O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari ikki mamlakat o'rtasidagi turli sohalardagi aloqalar rivojlanib borayotganini alohida ta'kidladilar. Hususan, Saudiya Arabistoni hojilarning ulug' ibodatni oson va qulay suratda bajarishiga ko'maklashish borasidagi xizmatlarni takomillashtirishga katta ahamiyat qarayotganini e'tirof etdi.
Muftiy hazratlari haj ziyoratchilariga ibodatlarini bajarish uchun ko'rsatilayotgan xizmatlar xilma-xilligiga e'tibor qaratib, ularning Makka va Madinaga safarlarini ko'plab dastur va tashabbuslar bilan boyitilgani haqida bunday dedi: "Allohning mehmonlariga ko'rsatiladigan xizmatlar natijasida taraqqiyot, farovonlik va rivojlanishga erishilmoqda".
Shayx hazratlari hojilar va ular uchun mas'ul bo'lganlarga har yili barcha hududlarda ko'plab xizmat, imkoniyat, loyiha va qulayliklarni ko'rib, xursand bo'layotganini qo'shimcha qildilar.
Diniy idora raisi o'ziga hamrohlik qilgan delegatsiya bilan o'zbekistonlik hojilarning Mino va Arafotdagi manzilgohlariga amalga oshirgan tashriflaridagi suhbatida Saudiya Arabistoni Podshohligi rahbariyati va mutasaddilarga hojilarning osoyishtaligini ta'minlash, ularga toat-ibodatlarini iymon va ixlos bilan mukammal bajarishlarida ko'rsatayotgan xizmatlari uchun tashakkur va minnatdorchiligini izhor etdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari, Toshkent islom universiteti rektori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiq barcha delegatsiyasi a'zolari ibodatlarini tinch va xotirjam ado etish uchun hojilarga qulaylik yaratish maqsadida yuqori darajadagi tayyorgarlik va barcha yordam ko'rsatish vositalaridan mamnun bo'lganini ta'kidladi.
Makkai mukarrama va muqaddas qadamjolarda xizmat ko'rsatish va infratuzilmaning barqaror rivojlanayotganini nazarda tutib: “Bu yil bilan o'tgan yil orasida turarjoy, yashash, transport va yo'llar bo'yicha katta farqni sezdik. Shuningdek, hojilarimiz uchun so'ragandan ham ko'p xizmatlarni ko'rdik. Buning uchun Saudiya hukumatiga Allohning mehmonlari va islom ummatiga ko'rsatayotgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildiramiz”, deya qo'shimcha qildi”.
Bu yil O'zbekistondan haj ibodatini ado etuvchilar soni 15 ming nafarga etgani, O'zbekistondan hojilar kelish adadi yil sayin muttasil ortib borayotgani va kelgusida ularning adadi ko'payishini ma'lum qildi.
Professor Muhammadolim Muhammadsiddiq ikki davlat o'rtasidagi rivojlangan aloqalarga to'xtalib, mamlakati saudiyaliklarga Buxoro, Samarqand, Hiva va Toshkent singari tarixiy shaharlardagi sayyohlik hududlarini ziyorat qilishi uchun 90 kun muddatga vizasiz ruxsat berayotgani va o'z navbatida O'zbekistondan kelgan haj va umra ziyoratchilarining Saudiya Arabistoniga kirish vizasi juda oson kechayotganini ta'kidladi.
“Ash-Sharq al-Avsat” gazetasi asosida
Ilyosxon domla Ahmedov tayyorladi
O‘zbekistondagi 2025 yilgi Haj mavsumi shu yil 13 maydan boshlanadi. 28 mayga qadar har kuni yurtimizdan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Ziyoratchilar yurtimizning 9 ta hududidagi Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlaridagi aeroportlar orqali Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchadi.
Aviaparvozlar Uzbekistan Airways bilan birga FlyNas va FlyAdeal aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari jadal davom etmoqda:
– Ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi;
– Emlash ishlari olib borildi;
– Guruh rahbarlari va shifokorlar biriktirildi;
– Safar oldidan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi;
– Hujjatlar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, har bir ziyoratchiga quyidagilar taqdim etilmoqda:
– "Haj – buyuk ibodatdir" qo‘llanmasi, sumka, nimcha, termos, soyabon, sim-karta va quvvatlagich.
Ayni paytda guruh rahbarlari ziyoratchilar bilan Haj amallari bo‘yicha suhbatlar olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida Haj amallari haqidagi suhbatlar, tavsiyalar va maqolalar taqdim etilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati