Dubayning Islom va xayriya ishlari departamenti 75 nafargacha namozxonni sig'dira oladigan suv osti masjidi qurishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi.
“IQNA” saytining “Gulf Times” nashriga tayanib xabar berishicha, Dubay rasmiylari suv ostida suzuvchi masjid qurish rejasini e'lon qilishdi, buning uchun 55 million dirham sarf etilishi kutilmoqda.
E'lon qilingan tasvirlarga ko'ra, masjid inshootining yarmi suv ustidagi turar-joy va kafeni o'z ichiga oladi, qolgan yarmi, jumladan, namozxona ham suv ostida bo'ladi.
Dunyoda o'ziga xos arxitekturaga ega bo'lgan birinchi bunday inshoot uch qavatli bo'lib, namoz o'qiladigan joy sifatida suv osti namozxonasidan foydalaniladi.
Ushbu masjid 50 dan 75 gacha namozxonlarni sig'diradi, ular suv ostida namoz o'qishning noyob tajribasiga ega bo'ladi. Suv osti inshootida tahoratxona ham bo'ladi.
Mazkur masjid qurilishi rejasi Dubayning Islomiy va xayriya faoliyati boshqarmasi diniy turizm loyihasi bo'yicha yig'ilish o'tkazganida e'lon qilindi. Bu tashkilot a'zosi Ahmad al-Mansuriy BAAda ushbu masjid qurilishi yaqin vaqt ichida boshlanishini aytdi. Masjidning aniq joylashish o'rni hali aniqlanmagan.
Al-Mansuriy: “Bu masjid qirg'oqqa juda yaqin bo'ladi. Mo'minlar bu masjidga erga ulangan ko'prik orqali kirishlari mumkin”, – dedi.
Uning so'zlariga ko'ra, masjid barcha din vakillari uchun ochiq bo'ladi, biroq cuzib yuruvchi masjidga tashrif buyuruvchilar oddiy kiyim kiyishlari, islomiy an'ana va urf-odatlarga rioya qilishlari kerak.



O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #haj2026 #ellikboshi #vazifa
Joriy yilning 13 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2026” mavsumida hojilar ibodatiga boshchilik qiluvchi guruh rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishini so‘zlab, har bir ellikboshi Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilishda joriy mavsumni namunali o‘tkazish uchun amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, 300 nafardan ziyod ellikboshi saralab olingani, o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilgani, ziyoratchilar bilan uchrashuvlarda e’tibor qilinishi zarur bo‘lgan masalalarga urg‘u qaratildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z so‘zlari davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, ahkomlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish hamda zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga javob berish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, haj amaliga oid shar’iy masalalarda faqat Fatvo markazi fatvolariga rioya etish, haj safariga doir qonunchilik va me’yoriy hujjatlarni puxta bilish, o‘zaro yordam muhitini shakllantirish, zikru ibodatlarni ko‘paytirib, safarni mazmunli o‘tkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati