وَمِنۡهُمۡ أُمِّيُّونَ لَا يَعۡلَمُونَ ٱلۡكِتَٰبَ إِلَّآ أَمَانِيَّ وَإِنۡ هُمۡ إِلَّا يَظُنُّونَ٧٨
Bani Isroil qavmi ichida o‘qish va yozishni bilmaydigan g‘irt omilar ham bor edi. Ular hayoliy orzular va shubha-gumonlarga g‘arq holda hayot kechirishardi. Insonlar jamiyatida johillikdan ham xatarliroq illat bo‘lishi mumkinmi? Johil kimsa boshqalar nima desa, haqiqat o‘rnida qabul qilaveradi, har kimga ham ergashib ketaveradi, o‘ylab topilgan soxta ta’limotlarni chin e’tiqod sifatida qabul qilaveradi. Bunday johil kimsalar yahudiylar orasida ham, nasroniylar ichida ham, musulmonlar orasida ham bo‘lgan va hozirda ham omiligi, dindan bexabarligi, johilligi tufayli din dushmanlarining qo‘g‘irchoqlariga, nog‘orasiga o‘ynovchilariga aylangan kimsalarning borligi ham hech kimga sir emas.
فَوَيۡلٞ لِّلَّذِينَ يَكۡتُبُونَ ٱلۡكِتَٰبَ بِأَيۡدِيهِمۡ ثُمَّ يَقُولُونَ هَٰذَا مِنۡ عِندِ ٱللَّهِ لِيَشۡتَرُواْ بِهِۦ ثَمَنٗا قَلِيلٗاۖ فَوَيۡلٞ لَّهُم مِّمَّا كَتَبَتۡ أَيۡدِيهِمۡ وَوَيۡلٞ لَّهُم مِّمَّا يَكۡسِبُونَ٧٩
Ushbu oyat ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sifat va xususiyatlarini o‘zgartirganlar haqida tushgan. Kalbiy aytadi: "Yahudiylar o‘z kitoblaridagi Payg‘ambar alayhissalomning sifatlarini o‘zgartirib yuborishdi: u zotni qoraroq, uzun bo‘yli, sochlari silliq, deya ta’riflashdi. Aslida esa, Payg‘ambar alayhissalom bug‘doyrang, o‘rta bo‘yli bo‘lganlar. Ular o‘z ergashuvchilariga: "Oxirzamonda chiqadigan payg‘ambarning sifatini ko‘ringlar, bular manavi kishining (ya’ni, Muhammad alayhissalom) sifatlariga o‘xshamaydi-ku!" deyishardi. Yahudiylarning olim va rohiblari qavmdoshlari hisobiga tirikchilik qilishardi (ya’ni, har xil marosim va urf-odatlar bahonasida sadaqa, ehson va boshqa moddiy va ma’naviy narsalar olishardi). Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sifatlarini aniq bayon qilishsa, hammaning u zotga ergashib ketishidan va o‘zlari oladigan sadaqa-ehsonlaridan quruq qolishlaridan qo‘rqishardi".
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.