Shayx Abu Mansur Moturidiy rahimahullohdan rivoyat qilinadi: «Har bir musulmon kishi o'z farzandiga Allohga iymon keltirmoqni ta'lim bermog'i vojib bo'lgani kabi ularni saxiylik va ochiqqo'llikka odatlantirmog'i ham lozim. Zero, dinda baxillikdan ko'ra buyukroq ofat yo'q. Baxillik fe'lida Alloh taologa nisbatan badgumonlikdan boshqa narsa bo'lmagani-da edi, shuning o'zi ham halokatga etarli bo'lardi. Saxovatda esa, Alloh taologa nisbatan husnuzzon, ya'ni yaxshi gumonlik bo'lib, u tamomiy sharafdir. Chunki saxovat bilan iymonning quvvati ziyoda bo'ladi. Iymon esa, dinning aslidir. Shuningdek, saxovat ila xaloyiqning qalbida muhabbati ortadi. Saxovat tufayli butun olamlarning tilida maqtalishga sazovor bo'ladi. Oqil zotlarning asosiy matlabi ham shudir.
Zero, Halilulloh Ibrohim alayhissalom ham Alloh taolodan Hotamul anbiyo Muhammad alayhissalomning ummatlari tilida maqtalishlarini so'ragan edilar:
“Yana men uchun (mening haqimda) keyingilar o'rtasida yaxshi gaplar paydo etgin!” (Shuaro surasi, 84-oyat).
Mufassirlar “yaxshi gaplar”dan murod maqtovlar deb tafsir qilganlar. Darhaqiqat, har namozdagi salavotda u zotga maqtov aytish joriy bo'lishi ham shundan: “Allohumma solli ala Muhammadin kama sollayta ala Ibrohiyma...” deb namozning oxirida salavot aytiladi. Mana shu ham saxovatning samarasi va sadaqaning go'zal jihatidandir».
Muhammad ibn Abdurrahmon Buxoriyning
“Mahosinul islom va sharo'iul islom”
kitobidan.
Ummat birligi yo‘lida:
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.
Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.
Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.
Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.
Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari