Dinimizda rostgo‘ylik yuksak insoniy fazilatlardan hisoblanadi. Rostgo‘ylik, ahdga vafo va omonatdorlik jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi. Rostgo‘ylik yo‘q joyda o‘zaro ishonch va sadoqat yo‘qoladi. Agar bunday xislatlar hayotimizdan yo‘qolib boraversa, o‘zaro ishonchsizlik kuchayib, insonlar orasiga adovat urug‘ini tashlaydi. Natijada jamiyatda turli hil muammolar yuzaga keladi. Jamiyat taraqqiyot yo‘lidan ilgarilab borishi uchun uni tashkil etuvchi fuqarolar o‘zaro ishonch bilan, bir-birini qo‘llab-quvvatlab yashashi lozim. Bu xislatlar hayotning bir maromda davom etishini ta’minlaydi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Alloh subhanahu va taolo insoniyatga yuborgan payg‘ambarlarning xulqlarida ko‘zga tashlanib turadigan ulug‘ hislatlardan biri rostgo‘ylik va sadoqat edi. Aksincha, yolg‘onchilik, ishonchsizlik va xiyonat kabi illatlar payg‘ambarlarga yot bo‘lgan.
Alloh taolo: “Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va iymonlarida rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz”, deb marhamat qiladi. Demak, mo‘min-musulmonlar, avvalo Alloh taolodan qo‘rqishga, so‘ngra iymonida rostgo‘y insonlar bilan birga bo‘lishga buyurilmoqda.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rostgo‘ylik yaxshilikka olib boradi. Yaxshilik esa jannatga olib boradi. Kishi rost so‘zlab yuradi. Hattoki, Alloh huzurida siddiq (rostgo‘y) deb yoziladi. Yolg‘onchilik yomonlikka olib boradi. Yomonlik esa do‘zaxga olib boradi. Kishi yolg‘on so‘zlab yuradi. Hattoki, Alloh huzurida kazzob (yolg‘onchi) deb yoziladi”, dedilar (Muttafaqun alayhi).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning o‘rtasini ajratib berib, har birining olib boradigan manzilini ham ta’kidlab keltirmoqdalar. Har bir mo‘min-musulmon Robbisining huzurida siddiq (rostgo‘y) deb yozilmoqligi uchun yolg‘onchilikdek dinimizda katta gunoh bo‘lgan ishlardan o‘zini saqlamoqligi lozim ekan.
Rostgo‘ylik va sadoqat jamiyat uchun ham juda zarur. Qaysi jamiyatda ahdga vafo, sadoqat va rostgo‘ylik keng yoyilsa, ana shu jamiyat isloh topib, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro ishonch ortadi, mehr-oqibat kuchayadi, oldi-berdi va savdo-sotiq ishlarida xiyonat va aldamchilik barham topadi.
Alloh subhanahu va taolo barchalarimizni gunoh ishlardan o‘zi saqlab, dunyo va oxiratimizga manfaatli bo‘ladigan amallarga yo‘llasin amin.
M.Muhammadjonov,
Uchko‘prik tumani “Kushki turkon” masjidi imom-noibi
Manbalar asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning bir shogirdi bo‘lib, u zot unga tazkiya va talqinga ijozat bergan edi. Bir kuni u o‘g‘ilchasini yetaklab ustozi ziyoratiga keldi. Salom-alikdan so‘ng o‘g‘lini tanishtirib, uning haqqiga duo qilishlarini so‘radi. Hazrat bolaning haqqiga duo qildilar. Gap orasida ustoz bolaning yoshini ham so‘rab qoldilar. Shogird «Bolam o‘n uch yoshda», dedi. Mamlakatdagi qonun bo‘yicha bolalarga o‘n uch yoshgacha chipta narxining yarmi to‘lanar, o‘n uchga to‘lgan kunidan boshlab ularning chiptasi ham kattalar kabi to‘la bahosiga xarid qilinar edi.
Hazrat bolaga chiptaning qaysi narxda olinganini so‘rab qoldilar. Shogirdi «Jussasi kichkina bo‘lgani uchun yarim narx to‘ladik», deb javob berdi. Shunda ustozning avzoyi birdan o‘zgarib, shunday dedilar: «Inna lillaahi va inna ilayhi roji’un! Sizga tasavvuf va tariqatning changi ham yetib kelmagan ekan. Siz haligacha harom-halolni ajratmabsiz. Bolani safarga olib chiqibsiz-u, lekin unga yo‘lkira to‘lashda harom ishga qo‘l uribsiz. Kattalar maqomiga yetgan bolaga yosh bolalarning chiptasini olib, yo‘l xizmati idorasining haqqini o‘g‘irlabsiz. O‘g‘rilik qiladigan. birovning haqqini tortib oladigan shaxs tasavvuf va tariqatda biror maqomga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun sizga bergan ijozatimni bekor qilaman».
O‘sha shogird ibodatda mukammal kishi edi. Lekin ustoz chipta olishda, ya’ni muomalotda haromga yo‘l qo‘ygani tufayli unga bergan vakolatini bekor qildi.
Abdulmannon Andijoniy