Tarbiyaga oid nazariya va uslublar tatbiq etadigan, amalda qo'llaydigan odamga muhtoj. Busiz nazariyalar varaqdagi siyohligicha qolib ketadi.
Shuning uchun ham ilohiy manhaj bashariyatni isloh etishda, hidoyatga chorlashda shariat ta'limotlarini amaliy dastur sifatida ko'rsatib beruvchi namunaga suyangan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aynan o'sha namuna edilar. Islomiy manhajni, shariat huklarini voqe'likka chiqarar, hayotda bajarib ko'rsatib berar edilar. Alloh taolo marhamat qilib aytadiki: “Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo'lganlar uchun va Allohni ko'p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go'zal o'rnak bor edi”(Ahzob surasi, 21-oyat).
Bu ishga salafi solihlarimiz beparvo qarashmagan, alohida e'tibor berishgan. Tarbiyachilarni bunga targ'ib etishgan. Masalan, Umar ibn Utba rahimahullohni olaylik, u zot o'g'lining murabbiysiga shunday deb uqtirardi: “Bolalarimni isloh qilishda birinchi qiladigan ishing – o'zingni isloh qilish bo'lsin. Chunki ularning ko'zi senga bog'langan, diqqat e'tibori senga qaratilgan bo'ladi. Sen qilgan har qanday ish ularga to'g'ri va yaxshi ish bo'lib ko'rinadi. Sen tark etgan ish ular uchun yomon ish sifatida ko'rinadi”.
Hasan Basriy rahimahulloh aytadi: “Inson ilm talabida bo'larkan, bu uning xushu'sida, yurgan yo'lida, tilida, ko'zida va qo'lida namoyon bo'lishiga urinishi lozim”.
Bolalar ota-onalariga sinchkovlik bilan qaraydilar, ularning tutgan ishidan o'ylab o'tirmay ta'sirlanadilar. Gohida ota yoki ona parvo ham qilmagan ish farzand uchun katta ish bo'lib ko'rinishi mumkin!
Namuna bo'lgan mo'min din dushmanlari uchun har qanday quroldan-da kattaroq xavf tug'diradi. Shuning uchun ham odamlar Alloh yo'lida sarflagani tillolarni so'rashganda, Umar ibn Hattob roziyallohu anhu: “Men esa Abu Ubayda ibnul Jarroh, Muoz ibn Jabal, Abu Huzayfaning mavlosi Solimdek haqiqiy erkaklarga bosh bo'lib, Allohning so'zini oliy qilish yo'lida ulardan yordam olgan bo'lar edim”.
Sufyon ibn Uyayna aytadi: “Kunim tentakning kunidek o'tsa, tunim bilimsiz odamning tunidek o'tsa, yozgan ilmimni nima qilaman, uning menga nima foydasi bo'ladi?!”.
Hasan Basriy rahimahulloh bunday der ekan: “Olimlarning ilmini, hakimlarning g'aroyib hikmatlarini yig'ib, o'zi esa amalga kelganda tentaklarning yo'lidan yuradigan odamlardan bo'lma!”.
Yaxshilik borasida namunalar bor bo'lganidek, zalolatda namuna bo'ladiganlar ham topiladi. Odamlar unga eng oliy namunadek qaraydilar. U xato yo'lga yursa, u bilan birga xato yo'lga yuradilar. Bundan keyin u xatosini tushunib to'g'ri yo'lga qaytsa ham, ular qaytmaydilar!
Molik ibn Diynor rohimahulloh aytadi: “Olim agar ilmiga amal qilmasa, mav'izasi qalblarga tushmaydi, qalblarda joylashmaydi, xuddi yomg'ir silliq toshning ustiga joylashmay, sidirilib tushib ketganidek”.
O'zingizni shunday bir namunadek tutingki, farzandlaringiz siz bilan faxrlanishsin va siz ham Allohning huzurida u birla faxrlana oling!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Iordaniya safari mobaynida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Iordaniya bosh muftiysi Ahmad Ibrohim Hasanot janoblari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqotda ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari samarasi o‘laroq, barcha sohalardagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani, xususan, malaka oshirish, o‘zaro tajriba almashish, diniy ta’lim hamda fatvo ishlab chiqish yo‘nalishlarida salmoqli natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi hamda Iordaniya Fatvo uyi o‘rtasida qo‘shma ilmiy hay’at tashkil etilgani, mazkur hay’at zamonaviy dolzarb masalalar yuzasidan fatvolar ishlab chiqish va ilmiy tahlillar o‘tkazish borasida salmoqli natijalarga erishayotgani e’tirof etildi.
Ahmad Hasanot O‘zbekiston buyuk alloma va mutafakkirlari bilan butun dunyoga mashhur ekani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘iloniy va Qaffol Shoshiy kabi buyuk allomalar merosi bilan nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun dunyo musulmonlari faxrlanishini e’tirof etdi.
Iordaniya Bosh muftiysi shu kunlarda Ammon shahridagi nufuzli tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda podshohlikning milliy kutubxonalari hamda yetakchi universitetlarida «Yangi O‘zbekiston kitob burchaklari» tashkil etilganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Ushbu ma’rifat maskanlarida Davlatimiz Rahbarining arab tiliga tarjima qilingan asarlari hamda yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlangan kitob-albomlar taqdimotlari o‘tkazilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy rishtalarni yanada mustahkamlashiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, Iordaniya jamoatchiligi vakillari, ziyolilar, ilm-fan namoyandalari, ulamolar hamda din va davlat arboblari ishtirokida «Yangi O‘zbekiston fenomeni»ning 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman-taqdimot dolzarb ahamiyatga ega ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Davlatimiz Rahbarining arab tiliga tarjima qilingan «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston», «Vatan va xalq haqida o‘ylar», «Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik» kabi asarlari hamda Yangi O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy islohotlarga bag‘ishlangan kitob-albomlar Iordaniya fatvolar markaziga taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati