Cavol: Qurbonlik qilishga qo'y yoki boshqa hayvon sotib olmoqchi bo'lgan kishi hayvonning pulini so'ygandan keyin go'shtning kilosiga hisoblab bersa bo'ladimi? Qurbonlik uchun sotib olinadigan qo'y yoki molni narxini chiqarish uchun tirikligicha taroziga qo'yib, vazniga qarab narxini kelishib olish mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qurbonlik qilinadigan hayvon to'liq mulkka kirmasdan so'yilsa, qurbonlikka o'tmaydi. Chunki necha kilo chiqsa, shunga qarab pul beraman, deyish bilan hayvon qurbonlik qiluvchining mulkiga to'liq o'tmagan bo'ladi. Undan tashqari chiqqan go'shtining kilosiga qarab pul beraman, deyish faqat go'sht sotib olaman, deyish bo'ladi. Shunga ko'ra, qo'y so'yilganda haqiqiy egasining nomidan so'yilgan bo'ladi, sotib oluvchining nomidan emas.
Demak, avval (puli nasiya bo'ladimi, naqd bo'ladimi farqi yo'q) tirik hayvonni qiymatini tayin qilib, to'liq sotib olishi kerak, keyin qurbonlik qilinsa, durust bo'ladi. Qolaversa, bu shaklda so'yilayotgan qo'yning narxi noma'lum bo'lib turgan bo'ladi. Savdodagi shartlardan biri tovar va summaning aniq bo'lishidir. Agar ularning biri noaniq bo'lsa, savdo haqiqiy hisoblanmaydi.
“Mahsulot narxining noma'lum bo'lishi savdoning to'g'ri bo'lishini man qiladi”(“Badoye'us sanoye'” kitobi).
Tirik hayvonni tarozuga qo'yib, har kilosiga ma'lum mablag'ni berib tiriklay sotib olsa, uni qurbonlik qilish durust bo'ladi. Chunki hayvon qurbonlik qiluvchining mulkiga o'tib so'yilmoqda. Masalan, Qurbonlik qiluvchi qo'y sotuvchi bilan, qo'yni tirikligicha taroziga qo'yamiz, chiqqan kilosiga shunchadan beraman, deb qo'yni narxini chiqarishadi va shu narxga savdo bog'lanadi. Ya'ni narxni qulay belgilash uchun shunday uslubdan foydalanishadi. Aslida shariat qoidasi bo'yicha hayvonlar tarozida tortilmaydigan, balki qiymatiga qarab sotiladigan narsa (tovar) hisoblanadi. Lekin bu holatda joiz bo'lishi tarozida tortgandan keyin aniq bo'lgan summaga sotib olayotgani uchundir. Masalan, tirik vazni ellik kilo chiqsa va kilosiga ellik ming so'mdan berishga kelishsa, qo'yning bahosi ikki yarim million bo'ladi va qo'yni shu summaga sotib olgan bo'ladi. “Badoi'us sanoi'” kitobida bunday deyilgan:
“Narxning noma'lum bo'lishi savdoning to'g'ri bo'lishini man qiladi. Agar xaridor savdoning o'zida narxni bilsa va shu narxga rozi bo'lsa, savdo joiz bo'ladi. Chunki savdoning to'g'ri bo'lishidan to'sib turgan narsa bu savdo vaqtidagi narxning noma'lumligi edi. Savdo kelishuvi bo'layotgan vaqtda noma'lumlik yo'qolsa, narx xuddi savdo bitimida ma'lum bo'lgandek bo'lib qoladi”.
Qo'yning tirik holida taroziga qo'yilgandan keyin bahosining aniq bo'lishi narxdagi noaniqlikni yo'qotadi va savdo to'g'ri bo'lishini ta'minlaydi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.