Ramazonning fazilatlarini har qancha gapirsakda, shuncha kamdir. Ayniqsa, bu oyning tarovati – ro‘za bilan yanada go‘zaldir. Kishi chin ixlos bilan ro‘za tutishni niyat qilar ekan, bu ibodatini faqatgina Alloh uchun ado etayotganini aniq anglaydi. Yaratgan roziligi uchun qiyinchiliklarga bardosh beradi, sabrli bo‘lishni o‘rganadi. Shu boisdan ham Alloh taolo hadisi qudsiyda ro‘zaning ajri ulug‘ ekanini aytadi: “Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men O‘zim berurman”.
E’tibor bering, ro‘za tutgan kishi, Alloh taolo mukofotini O‘zi berishini bilgan holda kamchilikka yo‘l qo‘yishi mumkinmi? Darhaqiqat, ro‘zador tutayotgan ro‘zasini “Alloh ko‘rib turibdi” degan ixlos bilan ado etadi. Kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi. Ruhiyatidagi xotirjamlik tafakkurining tiniqlashib borishiga sabab bo‘ladi.
Hadisda shunday deyiladi: “Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. Ular ila suyungay. Iftor qilganda suyungay va qachon Robbisiga yo‘liqqanda suyungay”.
Qolaversa, bu oy buyukligining omillaridan biri ushbu hadisi sharifda go‘zal tarzda bayon qilinadi: “Qachon Ramazon kelsa, jannat eshiklari ochilur, do‘zax eshiklari yopilur va shaytonlar kishanlanur”.
Ushbu hadis bu oyning naqadar ulug‘ maqomga ega ekanini tasdiqlaydi. Hadisdagi shaytonlar kishanlanganligi mo‘min-musulmonlarni ushbu imkoniyatlardan foydalanib qolishga, kitob mutolaasiga, ezguliklar qilishga chorlaydi.
Ramazonning fazilati bu oyda Qur’oni karim nozil qilinishi bilan bog‘liqdir. Bu borada Baqara surasining 185-oyatida shunday marhamat qilinadi:
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog‘i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”.
Shuningdek, bu oy mehr-muruvvat oyi bo‘lib, insonlar bir-birlariga ko‘mak beradilar, muhtojlarga yordam qo‘llari uzatiladi, o‘zaro yaxshiliklar qilinadi, bemorlardan hol-ahvol so‘raladi, arazlashgan kishilar muborak oyning sharofati bilan ginalarni unutadilar. Bu oyda butun yurtimizda ana shunday yaxshiliklar bilan, xotirjamlik va xursandchilik hukmron bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: “Bu oy o‘zgalardan ko‘ngil so‘rash, mehr-muruvvat ko‘rsatish oyidir. Kim u kunda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi”.
Qolaversa, ushbu oyning sharofati bilan gunohlar avf etiladi, ro‘zadorlarga ko‘plab ajrlar beriladi.
Bu haqda Nabiyimiz sallallohu alayhi va sallamdan keltirilgan hadisda shunday deyiladi: “Ramazon oyining birinchi kechasi Alloh taolo aytadi: “Kim bizni yaxshi ko‘rsa, Biz ham uni yaxshi ko‘ramiz. Kim Bizni talab qilsa, Biz ham uni talab qilamiz. Kim Bizdan mag‘firat so‘rasa, Biz uning gunohlarini Ramazon hurmatidan kechiramiz”.
Ramazon o‘ttiz kun davom etadi. bu kunlarni mazmunli o‘tkazishga harakat qilish har bir musulmonning ulkan imkoniyatidir. Ezguliklarga shoshilish cheksiz savoblarga musharraf etadi. Bu oyda bilim olish, kitob mutolaasi ilmning ziyoda bo‘lishiga zamin yaratadi. Barakali kunlarning har bir lahzasi qimmatlidir. Ulardan foydalanib qoling!
Binobarin, quyidagi hadisda shahri sultonning naqadar buyuk ekani ta’kidlanadi: “Agar ummatlarim Ramazon oyining sharafini bilganlarida edi, yil o‘n ikki oy Ramazon bo‘lishini orzu qilar edilar, chunki ularning toati maqbul, duolari mustajob, gunohlari mag‘firat etilib, jannat ro‘zadorlarga muhtoj bo‘ladi”.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti
mudarrisi J.Kulbayev
5-QISM
Raddiya: Hijrat va jihod masalasi sharoit, imkoniyat va shariat hukmlariga bog‘liq.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makka fathidan keyin: “Fathdan keyin hijrat yo‘q” (Imom Buxoriy rivoyati), deganlar.
Jihod esa har bir shaxsning o‘zboshimchalik bilan amalga oshiradigan ishi emas. Ahli sunna ulamolariga ko‘ra, jihod davlat rahbarligi va umumiy maslaxat asosida bo‘ladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:
﴿وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ﴾
“O‘zingizni halokatga tashlamang” (Baqara surasi, 195-oyat).
Sahobalar hayotini bugungi noqonuniy qurolli guruhlar bilan qiyoslash – noto‘g‘ri qiyos bo‘lib, yoshlarni zo‘ravonlikka undaydi.
Alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn Is'hoq al-Fokihiy “Makka xabarlari” asarida yozishicha, Ibn Abbos roziyallohu anhu uxlayotganida yostig‘i tagidagi hamyonini o‘g‘rilashadi. O‘g‘ri ushlanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldiga olib borilganida, u o‘z qilmishini shu mablag‘ evaziga hijrat qilmoqchi ekani bilan oqlamoqchi bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uning ishini qoralab, Makkaga qaytib, o‘z shahrida muqim yashashga buyurib: “Hijrat to‘xtatildi!” deya ta’kidlaydilar.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib: “Yo Allohning Rasuli, men ota-onamni yig‘lagan holida tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, deydi. U zot esa: “Ota-onangni oldiga qaytib, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday kuldirgin”, deb javob beradi (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hijrat – diniga, moliga va joniga jiddiy xavf bo‘lgan vaqtda o‘z yashab turgan joyidan boshqa bir manzilga ko‘chishdir. Hijratning hukmi esa, har zamonda, har makonda, hammaga bir xil maqomda bo‘lmaydi. Chunki, hijratning hukmi o‘zgarib turadi. Hijratning ommatan yoki xossatan farz bo‘lishini esa, yurtda fatvo chiqarishga mas’ul bo‘lgan muftiy belgilaydi.
Islomning avvalida hijrat mandub, ya’ni targ‘ib qilingan amal edi. Keyin Makkadan Madinaga hijrat qilish farz bo‘ldi. Makka fath qilinganda esa hijratning vojiblik hukmi bekor bo‘ldi. Ish yana mandublikka qaytdi.
Demak, farz hijrat tugatilib, mandub hijrat qolgan. O‘z mazmuniga ko‘ra hijratning Qiyomat kunigacha davom etishini ifoda etuvchi hadislarda ana shu mandublik nazarda tutilgan. Bu Imom Abu Hanifa rahimahulloh va Shofe’iylardan Xattobiyning qarashlaridir. Bizning hanafiy ulamolari mana shu fikrni ta’kidlaydilar (Al-Xattobiy “Ma’olimus-sunan, Imom Saraxsiy “Mabsut”, Kosoniy “Badoi’us-sanoye’”, Ibn Obidin “Raddul muhtor”, Aliy Qori “Mirqotul mafotih”).
Bu yerda shuni eslatib o‘tamizki, hijrat deganda doim “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga ko‘chish tushuniladi. Demak, mazkur imomlarimiz “Kufr diyori”dan “Islom diyorlari”ga ko‘chishni mandub hukmida qoldi, vojib hukmida emas, deganlar. Albatta, ularning mandub degan gaplari «Islom diyori»dan chiqib ketayotganlarga tegishli emas.
Agar kishi o‘zboshimchalik bilan yashab turgan joyidagi ayrim kamchiliklar sababli yurtini tark qiladigan bo‘lsa, bu yo‘lda duch kelgan qiyinchiliklari uchun savob olmaydi. Balki, jonini, salomatligini hamda oila a’zolarini hayotini xavf va mashaqqatga qo‘ygani uchun ma’lomat qilinadi.
Aslida, bugungi kunda musulmon inson uchun eng xavfsiz joy bu o‘zining vatanidir. O‘z vatanidan ko‘ra jon, mol va e’tiqod muhofazasi mukammalroq boshqa joylar borligi aniq emas.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi