Tailand hukumati halol sanoatni rivojlantirish orqali ushbu sohadan tushayotgan daromadni uning iqtisodiy rivojlanishi va barqarorligi ko'rsatkichlaridan biriga aylantirishga harakat qilmoqda.
Tailand IQNA sayti ma'lumotlariga ko'ra, jahonda oziq-ovqat, xususan, halol mahsulotlarga bo'lgan talab ortib borayotgani sabab halol mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi dunyodagi etakchi davlatlardan biri ekanini hisobga olib, mamlakat hukumati ushbu sohani rivojlantirish istagini bildirmoqda.
Unga ko'ra halol mahsulotlar faqat oziq-ovqat bilan cheklanib qolmay, balki bozor qiymati 2 trillion dollardan ortiq bo'lgan moda, media, farmatsevtika va turizm kabi boshqa sohalarni ham o'z ichiga oladi.
Hozirda Tailand oziq-ovqat eksportining 20 foizi halol mahsulotlarga to'g'ri keladi. 2021 – 2022 yillarda Tailand halol mahsulot eksportidan 6 milliard dollar daromad oldi.
Ushbu maqsadga erishish uchun yangi hukumat barcha tegishli muassasalarni o'quv kurslarini tezlashtirish va osonlashtirish, zarur litsenziya va sertifikatlar berish, zarur jihozlar bilan ta'minlash va uni Halol standartlari tamoyillari asosida standartlashtirishga safarbar etdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati