Saharlik – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari. Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganimda u zot sollallohu alayhi vasallam saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda: “Albatta, saharlik barakadir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish – barakadir, bir qultum suv bilan bo‘lsa ham saharlik qiling”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Baraka jamoat va saharlikdadir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati)
Nabiy alayhissalom sahobalarga saharlik qilish va uning fazilatlari haqida so‘zlab berardilar, ular bilan birga saharlik qilardilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bunday deydi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan saharlik qildim. So‘ngra u zot bomdod namoziga turdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Irboz ibn Sariya roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida meni saharlikka chaqirib, “Baraka dasturxoni sari shoshilgin”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati).
Saharlik Islom ummatini ahli kitobdan ajratib turuvchi amallardan biri hamdir. Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bizning ro‘zamiz bilan ahli kitobning ro‘zasi orasidagi farq saharlik qilishdadir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik fazilatlaridan yana biri unda duo qabul bo‘luvchi vaqt bor. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganda: “Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan so‘raydiki, Men unga bersam, kim Menga istig‘for aytadi, Men uni mag‘firat qilsam”, deydi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik qilish Alloh va farishtalarning rahmatiga noil qiladi. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiluvchiga Alloh va farishtalarning rahmati bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Saharlikda xurmo iste’mol qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridandir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi.
Bugun 2025 yil 13-noyabr sanasida Mir Arab oliy madrasasi anjumanlar zalida «Globallashuv davrida sof aqida va tasavvuf masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining I-o‘rinbosari Davronbek Maqsudov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinborasi Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov yurtimizda diniy sohadagi islohotlar, yangi ochilgan ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy diniy ta’lim muassasalari haqida so‘z yuritdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘MI Buxoro viloyati vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori ustoz Jobir domla Elov konferensiya ishiga omad tilab, tashrif buyurgan ma’ruzachilarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Shu bilan bir qatorda anjumanda xalqaro darajadagi ilmiy konferensiyani keng yoritish maqsadida televideniya xodimlari ham taklif etildi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya 2 sho‘bada olib borildi. Qo‘yida sho‘balar mavzular hamda o‘z ma’ruzasi bilan qatnashgan ma’ruzachi va ishtirokchilar bilan tanishtirib o‘tamiz:
Ishtirokchilar:
Davron Maqsudov - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining 1- o‘rinbosari;
Muhammadolim Muhammadsiddiqov - O‘zbekiston musulmonlari idoras1 raisi o‘rinbosari, siyosiy fanlar doktori,professor;
Azizbek Qalandarov - Viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari;
Jobir Elov - O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori.
I-Sho‘ba. Globallashuv davrida sofaqida: muammolar va yechimlar.
Abdulatif Alloqulov - Imom Moturudiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Moturudiylik ta’limoti tadqiqotlari bo‘limi boshlig‘i(PhD), dots.nt - "Moturudiylik ta’limotida tafviz va ta’vil metodologiyasi";
Dr. Ahmed Saad Ibrahim Abdulrahman Osman - Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi "Tasavvuf va kalom ilmi o‘rtasidagi ma’rifiy uyg‘unlik";
Ahmad Rajab Ahmad Adaviy - Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi - Hadis sharif olimlari va ularning boshiga kelgan e’tiqodiy sinovlar: "Imom Nasaiy va u kishining "Xosais Ali" va "Musnadi Ali" kitoblari talqinida";
Ahmad Muhammad Ali Misriy - Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi - "Ekstremizm va terrorizmga qarshi diniy ta’limning ta’siri";
II-Sho‘ba. Globallashuv davrida tasavvuf: ma’naviy meros va zamonaviylik.
Oygul Sharipova - Jo‘ybori Kalon ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi rahbari, falsafa fanlari doktori (DsC) professor. "Tasavvuf ta’limoti - ijtimoiy barqarorlik omili";
Haydar Yuldashxodjayev – Yangi asr universiteti kafedra mudiri, dots.nt, tarix fanlari nomzodi. "Musoxon Dahbidiyning Xojagon- Naqshbandiya ta’limoti rivojida tutgan o‘rni";
Gulchehra Navro‘zova - Buxoro davlat texnika universiteti ijtimoiy fanlar va jismoniy madaniyat kafedrasi professori, falsafa fanlari doktori "Naqshbandiya ta’limotining insonparvarlik mohiyati";
Dr. Ayman Usmon Abdul’alim Muhammad Shariiy – Buxoro davlat universiteti Islom tarixi va manbashunosligi, falsafa kafedrasi o‘qituvchisi "Globallashuv davrida arab tili va arab tiliga kirib kelgan so‘zlarning ta’siri";
Husen Djurayev - Buxoro davlat universiteti "Islom tarixi va manbashunosligi, falsafa" kafedrasi dots.nti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori - "Xattotlik san’ati va qo‘lyozma manbalarining insoniyat madaniyatiga ta’siri".
Moderator:
To‘xtasinov Ro‘zimuhammad – Mir Arab oliy madrasasi katta o‘qituvchisi, Islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD).
Anjuman so‘ngida barcha ma’ruzachilarga esdalik sovg‘alari hamda sertifatlar topshirildi hamda Oliy madrasa rektori ustoz Jobir domla Elov tomonidan barcha tashrif buyurganlarga va tashkilotchilarga minnatdorlik bildirildi.





















O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi Matbuot xizmati