Dinimiz ta'limotiga ko'ra, kishilar o'zaro do'stlik va totuvlikka buyuriladi. Odamlarning bir-birlariga nisbatan gina-kudurat saqlashi, dushmanlik qilishi va g'iybat-bo'hton uyushtirishi qattiq qoralanadi.
Alloh taolo Hujurot surasi 12-oyatida bandalarini bunday ogohlantiradi: “Ey iymon keltirganlar! Ko'p gumonlardan chetda bo'linglar, chunki ba'zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Ba'zilaringiz ba'zilaringizni g'iybat qilmasin. Sizlardan birortangiz o'lgan birodarining go'shtini eyishni yaxshi ko'radimi? Ha, yomon ko'rasizlar. Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko'plab qabul qiluvchidir, rahmlidir”.
Demak, biror kishi haqida badgumonda bo'lish, u to'g'rida har xil shubhaga borish yaxshi emas. Balki u chindan ham yaxshi insondir. Agar shunday bo'lib chiqsa, gumonlanuvchi o'ziga gunoh orttirgan bo'ladi. Shu boisdan ham “Ko'p gumonlardan chetda bo'linglar...” deyilmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Zinhor va zinhor badgumon bo'lmanglar, chunki badgumonlik so'zning eng yolg'onidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Afsuski, yon-atrofimizdagi, har kuni ko'rib-bilib yurgan, birga ishlaydigan, o'qiydigan birodarimizdan ham gumonlanamiz. Ko'nglimizga har xil shubhalar oralaydi. Yoki bo'lmasa, uchinchi bir odamning gapiga kirib, u haqdagi fikrimizni o'zgartiramiz. Illo, bularning barchasining zamirida yolg'on, josuslik bor. Shuning uchun ham kishi bunday illatlardan uzoqroq bo'lishi kerak ekan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan kishilar: “Ey Allohning Rasuli, g'iybat nima?” deb so'rashdi. Rasuli Akram alayhissolatu va ssalom: “Birodaringni o'ziga yoqmagan narsa bilan eslashing”, dedilar. Shunda: “Birodarimda men aytgan narsa bo'lsa-chi, bunga nima deysiz?” deyishdi. Nabiy alayhissalom: “Agar aytganing unda bo'lsa, g'iybat qilgan bo'lasan, ammo bo'lmasa, bo'hton qilgan bo'lasan”, deb javob qildi (Imom Abu Dovud rivoyati).
Birovni g'iybat qilish – og'ir gunoh. Bu haqda oyati karimada ham aniq misol keltirilgan. Shu ma'noda kishi hech kimni g'iybat qilmasligi, aks holda, buning uchun Alloh taoloning huzurida javobgarlik borligini unutmasligi lozim.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamga Safiyaning sifatlari mana bular, deb sanadim. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Dengiz suviga qo'shsa, uni ham buzadigan so'z aytding”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya'ni, g'iybat shu qadar nopok narsaki, uni hatto dengizga solsa, uning hidini ham, ta'mini ham buzadi. Shuning uchun musulmon kishi o'zini g'iybatdan tiyishi bilan birga o'zgalarni ham bu illatdan qaytarishi joizdir. Bu esa unga ko'plab ajr-savoblar yozilishiga noil bo'ladi.
Hulosa o'rnida aytishimiz lozimki, g'iybat og'ir gunohdir. Shu bilan birga, u ikki insonning munosabatlariga raxna soladi. Ikkisini bir-biriga yov qilib, yuzko'rmas bo'lib ketishiga sabab bo'ladi.
Shahobiddin PARPIYeV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” masjidi imom-xatibi
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.