Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

“Ramazon – Kur’on oyi” Kahf surasi fazilatlari

09.05.2020   9261   2 min.
“Ramazon – Kur’on oyi” Kahf surasi fazilatlari

 

Kahf so‘zi “g‘or” ma’nosini bildiradi. Bu surada boshqa qissalar bilan bir qatorda ajoyib tarixiy voqea – As'hobi kahf  qissasi bayon etilgan. Unda imonini saqlash uchun g‘orga yashiringan yigitlar to‘g‘risida gap ketadi. Muso alayhissalom  bilan Xizr hamda Zulqarnayn qissasi ham suradan o‘rin olgan. Kahf surasida mol-mulk maqtanishga arzigulik narsa  emasligi, bu dunyo hayoti o‘tkinchiligi bayon etilgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Kahf surasi boshidan o‘n oyat yodlasa, dajjol (fitnasi)dan saqlanadi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Imom Ahmad rivoyati).

Abu Dardo  roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Kim Kahf surasi oxirgi o‘n oyatini o‘qisa, dajjol fitnasidan saqlanadi”, deyilgan (Imom Ahmad rivoyati).

Dajjol  qiyomatga yaqin chiqib, ilohlikni da’vo qiladi, odamlarni yo‘ldan uradi,  ularga osmondagi oyni va’da qiladi, qo‘ynilarini puch yong‘oqqa to‘ldiradi. Kahf surasini o‘qib yurgan odam dajjol fitnasidan yiroq bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim Kahf surasining  avvalini, oxirini o‘qisa, oyog‘idan boshigacha nur  porlaydi. Kim (surani) to‘liq o‘qisa,  uning uchun  osmon  bilan yer o‘rtasi(ni to‘ldiradigan) nur porlaydi” (Imom Ahmad rivoyati).

Abu Said Xudriy  roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimda-kim Kahf surasini nozil qilinganidek o‘qisa, unga  qiyomat kuni turgan joyidan Makkagacha  (bo‘lgan masofada) nur porlaydi. Kim bu sura oxiridan o‘n oyat o‘qisa, dajjol chiqqanda unga hukmini o‘tkazolmaydi”, deganlar (Imom Nasoiy, Imom Hokim rivoyati).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda: “Kim uyquga  ketishdan oldin Kahf surasidan o‘n oyat o‘qisa, dajjol fitnasidan saqlanadi. Kim uyg‘onganida Kahfning oxirini o‘qisa, qiyomat kuni boshidan oyog‘igacha nurga to‘ladi”, deyilgan.

Kahf surasini  istalgan vaqtda o‘qisa bo‘ladi. Lekin  muborak juma kunida o‘qilsa, nur ustiga nur bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim Kahf surasini juma kuni o‘qisa, uning uchun o‘zi bilan ikki juma o‘rtasini yorituvchi nur porlaydi” (Imom Hokim rivoyati).

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Otam o‘rgatgan uch amal

11.07.2025   2292   1 min.
Otam o‘rgatgan uch amal

Otam menga o‘rgatgan uchta ishni hech qachon unutmayman. Sizlarga ham ular haqida aytib bergim keldi.

Birinchisi, otam mening qo‘limdan tutib, yozishni o‘rgatardi. Men o‘qish va yozishni otamdan o‘rgandim. Hayotim mobaynida nimaiki yaxshi narsa o‘qisam, yozsam, uning savobidan otamga ham nasiba borib turadi, inshoalloh.

Ikkinchisi, otam tirnoqlarimni olib qo‘yar, menga bu ishning ahamiyati, tirnoq ostidagi mikroblarning zarari, xususan, ovqat paytidagi ziyoni haqida gapirib berardi. Biroz kattaroq bo‘lganimda tirnog‘imni o‘zim olishimni o‘rgatdi. Har tirnoq olganimda shularni eslab, haqiga duo qilib qo‘yaman.

Uchinchisi, otam nonushta qilmay uydan chiqishimga yo‘l qo‘ymasdi. Sog‘lom bo‘lishda ertalabki nonushtaning ahamiyatini keyin bilib oldim. Har nonushta qilganimda ham otamning haqqiga duo qilaman.

Ma’ruzalarimdan birida yig‘ilganlardan: «Farzandlaringizga har kuni qo‘llaydigan uchta ajoyib odatingiz bormi?» deb so‘radim. Bir ota dedi: «Ishga ketishimdan oldin ularni o‘pib qo‘yaman, asr namozini o‘qib bo‘lgach, ularing har biri uchun duo qilaman, uyquga yotishlaridan oldin ularni bag‘rimga bosaman».

Siz ham o‘zingizdan so‘rab ko‘ring-chi, otangiz yoki onangiz siz uchun bajaradigan uchta eng yaxshi ishni eslay olasizmi? Yoki o‘zingiz bolangizga uchta yaxshi odatni o‘rgatyapsizmi?.. 

Abdulloh Muhammad Abdulmu’tiyning

"FARZAND TARBIYASIDA 700 SABOQ" kitobidan

Ibratli hikoyalar