Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

Mehmon – atoi Xudo

24.06.2020   3737   5 min.
Mehmon – atoi Xudo

Alloh taolo go‘zal axloqlarni takomilga yetkazish uchun Muhammad alayhissalomni payg‘ambar qilib yubordi. Bu haqda Nabiy sollallohu alayhi va salam: Men go‘zal xulqlarni takomiliga yetkazish uchun yuborildim”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda esa: “Yaxshi xulqlarni tamomiga yetkazish uchun yuborildim”, deyilgan.

Imom Bayzoviy aytadi: “Arablarda Ibrohim alayhissalomdan qolgan chiroyli xulqlar bor edi. Ular kufr sababli bularning ko‘pidan mosuvo bo‘lishdi. Shu bois Alloh taolo go‘zal xulqlarni takomilga yetkazish uchun payg‘ambarini yubordi” (“Mirqotul mafotih”).

Ana shunday maqtalgan go‘zal xulqlardan biri mehmonni hurmat qilishdir.

Mehmonga izzat-ikrom ko‘rsatish haqida bir qancha hadislar vorid bo‘lgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning mehmonni hurmat qilishlari barchaga namunadir. Hatto payg‘ambarliklaridan oldin ham ushbu fazilatga ega ekanliklarini yaxshi bilamiz.

Nabiy alayhissalom Hiro g‘orida Jabroil alayhissalomni ilk bor ko‘rib, qo‘rqib ketib, uylariga kelganlarida, Xadicha onamiz u zotni o‘rab qo‘yganlar. Payg‘ambarimiz bo‘lgan voqeani aytib: “Men qo‘rqayapman”, deganlarida, Xadicha onamiz: “Yo‘q, siz xursand bo‘ling. Allohga qasamki, Alloh sizni hech qachon uyaltirmaydi. Chunki siz qarindosh-urug‘chilikka rioya qiladigan, bechoralar yordamiga oshiqadigan, kambag‘alni himoya qiladigan, mehmondo‘st, mazlumning qo‘lidan tutadigan, musofirlarga ehson-ikrom ulashadigan, haq yo‘lida qiyinchiliklarga duchor bo‘lganlarga yordam beradigan insonsiz”, dedi.

Imom Qastaloniy: “Mehmondo‘stlik – bu mehmonlarga joy va taom hozirlash”, degan.

Mehmonni izzat-ikrom qilishning ahamiyati beqiyos. Chunonchi, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kimning Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa, qo‘shnisiga ozor bermasin. Kimning Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa, mehmonini izzat-ikrom qilsin. Kimning Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa, yaxshi so‘z so‘zlasin, yoki jim tursin”, deganlar.

Rasululloh alayhissalom mezbonda mehmonning haqqi borligini aytib, Ibn Umar roziyallohu anhuga: “Seni ziyorat qilgani kelgan (mehmon)ning senda haqqi bordir”, dedilar.

Boshqa bir hadisda: “Agar sizlar biror jamoatga mehmon bo‘lib tushsangiz, ular sizni mehmon bajarishi kerak bo‘lgan narsaga buyurishsa, uni qabul qiling. Agar hech narsa qilmasalar, ular qilishi kerak bo‘lgan mehmonning haqini ulardan oling”, deyilgan.

Mehmonni hurmat qilish insonga juda ko‘p yaxshilik va fazilatlar keltiradi. Kishi bu bilan dunyoda ulug‘ saodatga erishadi. Shuningdek, bu ishni Allohdan savob umidida qilsa, oxirat saodatini qo‘lga kiritadi.

Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Xadicha onamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni xotirjam qilganlari, Allohga qasam ichib, u zotni Alloh hech qachon uyaltirmasligini, buning sababi esa u zot go‘zal xulqlardan sanalmish mehmondo‘stlik qilib kelishlari aytiladi.

Mehmonnavozlik kishini jannat sari yetaklaydi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ey odamlar, salomni keng yoyinglar, taom ulashinglar va odamlar uyqudalik chog‘ida namoz o‘qinglar jannatga salomat kirasizlar”, deganlar.

Alloh taolo mehmonnavozlikni banda uchun jannat ne’matlaridan tayorlangan maxsus sovg‘aga erishish sabablaridan biri qilgan. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «“Jannatda bir xona bor. Uning ichi tashidan ko‘rinadi ”, dedilar.

Shunda bir A’robiy:

– Ey Allohning rasuli, bu kim uchun? – deb so‘radi. U zot:

– “Kimki yoqimli so‘z aytsa, taom bersa, kechalari odamlar uxlayotgan chog‘da Alloh uchun namoz o‘qisa”», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Mehmonni hurmat qilish Allohga mahbub bo‘lgan amallardandir. Bunga Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan kelgan ushbu hadis dalil. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir kishi Payg‘ambarimiz huzurlariga keldi. Rasululloh uni ayollari tomonga yubordi. Shunda ayollari: “Bizda suvdan boshqa hech narsa yo‘q”, deyishdi. U zot: “Kim bularni o‘ziga qo‘shib oladi yoki mehmon qiladi?”, dedilar. Shunda ansorlardan biri: “Men”, dedi va uni olib ayollari tomonga ketdi. Keyin uyidagilarga: “Rasulullohning mehmonini ehtirom qilinglar”, dedi. Ayollari: “Bolalarimizning ozuqasidan boshqa hech narsamiz yo‘q-ku”, deyishdi. U: “Taomingizni tayyorlang, keyin bolalar kechki taomni yemoqchi bo‘lsalar, chiroqlarni o‘chirib, ularni uxlating”, dedi. Ayollari taomni tayyorlab, chiroqni o‘chirib, bolalarni uxlatdilar. Keyin turib chiroqni tuzatayotgandek o‘chirilgan chiroqni yana yoqib qo‘ydi. O‘zlari kechki taomsiz kechani duo qilib o‘tkazdilar. Tong otgach, ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga borishdi. U zot: “Bu kecha Alloh sizlarning qilgan ishingizdan kuldi, Alloh ishlaringizdan ajablandi”, dedilar. Bas keyin: Gar o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, ularni o‘zlaridan ustun qo‘yarlar”, oyati nozil bo‘ldi».

Sunnatga ko‘ra, mehmon uch kungacha izzat-ikrom qilinadi. Agar uch kundan o‘tib ketsa, mezbon uchun sadaqaning savobi beriladi.

Abu Shurayh Adaviydan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Allohga va oxirat kuniga imoni bor odam mehmoniga uning mukofotini izzat-ikrom bilan taqdim qilsin”, dedilar.

– Uning mukofoti nima, ey Allohning rasuli, – deyishdi.

– Mehmonnning mukofoti bir kecha va kunduzdir. Ziyofat esa uch kun, undan ortig‘i mezbonga sadaqadir, – dedilar.

Darvoqe, xalqimiz ham mehmondo‘st. Asrlar davomida mehmon izzat-ikrom qilingani bois “Mehmon kelsa, eshikdan, rizqi kelar teshikdan”, “Mehmon – atoi Xudo” kabi maqollar paydo bo‘lgan.

 

Quvondiq BOYMURODOV,

Uchtepa tumani bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

HAMDARDLIK BILDIRAMIZ

06.06.2025   16319   1 min.
HAMDARDLIK BILDIRAMIZ

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.

Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.

Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.

Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
 

Yangiliklar