Hindiston xalqaro markazida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag'ishlangan konferentsiya bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi va "Hindiston – Markaziy Osiyo" jamg'armasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda ikki mamlakat etakchi oliy bilim yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Javaharla'l Neru universiteti, Dehli universiteti, Jamiya Milliya Islamiya universiteti, Kashmir universiteti etakchi olimlari va boshqa qator tadqiqotchilar buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning ilmiy faoliyati va jahon ilm-fani rivojidagi o'rni xususida so'z yuritdi.
Qomusiy olimning ilm-fan sohasidagi faoliyati turli yo'nalishlarni qamrab olgani, insoniyat ilmiy tafakkurining rivojlanishiga katta ta'sir ko'rsatgani ta'kidlandi. Astronomiya, matematika, ma'danshunoslik, geografiya, tarix, dorishunoslik va boshqa ko'plab fanlarga oid yozgan asarlari ushbu yo'nalishlardagi ilmiy izlanishlarga asos solgani urg'ulandi. Bugungi kunda ham buyuk alloma boy ilmiy merosining ahamiyati yuqori bo'lib, uning bebaho asarlari xalqaro ko'lamda chuqur va izchil o'rganishda davom ettirilmoqda.
– Beruniy merosining Hindiston uchun alohida ahamiyati bor, - deydi Kashmir universiteti Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Tabassum Firdavs. – Uning «Hindiston» asari mamlakatimiz haqida bitilgan ilk mukammal asarlardan biri bo'lib, unda hindistonliklarning urf-odatlari, bayramlari, ilmu fani haqida o'ta qiziqarli va bebaho ma'lumotlar qoldirilgan. Bugungi kunda ham Hindiston tarixini o'rganish jarayonida ushbu asar o'zining noyob manba sifatidagi qadrini yo'qotgani yo'q.
– Abu Rayhon Beruniy asarlari ilm-fan ahli uchun hamisha betakror manba va yuksak cho'qqi bo'lib xizmat qiladi, - deydi Javaharla'l Neru universiteti Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi ilmiy xodimi Rashmini Koparkar. – Uning ilmiy izlanish uslublari, to'plagan ma'lumotlari, tahliliy natijalari ilm-tadqiqot olami vakillari uchun namuna bo'lib qolmoqda. Shu bois buyuk alloma merosiga qayta-qayta murojaat qilinadi.
Halqaro konferentsiya ishtirokchilari Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining tarixiy va zamonaviy ahamiyatiga oid mavzularda ma'ruzalar qildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti jamoasi Buxoro va Samarqand viloyatlariga uch kunlik ilmiy safarga chiqishdi.
Muftiy hazratlari xayrixohligi va institut rektori tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ilmiy safarning birinchi kunida Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Sayyid Mir Kulol, Bahouddin Naqshband, Abu Hafs Kabir hamda Chor Bakr kabi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar ziyorat qilindi. Ulamolar hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mir Arab madrasasida ham talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.
An’anaga muvofiq, Muhammadrasul Abdullayev, Faxriddin Mamanosirov, Jahongir Ne’matov, Jahongir Ro‘ziyev va boshqa o‘qituvchilar ishtirokida talabalar Masjidi Kalonda Imom Buxoriyning buxorolik ustozlaridan rivoyat qilgan hadislarni o‘qishdi.
Imom Buxoriy mana shu masjidda minglab talabalarga "Sahihi Buxoriy"dan dars bergani tarixdan ma’lum. Aynan shu yerda tahsil olish bugungi talabalar uchun ilm barakasidan nasibador bo‘lishga umidvorlik bor.
Toshkent islom instituti jamoasining safari Samarqandda davom etdi. Ustoz va talabalar Hadis ilmi maktabida ham bo‘lishib, “Sahihul Buxoriy” kitobidan oxirgi hadislarni o‘qishdi. Shundan so‘ng 70 dan ortiq bitiruvchi kurs talabalariga “Sahihul Buxoriy” bo‘yicha ijoza shahodatnomalari topshirildi.
Qur’on xatmlari nihoyalanib, xalqimiz farovonligi va yurtimiz osoyishtaligini tilab duolar qilindi.
Ma’lumot uchun, Toshkent islom institutida diniy ta’limning “xatmi kutub” uslubi bo‘yicha hadis, fiqh, aqida, tafsir, faroiz, tasavvuf kabi fanlarga oid mo‘tabar kitoblar dars jarayonlari va to‘garaklarda to‘liq o‘qib tugatiladi. “Sahihul Buxoriy” kitobi 2 yil mobaynida “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi o‘qituvchilari ustozligida o‘qib xatm qilindi. “Sahihul Buxoriy” bo‘yicha ijoza shahodatnomalari har yili Buxoro va Samarqanddagi ilmiy safar yakunida topshiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati