Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2025   |   8 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:05
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2025, 8 Rajab, 1447

Hayo – ziynatdir

02.08.2020   2917   8 min.
Hayo – ziynatdir

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) dedilar:

الإِيمانُ بِضْعٌ وستُّونَ شُعْبَةً والحَياءُ شعْبةٌ مِنَ الإِيمَانِ

“Imon oltmishdan ortiq bo‘lakdan iborat. Hayo imonning bir sho‘basidir” (Imom Buxori rivoyati). Boshqa rivoyatda “Imon oltmishdan ortiq yoki yetmishdan ortiq bo‘lakdan iborat”, deyilgan.

“Imon oltmishdan ortiq bo‘lakdan iborat”. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) komil imonni sifatlab, uni shoxlari va hosili ko‘p daraxtga o‘xshatdilar. Chunki daraxtning qadr-qimmati shoxlari va mevasi bilandir. Imonning eng oliy darajasi “La ilaha illalloh”, eng quyi pog‘onasi yo‘ldan ozor beruvchi narsani olib tashlashdir. Imonning asosi tasdiq va iqror bo‘lganidek, daraxtning negizi tanadir. Shox-butoqlari yo‘q daraxt meva ham, soya ham bermaydi. Imon birgina tasdiq va iqrordan iborat bo‘lsa, xuddi daraxtning tanasiga o‘xshaydi. Unday daraxtda na soya, na hosil yo‘q. Masalan, imon sho‘balaridan – namoz, ro‘za, zakot, xaj kabi ulug‘ ibodatlarni daraxtning katta shoxlariga o‘xshatsak, u yirik shabbalardan mayda-mayda novdalar o‘sib, meva beradi va o‘sha katta shoxlar qiymatini oshiradi. Bu, biror ibodatni mukammal ado etish uchun, uning farzlari, vojiblari, sunnatlari va hatto mustahablarini ham o‘z o‘rnida bajarish kerak, deganidir. Mabodo mazkur amallardan birortasi qoldirilsa, ibodat nuqson bilan tugaydi va hokazo.

Ulamolarimiz hadisdagi “biz’un” so‘zi uchdan to‘qqizgacha bo‘lgan adadlarni qamraydi, deyishgan. Shunga ko‘ra, “oltmishdan ortiq” jumlasidan oltmish uchdan oltmish to‘qqizgacha bo‘lgan adadlar tushuniladi. Demak, ana shulardan biri hayodir.

“Hayo imonning bir sho‘basidir”. Hadisi sharifda imonning sho‘balaridan aynan hayo zikr qilindi. Zero, u barcha fazilatlar boshi va imonning qolgan bo‘laklariga undovchi sifatdir. Uning ahamiyati beqiyos. Sharm bandani dunyo sharmandachiligi va oxirat azobidan ogoh etib, ma’siyatlardan to‘sadi. Ulamolar hayoni ta’riflab bunday deyishgan: “Hayo shunday xulqki, u go‘zal amallarni qilishga va yomonliklarni tark etishga undaydi”. Shu bois, dinni o‘rganish, haqni gapirishda hayo qilinmaydi.

Hayo ikki xildir: tug‘ma va kasb qilinadigan. Hadisi sharifda aynan kasb qilinadigan hayo nazarda tutilgan. Chunki tug‘ma hayo inson tabiatida bor. Qachon kishi kasb qilingan sharmni o‘ziga singdirolsa, u bora-bora tabiiy hayoga aylanadi.
Bu borada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga o‘rnakdirlar. U zoti bobarakotda hayoning ikki turi ham mujassam edi. Tug‘ma hayoda chimildiqdagi qizdan ham sharmliroq, kasb qilinadiganida esa, eng yuqori maqomda edilar. Buyuk sahobalardan hazrat Usmon (roziyallohu anhu) ham juda hayoli bo‘lganlar. Hatto u zotdan farishtalar ham uyalgan.

Hayo barcha yaxshiliklar boshidir, u eng go‘zal ziynatdir, imon alomatlaridandir, Allohning sifatlaridan hamda U Zot suygan xulqdir. Shu yuksak fazilatning ketishiga ma’siyatlar sabab bo‘ladi. Sharmning yo‘qolishi barcha yaxshiliklarning ketishi, demakdir. Alloh asrasin, hayosizlik sharmandalikdir. Zero, Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):

ما كان الحياء في شيء إلا زانه ولا كان الفحش في شيء إلا شانه

“Hayo nimada bo‘lsa, albatta uni ziynatlaydi. Hayosizlik nimada topilsa, albatta uni sharmanda qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Imom Navaviy (rahimahulloh) “Sharhi Arba’in”da hayoning imon bilan bog‘liqligini bunday tushuntirganlar: “Haqiqiy hayo shuki, banda birinchi bo‘lib Allohdan chinakam uyalishi lozim. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga:

اسْتَحْيُوا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ قَالُوا : إِنَّا لَنَسْتَحْيِي مِنَ اللَّهِ يَا رَسُولَ اللَّهِ وَالْحَمْدُ لِلَّهِ ، قَالَ : لَيْسَ ذَاكَ ، وَلَكِنْ مَنِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ فَلْيَحْفَظِ الرَّأْسَ وَمَا وَعَى ، وَلْيَحْفَظِ الْبَطْنَ وَمَا حَوَى ، وَلْيَذْكُرِ الْمَوْتَ وَالْبَلاءَ ، وَمَنْ أَرَادَ الآخِرَةَ تَرَكَ زِينَةَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا ، فَمَنْ فَعَلَ ذَلِكَ فَقَدِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ

“Allohdan chinakam hayo qilinglar”, dedilar.  Ular: “Yo Rasululloh, biz hayo qilamiz, alhamdu lilloh”, deyishdi. Shunda u zot: “Yo‘q, u (namoz o‘qish, ro‘za tutish kabi amallaringiz) haqiqiy uyalish emas. Haqiqiy sharm bosh va undagi (miya, ko‘z, qo‘loq, burun, og‘iz, til kabi) barcha a’zoni (Alloh qaytargan narsalardan) saqlash, qorin va undagi (ozuqa, farj singari) barcha a’zoni (haromdan) tiyish hamda o‘limni va undan keyingi chirish (azob-uqubat)ni eslashdir. Kimki bularga amal qilsa, Allohdan haqiqiy hayo qilibdi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Ko‘zini nomahramlarga qarashdan, qulog‘ini harom gap-so‘zlarni eshitishdan, tilini g‘iybat, yolg‘on, bo‘hton kabi gunohlardan va man qilingan narsalarni iste’mol qilishdan hamda boshqa a’zolarini haromdan tiygan, o‘limni eslab, undan keyingi mashaqqatlarni unutmagan kishigina, gunohga qo‘l urmaydi va har bir amalini oxirati uchun qiladi. Hatto tafakkurini ham dunyo va oxiratga manfaatli amallarga sarflaydi. Zero, Allohdan chinakam hayo qilmagan odam boshqalardan aslo uyalmaydi. Boshqa hadisi sharifda ta’kidlanishicha, Allohdan chinakam hayo qilish, obro‘li odamlardan uyalgandan ko‘ra kuchliroq bo‘lishi kerak.

Ulamolar ta’kidlashicha, haqiqiy hayo ehsonga o‘xshaydi. Ehson nima o‘zi? Sahobalar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan bu borada so‘rashganida, u zot:

الإِحْسَانُ أَنْ تَعْبُدَ اللَّهَ كَأَنَّكَ تَرَاهُ ، فَإِنْ لَمْ تَكُنْ تَرَاهُ فَإِنَّهُ يَرَاكَ

“Ehson – Alloh taoloni ko‘rib turganingdek ibodat qilishingdir. Agar U Zotni ko‘rolmasang, U Zot seni ko‘rib turibdi (degan e’tiqodda bo‘lishingdir)”, dedilar. Bu oliy darajaga erishish uchun haqiqiy hayoni o‘zimizda shakllantirishimiz va butun vujudimiz bilan Allohga yuzlanishimiz kerak. Afsuski, ko‘pchiligimiz bundan mahrummiz, g‘aflatdamiz. Imon sho‘basining asoslariga imkon qadar e’tibor beramizu, uning mevalari hisoblanmish hayoga beparvomiz.

Haqiqiy hayoga farz, vojib, sunnat ibodatlarni imqon qadar mukammal bajarish va toqatga yarasha nafl ibodatlar, sunnat hamda nafl ro‘zalar tutish orqali erishiladi. Bu fazilatga yetishmoqchi kishi o‘zini tarbiyalab, hoyu-havasga uchmasdan hayotning mashaqqatlariga sabr qilsagina maqsadga erishadi, inshaalloh. Zero, endigina namoz o‘qiyotgan kishi bilan yillar davomida ibodat qilayotgan odam orasida Yer bilan osmoncha farq bor. E’tibor bersak, birinchi o‘qigan namozimiz bilan hozirgi qilayotgan ibodatlarimizni taqqoslasak, o‘rtada tafovut juda katta. Beixtiyor xayolimizdan: “O‘sha damlar namoz o‘qidim, ro‘za tutdim, deb yurgan ekanman-da”, degan o‘y o‘tadi. Bu degani, Allohga shukrki, haqiqiy hayo sari intilayotganimizdan darakdir.

Xullas, hayo deganda, “uyalish, tortinish” deb tushunmaslik kerak. Shuningdek, faqat avratlarni yopib yurish ham emas, balki shu bilan birga har bir holatda kamida Alloh taoloning ko‘rib turganini his qilib yashash, gunohlardan uzoqda bo‘lish bilan namoyon bo‘ladi. Shu ruhda tarbiyalangan inson birovga, garchi u bilmasa-da, ko‘rmasa-da, xiyonat etmaydi, obro‘sini to‘kmaydi, zulm qilmaydi, haqini toptamaydi. Ichi bilan tashi bir bo‘ladi. Birov bor payda boshqacha, yo‘g‘ida esa boshqacha muomala qilmaydi va hokazo.

Or-nomusli kishi jamoat joylarida ham, yolg‘iz qolganda ham o‘zini bir xil tutadi, o‘zgarmaydi. Odamlar ko‘z o‘ngida qilmagan gunohni Parvardigoridan qo‘rqqani uchun tanholigida ham sodir etmaydi. Shunday sifatga ega odamda salobat paydo bo‘ladi. Viqorli insonni ko‘rgan odam o‘z-o‘zidan uyaladi. Hatto, gunoh qilishga mukkasidan ketgan kishi ham uning oldida ma’siyatdan to‘xtaydi. Hayosizlarda esa, bu fazilat yo‘q. Hatto yoshi ulug‘ bo‘lsa ham, oldida yoshi kichiklar tap tortmasdan fahsh so‘zlarni gapirishadi, odobsizlik qilishadi. Aksincha, yoshi katta sharm-hayosiz kishilar imon-e’tiqodli, uyatchan odam yoniga kelganda, garchi o‘zidan kichik bo‘lsa-da, uning oldida odob saqlaydi.

Shunday ekan, hayoga e’tiborsiz bo‘lmaylik va undan g‘aflatda ham qolmaylik. Shunda ikki dunyo saodatiga erishamiz, inshoalloh. Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilsin, va haqiqiy hayo bilan ziynatlasin, hech qachon ulardan ayirmasin. Omin!

 

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+)

18.12.2025   9405   2 min.
Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+)

Shu yil 17 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi  «Xo‘jakent» jome masjidida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi. 
 

Sayyor uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, O‘MI Moliyaviy nazorat va tahlil bo‘limi boshlig‘i Islomiddin domla Zuhriddinov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar domla Kamolov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Musoxon domla Boboyev, viloyatning tumanlar/shaharlari bosh imom-xatiblari, shuningdek, Bo‘stonliq tumanidagi masjidlar imom-xatiblari, noiblar, “Haj – 2025” ziyoratchilari va mahalla faollari ishtirok etdi.
 

Yig‘ilishda dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda Zayniddin domla Eshonqulov mazkur kitobning bugungi hayotimiz bilan naqadar uyg‘un ekani, dinimizda ham inson va uning qadr-qimmati ulug‘lanishi, har bir diniy soha xodimining bugungi kundagi faoliyati uchun dasturamal bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kitob viloyatdagi barcha masjidlarga tarqatildi. 
 

Tadbir davomida viloyat bosh imom-xatiblari va tuman-shahar bosh imom-xatiblari uchun namunaviy maxsus kiyim namunasi taqdimot qilindi. Unda chakmon, duxoba va milliy do‘ppilar namoyish qilindi. 
Shuningdek, Toshkent viloyati, xususan, Bo‘stonliq tumanida 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Unda viloyatdagi imom-xatiblar faoliyatidagi yutuqlar e’tirof etilib, ba’zi kamchiliklar bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.  


Sayyor yig‘ilish ishtirokchilari Bo‘stonliq tumanining  24 ta masjidi hamda 24 ta mahallasiga biriktirildi.


Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 110 ta oilaga, otinoyilar 4 toifaga mansub 23 ta oilaga, umumiy hisobda 133 ta oilaga kirilib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib borildi. 


3 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lgan fuqaro bilan suhbatlashildi, uning tushunchalari to‘g‘rilandi.


Notinch oilalar o‘rganilib, ular yarashtirildi.


Shuningdek, 10 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘ygan kishilar bilan suhbatlar o‘tkazildi.


Ma’naviy ko‘makka muhtoj 12 ta oila ila muloqot qilindi.


Muxtasar aytganda, birgina shu tadbir doirasida barcha jihat qamrab olindi.


Toshkent viloyatidagi navbatdagi sayyor yig‘ilish Yuqori Chirchiq tumanida o‘tkazilishi rejalashtirildi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+) Bo‘stonliqda navbatdagi ma’rifiy sayyor yig‘ilish (foto+)
O'zbekiston yangiliklari