Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyun, 2025   |   7 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:09
Quyosh
04:51
Peshin
12:26
Asr
17:34
Shom
19:54
Xufton
21:30
Bismillah
03 Iyun, 2025, 7 Zulhijja, 1446

Gambiya vaziri: Fuqarolarimiz O'zbekistonda o'qishini istaymiz

18.10.2023   1209   1 min.
Gambiya vaziri: Fuqarolarimiz O'zbekistonda o'qishini istaymiz

Gambiya turizm va madaniyat vaziri Hamat Ngai Kumba Bax “Dunyo” axborot agentligiga 16 oktyabr kuni Samarqandda ochilgan YuNVTO Bosh Assambleyasining yubiley 25 sessiyasi haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi:

   – Bunday keng ko'lamli va muhim tadbirda qatnashish imkoniga ega bo'lganimdan juda xursandman. Marokash va Turkiyada transferlarni amalga oshirib, Gambiyadan O'zbekistonga etib borishimiz uchun 24 soat vaqt ketdi. Shahar aeroportini birinchi qo'nganimizdanoq Samarqandning go'zalligi meni hayratda qoldirdi.

 O'zbekistonning rivojlanish sur'atlari bizni mamlakatingiz tajribasini yanada ko'proq o'rganishga undaydi.

YuNVTO Bosh Assambleyasi doirasidagi rejalashtirilgan uchrashuv va muzokaralar chog'ida turizm, sarmoya va ta'lim sohalarida aniq shartnomalar tuzish niyatidamiz. Gambiya fuqarolarimizning O'zbekistonda o'qib, tajriba orttirishini istaydi, chunki mamlakatingiz nafaqat bu sohalarda, balki boshqa sohalarda ham yuksak natijalarga erishgan. Umid qilamanki, kelgusida hamkorligimiz yanada yuqori bosqichga chiqadi.Eslatib o'tamiz, Gambiyada islomga (asosan sunniylar) 95,7% aholi e'tiqod qiladi. Islom dinining tarqalishi 12-13-asrlarda boshlangan. Ba'zi musulmonlar orasida so'fiylik “Tijaniya” tariqati ta'siriga ega. Har yili Gambiyada turli diniy bayramlar o'tkaziladi, ularning sanalari yildan-yilga o'zgarib turadi: hijriy Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning tavallud kunlari (mavlid bayrami), dushanba, Koriteh (Ramazon oxiri) va Tabaski (qurbonlik bayrami).

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

23.05.2025   11612   3 min.
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.


1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).

Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.


2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.

Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).

Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.


3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).

Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.


4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.

Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.

U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.

U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.


5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).

Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.


Xulosa:

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.

Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.

 

 

Maqolalar