Alloh taolo go‘zal axloqlarni takomilga yetkazish uchun Muhammad alayhissalomni payg‘ambar qilib yubordi. Bu haqda Nabiy sollallohu alayhi va salam: “Men go‘zal xulqlarni takomiliga yetkazish uchun yuborildim”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda esa: “Yaxshi xulqlarni tamomiga yetkazish uchun yuborildim”, deyilgan.
Imom Bayzoviy aytadi: “Arablarda Ibrohim alayhissalomdan qolgan chiroyli xulqlar bor edi. Ular kufr sababli bularning ko‘pidan mosuvo bo‘lishdi. Shu bois Alloh taolo go‘zal xulqlarni takomilga yetkazish uchun payg‘ambarini yubordi” (“Mirqotul mafotih”).
Ana shunday maqtalgan go‘zal xulqlardan biri mehmonni hurmat qilishdir.
Mehmonga izzat-ikrom ko‘rsatish haqida bir qancha hadislar vorid bo‘lgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning mehmonni hurmat qilishlari barchaga namunadir. Hatto payg‘ambarliklaridan oldin ham ushbu fazilatga ega ekanliklarini yaxshi bilamiz.
Nabiy alayhissalom Hiro g‘orida Jabroil alayhissalomni ilk bor ko‘rib, qo‘rqib ketib, uylariga kelganlarida, Xadicha onamiz u zotni o‘rab qo‘yganlar. Payg‘ambarimiz bo‘lgan voqeani aytib: “Men qo‘rqayapman”, deganlarida, Xadicha onamiz: “Yo‘q, siz xursand bo‘ling. Allohga qasamki, Alloh sizni hech qachon uyaltirmaydi. Chunki siz qarindosh-urug‘chilikka rioya qiladigan, bechoralar yordamiga oshiqadigan, kambag‘alni himoya qiladigan, mehmondo‘st, mazlumning qo‘lidan tutadigan, musofirlarga ehson-ikrom ulashadigan, haq yo‘lida qiyinchiliklarga duchor bo‘lganlarga yordam beradigan insonsiz”, dedi.
Imom Qastaloniy: “Mehmondo‘stlik – bu mehmonlarga joy va taom hozirlash”, degan.
Mehmonni izzat-ikrom qilishning ahamiyati beqiyos. Chunonchi, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kimning Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa, qo‘shnisiga ozor bermasin. Kimning Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa, mehmonini izzat-ikrom qilsin. Kimning Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa, yaxshi so‘z so‘zlasin, yoki jim tursin”, deganlar.
Rasululloh alayhissalom mezbonda mehmonning haqqi borligini aytib, Ibn Umar roziyallohu anhuga: “Seni ziyorat qilgani kelgan (mehmon)ning senda haqqi bordir”, dedilar.
Boshqa bir hadisda: “Agar sizlar biror jamoatga mehmon bo‘lib tushsangiz, ular sizni mehmon bajarishi kerak bo‘lgan narsaga buyurishsa, uni qabul qiling. Agar hech narsa qilmasalar, ular qilishi kerak bo‘lgan mehmonning haqini ulardan oling”, deyilgan.
Mehmonni hurmat qilish insonga juda ko‘p yaxshilik va fazilatlar keltiradi. Kishi bu bilan dunyoda ulug‘ saodatga erishadi. Shuningdek, bu ishni Allohdan savob umidida qilsa, oxirat saodatini qo‘lga kiritadi.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Xadicha onamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni xotirjam qilganlari, Allohga qasam ichib, u zotni Alloh hech qachon uyaltirmasligini, buning sababi esa u zot go‘zal xulqlardan sanalmish mehmondo‘stlik qilib kelishlari aytiladi.
Mehmonnavozlik kishini jannat sari yetaklaydi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ey odamlar, salomni keng yoyinglar, taom ulashinglar va odamlar uyqudalik chog‘ida namoz o‘qinglar jannatga salomat kirasizlar”, deganlar.
Alloh taolo mehmonnavozlikni banda uchun jannat ne’matlaridan tayorlangan maxsus sovg‘aga erishish sabablaridan biri qilgan. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «“Jannatda bir xona bor. Uning ichi tashidan ko‘rinadi ”, dedilar.
Shunda bir A’robiy:
– Ey Allohning rasuli, bu kim uchun? – deb so‘radi. U zot:
– “Kimki yoqimli so‘z aytsa, taom bersa, kechalari odamlar uxlayotgan chog‘da Alloh uchun namoz o‘qisa”», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Mehmonni hurmat qilish Allohga mahbub bo‘lgan amallardandir. Bunga Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan kelgan ushbu hadis dalil. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir kishi Payg‘ambarimiz huzurlariga keldi. Rasululloh uni ayollari tomonga yubordi. Shunda ayollari: “Bizda suvdan boshqa hech narsa yo‘q”, deyishdi. U zot: “Kim bularni o‘ziga qo‘shib oladi yoki mehmon qiladi?”, dedilar. Shunda ansorlardan biri: “Men”, dedi va uni olib ayollari tomonga ketdi. Keyin uyidagilarga: “Rasulullohning mehmonini ehtirom qilinglar”, dedi. Ayollari: “Bolalarimizning ozuqasidan boshqa hech narsamiz yo‘q-ku”, deyishdi. U: “Taomingizni tayyorlang, keyin bolalar kechki taomni yemoqchi bo‘lsalar, chiroqlarni o‘chirib, ularni uxlating”, dedi. Ayollari taomni tayyorlab, chiroqni o‘chirib, bolalarni uxlatdilar. Keyin turib chiroqni tuzatayotgandek o‘chirilgan chiroqni yana yoqib qo‘ydi. O‘zlari kechki taomsiz kechani duo qilib o‘tkazdilar. Tong otgach, ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga borishdi. U zot: “Bu kecha Alloh sizlarning qilgan ishingizdan kuldi, Alloh ishlaringizdan ajablandi”, dedilar. Bas keyin: “Gar o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, ularni o‘zlaridan ustun qo‘yarlar”, oyati nozil bo‘ldi».
Sunnatga ko‘ra, mehmon uch kungacha izzat-ikrom qilinadi. Agar uch kundan o‘tib ketsa, mezbon uchun sadaqaning savobi beriladi.
Abu Shurayh Adaviydan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Allohga va oxirat kuniga imoni bor odam mehmoniga uning mukofotini izzat-ikrom bilan taqdim qilsin”, dedilar.
– Uning mukofoti nima, ey Allohning rasuli, – deyishdi.
– Mehmonnning mukofoti bir kecha va kunduzdir. Ziyofat esa uch kun, undan ortig‘i mezbonga sadaqadir, – dedilar.
Darvoqe, xalqimiz ham mehmondo‘st. Asrlar davomida mehmon izzat-ikrom qilingani bois “Mehmon kelsa, eshikdan, rizqi kelar teshikdan”, “Mehmon – atoi Xudo” kabi maqollar paydo bo‘lgan.
Quvondiq BOYMURODOV,
Uchtepa tumani bosh imom-xatibi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi