frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Har kuningiz Ramazon bo‘lsin!

20.05.2020   10184   3 min.
Har kuningiz Ramazon bo‘lsin!

Tasavvur qiling, sizning o‘ta ashaddiy dushmaningiz bor. U sizga shu darajada  dushmanchilik qiladiki unga qarshi turishga sizda mador qolmagan. Kamiga, u siz butun umringizni tikkan, bor kuchingiz bilan harakat qilayotgan hamda butun o‘y-fikringizni egallagan orzu va maqsadingiz yo‘lida eng katta to‘siq bo‘lib turibdi. Siz maqsad sari qancha harakat qilsangiz u sizni bu yo‘ldan burib yuborish uchun sizdanda ko‘p ter to‘kmoqda. Uning bu zulmlaridan, sizga yomonliklaridan charchadingiz, kuchingiz qolmadi. Ayni shunday holda qiynalib turganingizda sizga bir xushxabar yetib keldi. Bildingizki, dushmaningiz qilgan jinoyatlari sabab kishanlanibdi, maqsadingiz tarafga esa bir qadam qolgan. Ushbu xabardan qanchalik xursand bo‘lasiz? Nimalarni his etasiz? Yuragingiz hapqirib, hayajondan yorilishiga bir bahya qoladi, shunday emasmi?

Agar ushbu holatni tasavvur qila olgan bo‘lsangiz biz sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xushxabarni qabul qiling. Bizning eng katta dushmanimiz bo‘lgan, doimiy bizni vasvasaga soladigan shayton kishanlangan, eng katta orzuyimiz, butun vujudimiz bilan talpinayotganimiz jannat eshiklari esa lang ochiq turibdi. Ushbu xushxabarni biz o‘zimiz o‘ylab topganimiz yo‘q. Bu xabarni insonlarning eng rostgo‘yi, ikki olam sayyidi va suyukli Habibimiz (s.a.v) aytmoqdalar. Keling, U zotning so‘zlariga quloq tuting: 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : «إِذَا جَاءَ رَمَضَانُ فُتِّحَتْ أَبْوَابُ الْجَنَّةِ، وَغُلِّقَتْ أَبْوَابُ النَّارِ، وَسُلْسِلَتْ الشَّيَاطِينُ». رواه البخاري ومسلم.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ramazon kelganda jannatning (barcha) eshiklari ochiladi, do‘zaxning (barcha) eshiklari qulflanadi va shaytonlar kishanlanadi». Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Bunday ajoyib xushxabarni eshitgan har qanday mo‘min beixtiyor har kuni Ramazon bo‘lishini, bu oy uni hech qachon tark etmasligini istaydi. Har kunimiz Ramazon bo‘lishi uchun esa ushbu oyni g‘animat bilish, unda amallarni ko‘paytirib olish lozim. Agar biz yil bo‘yi ayni shu kayfiyat bizni tark etmasligini istasak bu oyda o‘zimiz uchun biror yaxshi amalni vazifa qilib doimiy odatga aylantirib olishimiz kerak bo‘ladi. Masalan, avallari Qur’on tilovatini kamroq qilgan bo‘lsak bu oyda kunlik vazifani o‘qishga odatlanishimiz va buni yil davomida to‘xtatmasligimiz yoki jamoat namozlariga biroz beparvolik qilgan bo‘lsak bu oyda jamoatga odatlanib yil bo‘yi amal qiladigan odatimizga aylantirib olishimiz lozim. Ana shunda bu go‘zal oyning shukuhi bizni yil davomida tark etmaydi va shaytonlar kishandan bo‘shatilganda ham ular bizning amallarimizga to‘sqinlik qila olmaydi.

Alloh taolo ushbu muborak oyning qolgan o‘n kunlik – ma’rifat dahasini ham g‘animat bilishimizni, unda solih amallarni yanada ko‘paytirib olishimizni barchamizga nasib aylasin. Har kunimiz Ramazon bo‘lsin!

Iysoxon Yahyo tayyorladi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Islom giyohvandlikka qarshi" mavzusida seminar o‘tkazildi

06.07.2026   4077   2 min.

#Seminar
#Giyohvandlikka_qarshimiz 

Islom dinida aqlni xiralashtiradigan, sog‘liqqa zarar yetkazadigan va insonni o‘z-o‘zini halokatga boshlaydigan har qanday zararli odatlar, xususan, giyohvandlik qat’iy qoralangan va harom qilingan.

​Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi, sog‘liqqa zarar beruvchi moddalarni iste’mol qilishdan qaytarganlar.

Binobarin, ​giyohvandlikka qarshi kurashish, yoshlarni bu ofatdan asrash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish har bir musulmonning burchidir.

2026 yil 2 iyul kuni Toshkent shahridagi muhtasham "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf" jome masjidining majlislar zalida o‘zgacha bir fayz va ilmu ma’rifat shukuhi hukmron bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligining "Islom giyohvandlikka qarshi" deb nomlangan ilmiy-amaliy seminari yuqori kayfiyatda va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

 Uchrashuvda diniy-ma’rifiy sohaning zabardast vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari hamda poytaxtimizning tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari jam bo‘lishdi.

 Qur’on tilovatidan so‘ng Toshkent shahar bosh imom-xatibi, yig‘ilish raisi Abduqahhor domla Yunusov tadbirni ochib berdilar.
So‘ngra Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Hakimov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari, kotibiyat mudiri Abdumannon Karimov, Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti rahbari Ma’murjon domla Erkayevlar ishtirok etib, kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va qimmatli tavsiyalarini aytib o‘tdilar.

Aytish joizki, ma’rifat va iymon birlashgan joyda baraka, tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Poytaxtimiz imom-xatiblari bugun xalqimizga mana shu ziyoni yetkazishda eng oldingi saflarda xizmat qilmoqdalar.


Suratlar orqali mazkur yig‘ilishning eng hayajonli va fayzli daqiqalari hamda seminarning dolzarb ahamiyatini ko‘rish mumkin. 

MuslimShosh.uz 

 

O'zbekiston yangiliklari