Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Noyabr, 2025   |   24 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:49
Quyosh
07:11
Peshin
12:13
Asr
15:23
Shom
17:08
Xufton
18:23
Bismillah
15 Noyabr, 2025, 24 Jumadul avval, 1447

“Saharlik qilinglar! Saharlikda baraka bordir”

07.05.2020   6360   2 min.
“Saharlik qilinglar! Saharlikda baraka bordir”

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilinglar! Albatta, saharlik qilishda baraka bordir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Ushbu hadisda ro‘zador saharlik qilishga targ‘ib qilinadi. Chunki saharlik qilishda ko‘plab yaxshiliklar hamda diniy va dunyoviy buyuk barakalar bor. Demak, saharlik qilish fazilat, vojib emas. Agar vojib bo‘lganida edi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va ba’zi sahobalar o‘tar ro‘za tutmagan bo‘lar edilar.

Endi quyida yuqoridagi hadisdan kelib chiqib, saharlikdagi foydalarning bir nechtasini keltirib o‘tamiz:

  1. Saharlik qilish bilan ibodatni taqvo ila ado qilish bor. Chunik go‘yo saharlik qilish ila kunduzgi Qur’on qiroati, namozlar va zikrlarni ado qilish uchun Alloh taolodan yordam so‘rashlik bor. Zero, qorni och inson ibodatlarni qilish uchun kuchi yetmay, dangasalikka yo‘l qo‘yishi mumkin.
  2. Saharlik qilish bilan ochlik sababli sodir bo‘ladigan gunoh ishlardan o‘zini saqlab qoladi.
  3. Saharlik qilish bilan ro‘za tutishni yengil sanab hatto, yana ko‘proq ro‘za tutish rag‘bati paydo bo‘ladi. Natijada ro‘za tutish kishi uchun oson ishga aylanadi.
  4. Saharlik qilish bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashish bor. Agar sunnat deya niyat qilib, saharlik qilsa, ajrga ham ega bo‘ladi. Biroq, qornini to‘ydirish va quvvatga ega bo‘lish maqsadida bo‘lsa, o‘sha maqsadiga erishadi.
  5. Saharlik sababli tahajjud namozini hamda duo va zikr qilish uchun eng xayrli vaqt bo‘lmish kechaning oxirida uyqudan uyg‘onadi.
  6. Saharlik qilish bilan ahli kitoblarga xilof qilish bor. Zotan, dinimizda ularga o‘xshashdan qaytarilganmiz. Hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Biz bilan ahli kitoblarning ro‘zasidagi farq, saharlik yeyishdadir”, dedilar.
  7. Saharlikka turish bilan bomdod namozini jamoat bo‘lib o‘qishga muyassar bo‘ladi. Shuning uchun ham ramazon oyida boshqa oylarga nisbatan bomdod namozida odamlar ko‘payadilar.

Shuningdek, saharlik qilishda bir qancha manfaatlar bor. Ba’zilari oshkor bo‘lgan va ba’zilari hali oshkor bo‘lmagan. Nima bo‘lganda ham haqiqiy mo‘min Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan muhabbati bor ekan, u zotning aytganlaridan manfaat topadimi yoki yo‘qmi, ergashishda davom etaveradi. Alloh taolo barchamizni sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishni oson qilsin.

Yahyo ABDURAHMANOV,

“Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi.

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Bemor bo‘lganda bajariladigan sunnatlar

14.11.2025   1516   1 min.
Bemor bo‘lganda bajariladigan sunnatlar

1. Dardga shifo izlash.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Davolaninglar! Alloh azza va jalla qaysi bir dardni bergan bo‘lsa, uning shifosini ham bergan”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

 

2. Gunohlar mag‘firat qilinishiga umid qilish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonga qay bir musibat – horg‘inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g‘am – g‘ussami, hattoki tikan kirishimi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, deganlar.

 

3. Ushbu duoni o‘qish.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom barcha kasalliklarga va isitma chiqqanida:

“Bismillahil Kariym, a’uzu billahil aziym, min sharri kulli hirqin nahhar vamin sharri harrin nar”

“Buyuk Allohning ismi bilan boshlayman. Ulug‘ Allohning nomi ila tomirdan shovullab oquvchi qonning va do‘zax o‘tining yomonidan panoh tilayman”, deb aytishni o‘rgatganlar (Imom Ibn Sunniy rivoyati.)

Davron NURMUHAMMAD