Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Noyabr, 2026   |   9 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:53
Quyosh
07:11
Peshin
12:14
Asr
15:19
Shom
17:04
Xufton
18:19
Bismillah
19 Noyabr, 2026, 9 Jumadul soni, 1448

Ilm olish hammaga farz

06.05.2024   10787   4 min.
Ilm olish hammaga farz

Dinimiz doimo ilmu ma'rifatga targ'ib qiladi. Qur'oni karimda: «Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur» (Mujodala surasi, 11-oyat), deyilgan. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Farz Alloh taoloning qat'iy amri bo'lib, uni bajarish har bir mo'min-mu­sulmon uchun majburiydir. Farzni bajarmaslik esa, ulkan gunohdir. U ikki qismga – farzi ayn va farzi kifoyaga bo'linadi.

Farzi ayn – har bir musulmon shaxsan bajarishi shart bo'lgan amal. Uni birov uchun boshqa odam ado eta olmaydi. Bunga namozni misol qilish mumkin. Balog'atga etgan har bir mo'min inson besh vaqt namozni o'qishi farzi ayn. O'qimagan odam qattiq gunohkor bo'ladi.

Farzi kifoya esa, ba'zi bir musulmonlar ado etsa, boshqalar uchun ham kifoya qiladigan amal. Bunga janoza namozini misol qilish mumkin. Bir musulmon vafot etsa, uning janozasini o'qib, dafn etish hamma musulmonlar uchun farz bo'ladi. Ammo farzi kifoya bo'lgani uchun bir insonning janozasini ba'zi musulmonlar o'qisa, boshqalardan farz soqit bo'ladi.

Ilm talab qilish borasida farzning ikkalasi ham ishtirok etadi.

Har bir musulmon o'zi uchun zarur ilmni, dinu diyonatni, halol-haromni bilib olishi farzi ayndir.

Musulmonlar jamoasi uchun zarur bo'l­gan hunar va ilmlarni talab qilish esa farzi kifoyadir. Har bir sohada odamlar manfaatiga xizmat qiladigan mutaxassislarni etishtirish Islom jamiyatining barcha a'zolariga farzi kifoya bo'ladi. Ehtiyojlarni qondiradigan darajada mutaxassis tayyorlagan jamiyat a'zolaridan mazkur umumiy mas'uliyat soqit bo'ladi.

Bu farz o'sha mutaxassislar zimmasiga o'tadi. Agar jamiyatda ularning sohasi bo'yicha kamchilik yuzaga kelsa, o'sha mutaxassislar javobgardir. Farzandlariga ta'lim-tarbiya berishi, biror kasbning boshini tuttirishi har bir ota-onaning zimmasidagi majburiyatdir.

Demak, bugun jamiyatimiz uchun zarur bo'lgan turli soha mutaxassislarini tayyorlash barchamizning zimmamizdagi farzi kifoyadir. Buning uchun farzandlarimizni yoshligi­dan o'zi qiziqqan sohaga yo'nalti­rib, Vatanga, xalqqa, dinga xizmat qiladigan etuk mutaxassis bo'lishi uchun barcha sharoitlarni hozirla­shimiz lozim. Shundagina bu farz bizdan soqit bo'ladi.

Muhammad Quddus ABDULMANNON,

Ho'jaobod tumani

“Yetti chinor” jome

masjidi imom noibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Samarqanddagi anjuman samarasi: Vaqf sohasida muhim xalqaro kelishuvlar imzolandi

19.11.2026   9133   1 min.
Samarqanddagi anjuman samarasi: Vaqf sohasida muhim xalqaro kelishuvlar imzolandi

Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand yana xayrli tashabbuslar va samarali hamkorlik maydoniga aylandi. Shu yil 18 noyabr kuni buyuk muhaddis Imom Buxoriy majmuasida o‘tgan XIV «Global Waqf» xalqaro anjumani doirasida vaqf tizimini rivojlantirishga qaratilgan qator muhim uchrashuvlar va rasmiy kelishuvlar amalga oshirildi.

Muzokaralarning eng muhim natijasi sifatida «Vaqf» xayriya jamoat fondi, Malayziyaning Xalqaro Vaqf Faoliyati Kengashi (iWAQF) hamda Malayziya Xalqaro Islom Universiteti (IIUM) o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat vaqf sohasida ta’lim va ilmiy-amaliy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish, maxsus o‘quv modullarini yaratish va malakali kadrlar tayyorlashga keng yo‘l ochadi.

Shu bilan birga, Zayniddin domla Eshonqulov Birlashgan Arab Amirliklarining Islom ishlari, vaqflar va zakot bo‘yicha Bosh vakolatli organi delegatsiyasi hamda Turkiya Diyonat vaqfi vakili Salmon Oqtosh bilan ikki tomonlama muloqotlar o‘tkazdi. Samimiy uchrashuvlarda vaqf mulklarini zamonaviy usullarda samarali boshqarish, xayriya faoliyatini takomillashtirish va kelgusidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan aniq fikr almashildi.

Xalqaro muloqotlar ahamiyatiga to‘xtalgan Malayziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Arhan Shoh Anvar ilgari Malayziya, Turkiya va Marokashda o‘tkazilgan ushbu konferensiya bu gal Samarqandda tashkil etilganidan mamnunligini bildirdi. U Prezident farmoni bilan yurtimizda islom moliyasi joriy etilayotgan davrda mazkur anjuman ikki hafta avval o‘tgan Samarqand islom moliyasi konferensiyasining mantiqiy davomi ekanini, xorijiy tajriba almashinuvi esa ummat ravnaqi va O‘zbekiston manfaatlariga xizmat qilishini e’tirof etdi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar esdalik sovg‘alari almashib, xorijiy delegatsiyalar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildilar hamda buyuk muhaddisning ilmiy-ma’naviy merosi va majmuadagi bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari