Fitr sadaqasi nisob miqdoridagi mol-mulkka ega hur va musulmon bo‘lgan kishilar uchun hayt tongida ado qilishi vojib bo‘lgan sadaqadir. Fitr sadaqasining vojib ekanligida o‘ziga xos hikmatlar bor.
عن ابن عباس قال فرض رسول الله صلى الله عليه وسلم زكاة الفطر طعمة للمساكين وطهرة للصيام من اللغو والرفث فمن أدى قبل الصلاة فهي زكاة مقبولة ومن أداها بعد الصلاة فهي صدقة من الصدقات رواه أبو داود و الدارمي
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot: “Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini ro‘zador uchun behuda gap-so‘z va harakatlardan poklanish va miskinlar uchun taomlanish bo‘lishi uchun farz qildilar. Kim uni hayt namozdan oldin ado qilsa, u maqbul sadaqadir. Kim uni hayit namozdan keyin ado qilsa, sadaqalardan bir sadaqani bo‘ladi”-dedilar. Abu Dovud va Doramiy rivoyat qiladi.
Ushbu hadisi sharifdan fitr sadaqasining hukmini va uning savobini topish bilan birgalikda ikkita hikmat va foyda ko‘zda tutilishi ma’lum bo‘ladi.
Birinchi hikmati va foydasi fitr sadaqasi ramazon ro‘zasini xato va kamchiliklardan poklaydi. Shuning uchun Vake’ ibn Jarroh “Ramazon oyining fitr sadaqasi xuddi namozning sahv sajdasiga o‘xshaydi. Namozning vojib amali tark bo‘lgan vaqtda sahv sajdasi namozni to‘g‘rilagandek, fitr sadaqasi ro‘zaning kamchiliklarini to‘g‘rilaydi” -deydi. Lekin biror uzr bilan ro‘za tutolmagan kishilar ham, ro‘za tutish vojib bo‘lmagan yosh bolalarga ham fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi.
Ikkinchi hikmati va foydasi hayit kunida kambag‘al va miskinlar, yetim va bechoralarni xursand qilish, ularning ochliklarini ketkazib, haqiqiy bayram kayfiyatini ularga berishdir. Shuning uchun ham fitr sadaqasini hayit kuni tong vaqtida berish vojib bo‘ladi. Ammo, ramazonning avvalida, oldindan bersa joiz. Hayit namozidan keyinga qoldirmaslik kerak. Namozdan keyinga qolsa ham soqit bo‘lmaydi. Hattoki, zimmasiga vojib bo‘lgandan so‘ng inqirozga uchrab kambag‘al bo‘lgandan keyin ham fitr sadaqa soqit bo‘lmaydi.
Fitr sadaqasi vojib bo‘lish shartlari.
Fitr molyaviy ibodatlardan bo‘lgani uchun hur bo‘lmagan kishilarga vojib bo‘lmaydi. Chunki qulning mol-mulki bo‘lmaydi. Balki, qul xojasining mulki bo‘ladi. Agar xojasiga fitr sadaqa vojib bo‘lsa, xizmat qilib turgan qulning ham fitr sadaqasini berish xojasiga vojib bo‘ladi.
Fitr sadaqasi ibodat va u bilan qurbat (savob) hosil bo‘ladi. Ibodatlarning to‘g‘ri bo‘lishi uchun xolis Alloh uchun degan niyat bo‘lishi lozim. Bunday niyat esa faqat musulmon kishidangina durust bo‘ladi.
Fitr sadaqasi molyaviy ibodat bo‘lgani uchun ma’lum bir miqdordagi mol-mulkka ega kishiga vojib bo‘ladi. Faqir va miskinlarga vojib bo‘lmaydi.
عن أبي هريرة: لا صدقة إلا عن ظهر غني رواه أحمد
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasullulloh sollalohu alayhi vasallam sadaqa boylikni orqasidan vojib bo‘ladi” –dedi. Imom Ahmad rivoyat qiladi.
Rasullulloh sollalohu alayhi va sallam ushbu hadisi sharifda fitr sadaqni vojib bo‘lishi boy bo‘lgan, ma’lum bir moddiy quvvati bor kishiga vojib bo‘lishini bayon qilmoqda. Islom dini yengil, uning molyaviy ibodati ham yengil bo‘lishi kerak. Sadaqani yengil ado qilinishi ma’lum miqdordagi nisobga ega bo‘lgandan keyin bo‘ladi.
Ammo shu narsa bilish kerakki, zakotning nisobi boshqa, fitr sadaqasining nisobi boshqa. Zakot nisobi faqat zakot chiqariladigan o‘suvchi mollardan hisob qilinadi. Fitr sadaqasining nisobi esa asliy hojatdan (ishlatilib turgan mol-mulkdan) tashqari mol-mulklar ham hisob qilinadi. Ushbu fitr sadaqasini nisobiga ega kishiga o‘zining va balag‘otga yetmagan faqir farzandining fitr sadaqasi vojib bo‘ladi. Xotinining, balag‘otga yetgan farzandining va balag‘otga yetmagan boy farzandining fitr sadaqasi vojib bo‘lmaydi. Lekin mazkurlarni fitr sadaqasini bersa ado topadi. Shu boylikka ega kishiga boshqalarning zakotini, sadaqasini va nazrini olmoq harom bo‘ladi. Shuningdek qurbonlik qilish va nafaqasiz qolgan mahram qarindoshlarning nafaqasini qilish vojib bo‘ladi.
Fitr sadaqasi zakot beriladigan kishilarga berish bilan ado topadi.
Jaloliddin Xolmo‘minov
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus bilim yurti, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansin:
(a) 2025 yilda barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar) 31 dekabr – chorshanba;
(b) 2026 yilda:
(i) barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar): 2 yanvar – juma, 28 may – payshanba, 29 may – juma, 31 avgust – dushanba;
(ii) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 3 yanvar – shanba, 30 may – shanba, 31 dekabr – payshanba.
2. Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
(a) ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanuvchi 8 mart – Xotin-qizlar kuni bayrami 2026 yilda yakshanba – dam olish kuniga va 21 mart – Navro‘z bayrami hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayramlari besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun shanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kunlari mos ravishda 2026 yil 9 mart, 23 mart va 11 may – dushanba kunlariga ko‘chirilishi;
(b) ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 2026 yilda 12 dekabr – shanba kunidan 31 dekabr – payshanba kuniga ko‘chirilsin.
4. Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda respublika aholisining maroqli dam olishi uchun:
(a) Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligi turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishi hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etsin;
(b) O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalari uchun chegirmalar berish hamda aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin;
(v) “Uzbekistan Airways” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar berish va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga:
(a) mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
(b) uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolari maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bayram kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholining keng xabardor qilinishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 dekabrdagi “Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunni belgilash va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PQ–452-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Belgilansinki, ushbu Farmon 2027 yil 1 yanvardan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotadi.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev