Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Islomda taqvim: Muharram oyi va Ashuro kuni fazilatlari (video)

20.08.2020   3533   9 min.
Dunyo mamlakatlari turli taqvimlarda yil, oy, kun hisobini yuritadi. Eng keng tarqalgani – milodiy deb ataladigan Grigorian taqvimi. Xitoy taqvimi, KXDR taqvimi, Isroilning ham bir necha ming yillik taqvimi va hakozolar. Islom mamlakatlarida hijriy-qamariy va hijriy-shamsiy (milodiy taqvim muqobili) taqvimlar mavjud.

Ma’lumot o‘rnida, ko‘plab islom mamlakatlarida amal qilinadigan hijriy-qamariy taqvim oyning falakdagi harakatiga asoslanadi. Hilol (yangi oy) ko‘ringandan keyingi kun yangi oyning birinchi kuni hisoblanadi. Hijriy-qamariy oylar 29 yoki 30 kun bo‘ladi. Shu sababli hijriy-qamariy yil 354-355 kun bo‘lib, milodiy yildan 10-11 kun kam bo‘ladi.

Hijriy-qamariy taqvimning birinchi kuni Muharram oyining birinchi kunidan boshlanadi. Hijriy-qamariy yil bo‘yicha oylar tartibi quyidagichadir: Muharram, Safar, Rabiul avval, Rabiul oxir, Jumodul avval, Jumodul oxira, Rajab, Sha’bon, Ramazon, Shavvol, Zulqa’da, Zulhijja.

Oyning chiqishiga qarab, 2020 yil 20 avgust kuni hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha 1442 yil kirib keldi. Muharram oyi yangi yilning birinchi oyi hisoblanadi.

Umuman, islom mamlakatlarida qo‘llanib kelinadigan taqvim – hijriy-qamariy taqvimga qachon asos solingan? Undagi oylar hisobi qanday yuritiladi?

Kun.uz muxbiri shu va boshqa savollar bilan Toshkent shahridagi «Bodomzor» jome masjidi imom xatibi Rahmatulloh Termiziyga murojaat qildi.

— Alloh taolo butun borliqni, jumladan insoniyatni ham tartib bilan yaratgan. Sababi, yaratilish jarayonlarining vaqt bilan o‘lchanganidir. Ya’ni, Alloh taolo Qur’oni Karimda olamni necha kunda yaratganining xabarini beradi. Albatta, u kunlarning biz istiqomat qilib turgan kunimizdan farqi bo‘lsa-da, vaqti tayin qilingandir.

Alloh subhanahu taolo Tavba surasining 36-oyatida butun borliqni yaratganida o‘zining huzurida oylarni 12ta qilib belgilaganini e’lon qiladi. Bu oylar bandaga yordamchi bo‘lib, umrini, vaqtini, ishlarini rejalashtirishda, hisoblashda lozimdir. Hayotning qadriga yetadi. Shu bois, insoniyat yillarning hisob-kitobga har doim muhtoj bo‘lgan.

Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalari Islom taqvimini joriy qilishga maslahat qilishgan va katta kelishuv bo‘lgan. Bunda hazrati Ali roziallohu anhuning taklifini ko‘pchilik ma’qullagan. Takliflar orasida Payg‘ambarning tavalludi, vahiy nozil bo‘lgan sanalar birinchi yil sifatida olinishiga doir takliflar ham bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida: Hijriy-qamariy taqvimdan foydalanishga ikkinchi xalifa Umar ibn Xattob raziyallohu anhu davrida, ya’ni 16-hijriy yilning Rabiul avval oyida qaror qilingan va kelgusi 1-Muharram 17-hijriy yilning boshi deb hisoblangan. Hijriy-qamariy yilning boshlanishiga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilgan sanalari asos qilib olingan. Bu milodiy 622 yilga to‘g‘ri keladi. «Hijriy» degan so‘z «hijrat (ko‘chish)ga tegishli», «qamariy» esa «oyga tegishli» degan ma’noni bildiradi.

Hijriy-qamariy taqvimdagi 4 oy nima uchun harom oylar deyiladi?

— Yuqoridagi oyatda 12 oydan 4tasi harom oylar ekani aytiladi. Bular – Rajab, Zulqa’da, Zulhijja va Muharram oylaridir.

Harom deyilishining sababi – bu oylarda urush qilish mumkin emas, taqiqlangan. Bu tartib Islomdan avval ham joriy bo‘lgan, arablar johiliyat davrida ham unga rioya qilib kelgan. Hatto, bu oyda otasining qotilini ko‘rishsa ham, undan qasos olmagan, urushayotgan qabilalar qurollarini qo‘yishgan.

Aslida, mana shu 4 oyda urushning harom qilinishi inson jamiyatining tinchlikka muhtojligini ko‘rsatadi.

Hozirgi vaqtda harom oylar hurmati qanday joyiga qo‘yiladi?

— Ma’lum bir kunlar, ma’lum bir hududlar bor. O‘sha vaqtda, o‘sha joylarda taqiqlangan ishlarni qilib bo‘lmaydi. Maxsus kiyim bor – ehrom – harom qilingan libosga kirgan kishiga ham ayrim ishlar man qilinadi. Umuman, ma’lum bir hududda, vaqtda, libosda ma’lum bir ishlarni qilmasligida insonning o‘zini nazorat qilishiga doir andoza ko‘ramiz. Harom oylarning eng katta foydasi mana shu, insonga o‘zini nazorat qilishni, to‘xtashni o‘rgatadi.

Bugungi kundagi tinch hayotimizda ham harom oylarning foydasini o‘z shaxsiyatimizda, ayrim ishlardan to‘xtashimizda, tiyilishimizda ko‘ramiz.

Ramazon oyida inson o‘zini ko‘pgina narsalardan tiyadi. Afsuski, orzu-havasning ketidan inson qul bo‘lib quvmoqdaki, na harom oylar, na haram hududlar yoki ehromga kirgan holatida ham o‘zining va o‘zganing jonini birinchi o‘ringa qo‘ymayapti. Uni dunyoning muhabbati, g‘arazli maqsadi egallab olayotgani musibatdir.

Muharram oyi – muhtaram oy

— Muharram oyi – hijriy-qamariy yilning birinchi oyi bo‘lib, u harom oy bo‘lishidan tashqari, xalq tilida uning o‘ninchi kuniga ishora qilinib, Ashuro oyi ham deyiladi.

Ashuro kuni yoki bu oy tarixi Islom dinining avvalgi davrlariga borib taqalsa-da, lekin zamonamizda ham Ashuro qiladigan, uni bayram qiladigan davlatlar bir qancha. Jumladan, Eron, Pokiston, Hindiston va Bangladesh kabi davlatlarda hozirgi kunda ham ta’til beriladi. Ahli sunna val jamoa mazhabida bu kunda ro‘za tutish, oilasiga kengchilik qilish tavsiya etiladi. Shia mazhabidagilar bu kun va shu oyni deyarli to‘liq ta’ziyada o‘tkazishlari ma’lum.

Demak, bu kunda ro‘za tutish bizning mazhabimizda muhim hisoblanadi. Imom Buxoriy o‘zlarining «Sahih»larida, Abdulloh ibn Abbos roziallohu anhudan keltiradilar:

«Rasululloh alayhissolatu vassalom Madinaga hijrat qilganlarida bu yerda istiqomat qiluvchi Bani Isroilning ro‘za tutayotganini, xursandchilik qilayotganlarini ko‘rdilar-da, ulardan so‘radilar: bu qanday kun? Ular aytdilarki, Alloh Musoga qavmi bilan birga Fir’avn zulmidan najot bergan kun. Shunda Rasululloh alayhissalom: «Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman», – dedilar-da, o‘zlari ham ro‘za tutib, sahobalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.

Albatta, bu Ramazon oyi ro‘zasi hali farz qilinmagan vaqtda bo‘lgan. Ramazon ro‘zasi hijratning ikkinchi yilida farz qilingan, shundan so‘ng Ashuro kunida ro‘za tutish ixtiyoriy bo‘ldi. Shu bilan birga, Payg‘ambarimiz alayhissalom Madinada qancha vaqt turgan bo‘lsalar, ya’ni 9 yil Ashuro kuni ro‘zasini tutganlar, oxirgi yili kelasi yili Ashuro kuniga yana bir kun qo‘shib ro‘za tutishlarini aytganlar, ammo bu nasib etmagan.

Shunga binoan, ulamolar nazdida, Ramazon oyidan keyin Muharram oyining 9-10-kunlari ro‘zasini tutish mustaham amal hisoblanadi.

Ashuro kunidagi kengchilik qanday bo‘lishi kerak?

— Aslida Ashuro kuni ahli oilasiga kengchilik qilish haqidagi hadislar zaif yo‘llar bilan rivoyat qilingan bo‘lsa-da, bu kabi hadislar ko‘pligi, hadis ilmi qoidalariga ko‘ra, ularni zaifdan hasan darajasigacha olib chiqadi.

Imom Muslimdan rivoyat qilingan hadisni ham eslab o‘tish joiz. Rasululloh alayhissalom: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘tgan va kelgusi yil gunohlariga kafforot bo‘ladi, deb umid qilaman», – deganlar. Albatta, bunda kabiyr (katta) gunohlar emas, sag‘iyro (kichik) gunohlar haqida so‘z ketmoqda. Chunki gunohi kabiralarga alohida tavba ham lozim.

Ashuro kunining yana bir xislati – bu kunda ahli ayoli, farzandlariga kengchilik qilish, kiyim-kechak, uyga jihozlar olib berish, ularni xursand qilish ham kiradi. To‘rt mazhab ulamolari oilasiga ro‘zg‘or qilib berishni mustahab deganlar va bir qancha dalillarni keltiradilar. Jumladan, hazrati Abdullohdan qilingan rivoyatlarni keltiradilar:

«Ashuro kuni kim oila ahliga ro‘zg‘orini keng qilib bersa, Alloh taolo yilning qolgan qismida unga kengchilik beradi», – deganlar Rasululloh sollallohu alayhi vassallam.

Katta sahobalardan Jobir ibn Abdulloh roziallohu anhu, mana shu hadisga muvofiq, Ashuro kuni oilasiga kengchilik qilishni tajriba qilib ko‘rganliklarini aytganlar. Sufyon ibn Uyayna 40-50 yil tajriba qilganlarini aytadilar.

Ashuro kuni ro‘zasining qazosi yo‘q

— Abdulloh ibn Abbos, imomi Zuhriy, Abu Is'hoq Sabiiylar, musofirchilikda ham Ashuro kuni ro‘zasini tutganliklari rivoyat qilinadi. Aslida safarda Ramazon ro‘zasini qazo qilishga ruxsat bor. Ulardan buning sababini so‘rashganida, Ramazon ro‘zasining qazosini tutish mumkin, ammo Ashuro kuni ro‘zasining qazosi yo‘q, shu bois bu kunning fazilatidan istifoda qilish maqsadida safarda to‘g‘ri kelib qolsa, uning ro‘zasini tutamiz, deb javob berganlar.

Sarflangan dinorlarning eng afzali

— Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilarki: «Bir dinor bor, Alloh yo‘lida uni nafaqa qilasan; bir dinor bor, qul ozod qilishga sadaqa qilasan; bir dinorni miskinga berasan; va yana bir dinor borki, ahlingga sarflaysan. Ularning ichida eng savobi ulug‘i – ahli ayolingga qilgan nafaqangdir», – deganlar.

Shunga binoan, bu kunda oilamizga kengchilik qilsak, farzandlarimizga xursandchilik ato qilsak, Alloh ixlosimizga yarasha kelgusi yilda barcha ishimizga baraka berib qo‘yadi.

Ashuro kunida maxsus ibodat yoki duo yo‘q

— Shariatning hurmati barcha narsadan ustun turadi. Muharram oyi va Ashuro kuniga doir yuqoridagi 2ta tavsiyani qamrab olsak kifoya. 10 yoki 100 rakat namoz o‘qish, har rakatda 10 marta Ixlos surasini o‘qish, ko‘zga surma qo‘yish kerak ekan, degan gaplar yo‘q va bularning barchasi bid’at-xurofotlar hisoblanadi.

 

kun.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tabiat ham Sizni halok etmasin

20.06.2025   377   6 min.
Tabiat ham Sizni halok etmasin

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.

Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.

Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.

Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.

Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).

Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.

Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:

«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».

O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...

Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.

Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.


«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan