Alloh bandalarining darajasini nima tufayli balandga ko'tarishini aytaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ayting, yo Rasululloh”, deyishdi. U zot (sollallohu alayhi va sallam) “Senga jahl qilganga muloyim bo'lsang, zulm qilganni avf qilsang, seni mahrum qilganga in'om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog'lasang”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy (alayhissalom) kechirimli, shafqatli va rahmdil bo'lishda peshqadam edilar. Makka ahli u zot (alayhissalom)ning yo'llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turganlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo'q, balki o'n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ularni avf etdilar, haqiga duo qildilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xulqlari bilan tarbiyalangan sahobalar (roziyallohu anhum) ham o'zlariga zulm qilganlarni kechirishda barchaga namuna bo'ldilar. Bu haqda Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Uyayna ibn Hisr degan kishi Hazrat Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu)ning huzuriga kirib: “Ey, Hattobning o'g'li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, sen bizning o'rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”, dedi. Bundan Umar (roziyallohu anhu)ning g'azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo'ladi, deb atrofdagilar qayg'uga tushib qolishdi. Shunda sahobalardan biri: Ey, amiral mo'minin! Alloh taolo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!” deb buyurmagan-midi, u odam johillardan”, dedi.
Hazrat Umar (roziyallohu anhu) Qur'on tilovatini eshitishi bilanoq, g'azabini yutdi hamda Allohning xitobiga muvofiq ish tutdi (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasullloh (sollallohu alayhi va sallam) xatokorning aybini kechib yuboruvchilarni Alloh taolo kechirishi haqida bunday deganlar: “Avf bandaga izzatdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, afv qiling! Alloh sizni aziz qiladi. Sadaqa molga ko'payishdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, sadaqa qiling! Alloh azza va jalla sizga rahm qiladi” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O'ch olishga haqli bo'laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o'rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Yaxshilikka buyur
Yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish har bir mo'min-musulmonning vazifasidir. Bu haqda Abu Sa'id Hudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko'rsa, uni qo'li bilan o'zgartirsin, agar unga ham qodir bo'lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o'sha imonning zaifligidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytaruvchi ummatlari eng yaxshi ummat bo'ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga chiqarilgan (ma'lum bo'lgan) ummatning eng yaxshisi bo'ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma'ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).
Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) yaxshilikka chaqiruvchida quyidagi xislat va fazilatlar jam bo'lishi lozim deydi:
Alloh taolo yaxshilikka targ'ib etuvchi bandalarini madh etadi, ularga O'z rahmati va marhamati nozil bo'lishi bashoratini beradi: “Mo'minlar va mo'minalar bir-birlariga do'stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o'shalarga Alloh marhamat ko'rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).
Johillardan yuz o'gir
Johillik nodonlik, ilmsizlikdir. Dinimiz ilmsizlikdan yuz o'girishga, ilm, ulamolarga ergashishga da'vat etadi. Qolaversa, johillardan uzoq bo'lish kishini yomonliklardan saqlaydi, uning axloqini go'zal qiladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O'zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir”,dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Musulmon kishi johillarga e'tibor bermaydi, ularning gap-so'zlaridan ta'sirlanmaydi, balki yomonlikka qarshi yaxshilik bilan javob qaytaradi. Albatta, bunday fazilatga faqatgina sabr-toqatli, ikki dunyoda ham ulug' nasibaga ega bo'ladigan Alloh taoloning eng syukli bandalari musharraf bo'ladi: «Rahmonning (suyukli) bandalari erda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema'ni) so'z qotganda “Salomatlik bo'lsin!” deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 64-oyat).
Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) ushbu oyat haqida: “Bunday zotlar halim, beozor bo'lib, agar ularga jahl bilan g'azab qilinsa, ular aslo johillik qilmaydilar, halimlik bilan javob qaytaradilar”, degan.
Alloh taolo barchamizni ushbu go'zal xulqlar bilan xulqlanib, O'zining roziligini topishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shayx Abdulfattoh Abu G‘udda rahimahulloh aytadilar: “Mahmud ibn Umar Zamaxshariyning bir gapini eslayman... Hikmatli so‘zlar jamlangan “So‘z durdonalari” degan kitobida bunday yozadi: “Savdogarning shuhrati uning hamyonida, olimning shon-sharafi esa kitoblarida”.
Ilgari olimlar kitoblar sotib olish uchun oziq-ovqat va kundalik ehtiyojlariga sarflaydigan mablag‘larni tejar edilar. Imom Ahmadning shogirdi Ibrohim Harbiy (Alloh uni rahmat qilsin) juda qashshoqlashib qoldi. Uning ikki yosh qizi bor edi. Ahli oilasi ochlikdan qattiq aziyat chekishdi.
Ayoli unga: “Ey Ibrohim, men ochlikka chiday olaman, lekin bu ikki qiz bunga qanday chidaydi?” deb shikoyat qildi.
U: “Nima qilishim kerak?” deb so‘radi.
Ayoli: “Kitoblaringizdan birortasini soting”, dedi.
Ibrohim: “Sabr qiling, sabr qiling”, dedida, uyidan tashqari chiqib ketdi.
Bir kishi Ibrohim Harbiyning uyini izlab, o‘tgan-ketgandan so‘rab yurardi. Nihoyat odamlar ko‘rsatgan yo‘l bo‘ylab yurib, bir uyning oldida to‘xtadi va: “Ibrohim Harbiyning uyi qayerda?” deb so‘radi.
“Mana shu”, dedi.
“Ibrohim Harbiy kim?” deb so‘radi.
“Menman”, deb javob berdi.
“Nima istaysiz?” deb so‘radi.
“Xurosonlik bir kishi sizga bu ikki tuyaga yuklangan narsani yubordi. Men ularni sizga yetkazishga mas’ulman”, dedi.
Ibrohim Harbiy undan: “Bu qayerdan keldi?” deb so‘radi.
U: “Xurosonlik bir odamdan”, deb javob berdi.
Ibrohim: “U kim?” deb so‘radi.
“Sir saqlashga qasam ichganman”, dedi.
Bundan Ibrohim Harbiy hayratda qoldi. Ikki tuyadan oziq-ovqat va kiyimlardan iborat yuklarni tushirdi.
Ibrohim Harbiy ochlikka chidadi, lekin kitoblaridan birini sotishga chiday olmadi. Chunki kitoblar uning hayoti edi.
Ba’zan o‘n baravar qimmatga bo‘lsa ham, kitob sotib olardim. Chunki bu kitobni hayotimda bir marta sotib olaman, pulni yana topishim mumkin, lekin bu kitobni boshqa topa olmasligimdan qo‘rqaman. Hatto narxi besh yoki olti funtga baholangan kitobni 70 funtga sotib olganman.
Eng muhimi inson “kitoblar qurti” bo‘lishi kerak. Bunday odam kitoblarni o‘qiydi, o‘rganadi, kerakli joylarini yozib qo‘yadi, yodlaydi, o‘qiganlari uning xulq-atvorida aks etadi...”.
Davron NURMUHAMMAD