Saharlik – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari. Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganimda u zot sollallohu alayhi vasallam saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda: “Albatta, saharlik barakadir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish – barakadir, bir qultum suv bilan bo‘lsa ham saharlik qiling”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Baraka jamoat va saharlikdadir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati)
Nabiy alayhissalom sahobalarga saharlik qilish va uning fazilatlari haqida so‘zlab berardilar, ular bilan birga saharlik qilardilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bunday deydi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan saharlik qildim. So‘ngra u zot bomdod namoziga turdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Irboz ibn Sariya roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida meni saharlikka chaqirib, “Baraka dasturxoni sari shoshilgin”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati).
Saharlik Islom ummatini ahli kitobdan ajratib turuvchi amallardan biri hamdir. Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bizning ro‘zamiz bilan ahli kitobning ro‘zasi orasidagi farq saharlik qilishdadir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik fazilatlaridan yana biri unda duo qabul bo‘luvchi vaqt bor. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganda: “Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan so‘raydiki, Men unga bersam, kim Menga istig‘for aytadi, Men uni mag‘firat qilsam”, deydi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik qilish Alloh va farishtalarning rahmatiga noil qiladi. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiluvchiga Alloh va farishtalarning rahmati bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Saharlikda xurmo iste’mol qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridandir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam iymon keltirganlarga ushbu baqosiz dunyoga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni va bu masalani hech qachon aql ko‘zi va qalb ko‘zining diqqat e’tiboridan chetda qoldirmaslikni qayta-qayta eslab kelganlar. Gap bu yerda odamlarning dunyoda o‘zlarini yo‘lovchiday tutishlari haqida bormoqda. Bu eslatma bandani dunyoga ko‘r-ko‘rona muhabbat qo‘yishdan himoya qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bu dunyoda g‘arib (musofir) va yo‘lovchiday bo‘ling. Va o‘zingizni dunyoni tark etganlar qatorida hisoblang. Tong otganda nafsingizga shom haqida, kech kirganda esa ertangi tong haqida gapirmang (ungacha yashayman deb chamalamang, kafolatingiz yo‘q). Kasallik kelguncha sog‘liqdan, qarilik kelguncha yoshlikdan, biror ish bilan band bo‘lguncha bo‘sh paytingizdan, o‘lim kelguncha yashab turgan hayotingizdan foydalaning! Haqiqatda ertaga sizni kim deb atashlarini[1] bilmaysiz” (Ibn Umardan rivoyat qilingan, Termiziy rivoyati).
Imom Junayd Bag‘dodiy quddisa sirruhudan:
– Qaysi ilmlar ko‘proq foydali? – deb so‘rashganida u zot quddisa sirruhu javob berdilar:
– Bu Seni Allohni tanish – ma’rifatullohga va nafsga itoat etmaslik yo‘liga eltuvchi bilimlardir. Foydali ilmlar o‘z sohibini shikastanafaslik, hilm, kamtarinlik (tavozu), nafs bilan betinim kurash, ko‘ngilni poklash yo‘lida riyozatlar chekish, o‘zini nazorat qilish, Allohdan qo‘rqish, dunyo matohlaridan va ularga intiluvchilardan ko‘ngil uzish yo‘liga olib boradi. Bunday ilmlar oz bilan qanoatlanishga, bu dunyoga mukkasi bilan ketganlardan uzoqlashishga, bu olami foniyni shu olamning boyliklari uchun yashayotganlarga qoldirishga, odamlarga samimiy ustoz va maslahatchi bo‘lishga, ularga nisbatan chiroyli muomala va mehribonlik ko‘rsatishga, tariqat ahllari bilan hamsuhbat bo‘lish kabi narsalarga yetaklaydi”.
Ali ibn Tolib roziyallohu anhu mo‘minlarni bu o‘tkinchi dunyoning mevalari bo‘lgan hoyu havaslar girdobida mastu mahliyo bo‘lishlik, nafsning xohishlariga qul bo‘lishlik ofatidan ko‘p ogohlantirardilar:
“Siz uchun ikki sababga ko‘ra xavfsirayman: uzundan-uzoq orzu-havaslar girdobida qolishligingiz va nafsoniy talablarga erk berishlaringizdan. Shunday ekan, bu o‘tkinchi dunyoning emas, abadiy hayotning farzandlari bo‘ling!”.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
[1] Ertaga sizni o‘liklar yoki tiriklar orasida eslashlarini bilmaysiz. Muharrir.