Saudiya Arabistoni Podshohligi statistika bosh boshqarmasi haj amallarini bajarish uchun kelgan ziyoratchilar sonini e'lon qildi. Unga ko'ra:
– Bu yil 1 million 833 ming 164 nafar kishi haj amalini ado etgan. Shundan ichki ziyoratchilar soni 221 ming 854 nafar.
– Hojilarning 958 137 nafari erkak, 875 027 nafari esa ayollardir.
– Ziyoratchilarning 22,3 foizi arab, 63,3 foizi esa Osiyo, 11,3 Afrika davlatlaridan, Yevropa Amerika, Avstraliya va boshqa mamlakatlardan kelgan ziyoratchilar soni esa 3,2 foizni tashkil etgan.
– Ziyoratchilarning asosiy qismi havo yo'llari orqali kelgan.
– Bu yil yurtimizdan 15 ming 130 nafar fuqaro haj ibodatiga muyassar bo'ldi.
– Eslatib o'tamiz: 22 iyundan 12 iyulga qadar hojilarimizni Jidda shahridan O'zbekistonga olib kelish ishlari amalga oshiriladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #tashabbus
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus amalga ko‘chib, yurtimiz bo‘ylab qizg‘in pallaga kirmoqda. Jumladan, hojilar kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbir va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish, mehr-oqibat kabi xayrli ishlarini amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda.
11 iyul, muborak juma kunida Andijon, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahri hojilari, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib borishdi. Tashabbus doirasida joylardagi yuzga yaqin ijtimoiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj xonadon xolidan xabar olinib, ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Ajrim yoqasida turgan oilalar saqlab qolinib, ularga oila mustahkamligi bo‘yicha tushunchalar berildi, yoshlarga pandu nasihatlar qilindi.
Hojilar ishtirokida o‘tkazilayotgan bunday ezgu tadbirlar tufayli moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj oilalar vakillari, bemor fuqarolar o‘zlarining yolg‘iz emasliklarini, davlatimiz, xalqimiz har doim ular bilan yelkadosh ekanini teran his etishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati