Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh sobir (sabrli)larni O‘z lutfi karami bilan mukofotlab, xos bandalaridan ayladi. Yaratgan marhamat qildi:
“Hech shak-shubha yo‘qki, sabr-toqat qiluvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz to‘la-to‘kis qilib berilur” (Zumar surasi, 10-oyat).
Alloh Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamga amr etdi:
“Bas, go‘zal sabr ayla!” (Maorij surasi, 5-oyat).
Boshiga balo, musibat tushgan odam odamlar orasida ichki iztirobini bildirmay, o‘zini odatiy tarzda tutsa, u go‘zal sabr etuvchilardandir.
Alloh mo‘minlarga o‘z nafslari bilan kurashishda, shuningdek, odamlar bilan o‘zaro munosabatda sabr ko‘rsatishlarini buyurdi:
“Ey mo‘minlar, sabr qilingiz va sabr-toqat qilishda (kofirlardan) ustun bo‘lingiz hamda doimo (kurash – jihod uchun belingiz bog‘liq holda) hozir turingiz! Va Allohdan qo‘rqingizkim (shunda) shoyad najot topgaysizlar!” (Oli Imron surasi, 200-oyat).
Alloh qo‘llab-quvvatlamasa banda sabr etolmasligini ham Allohning O‘zi uqtiradi:
“Sabr ko‘rsat, bu esa faqat Allohning yordami bilangina mumkin bo‘lur!” (Nahl surasi, 127-oyat).
Sabr fazilatini hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tushuntirganlar:
“Sabr – dinning yarmi, haqiqiy ilm va komil ishonch esa dinning hammasidir (to‘liq dindir)” (Alqamadan rivoyat qilingan, Bazzor rivoyati).
U zot sollallohu alayhi vasallam, shuningdek, yana aytganlarki: “Musibatda sabr etib, Alloh lutfidan umid qilib rizolik ko‘rsatish, qullar ozod etishdan ham afzalroqdir” (Imom Suyutiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Musulmonning sabri va duosi naqadar go‘zal qurolidir!” (Ibn Abbos rivoyat qilgan).
Allohning Elchisi sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ibodatlarning qadrlisi – qiyinchilikdan so‘ng mo‘llik, yengillik kelishiga umid qilish va ishonishdir” (Tabaroniy).
Sahobiy hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu marhamat etadilar: “Iymon uchun sabr tan uchun bosh kabidir”.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.