Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Ro‘za niyati

29.04.2020   5996   16 min.
Ro‘za niyati

Ro‘za ibodatdir. Kishining o‘z ixtiyori bilan Alloh taolo uchun, Uning amriga binoan, bajaradigan har bir amali ibodat bo‘ladi.  

Hech bir ibodat, jumladan ro‘za ham niyatsiz durust bo‘lmaydi. Oddiy, kundalik ishlar ham niyat bilan, ularni bajarishda  Alloh taolo roziligini niyat qilish bilan, ibodatga aylanadi. 

Payg‘ambarimiz  sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Niyati bo‘lmagan kishining amali (maqbul) bo‘lmaydi(Bayhaqiy, Ibn Abid Dunyo). 

Niyat amalni boshlash oldidan bo‘lishi kerak. Shunga asosan, ro‘za boshlanadigan vaqt, ya’ni tong otish vaqti ro‘za niyatining vaqtidir. Ammo tong otish vaqtini kutib o‘tirish mashaqqat bo‘lganidan yo tong otishi paytida uyqu g‘alaba qilishi ehtimoli borligidan, iftorlik paytida yo kechasi Ramazon ro‘zasiga niyat qilishga ruxsat qilingan. Agar mazkur vaqtlarda Ramazon ro‘zasiga niyat qilish yoddan ko‘tarilgan bo‘lsa tong otganidan so‘ng katta choshgohgacha, agar bu vaqtgacha ro‘zaga zid ishlarni qilmagan bo‘lsa, (soat 11 00 gacha) niyat qilsa bo‘ladi. Bu holda “tong otishidan boshlab ro‘zadorman” deb niyat qilish lozim. Agar niyat qilgan vaqtidan boshlab masalan “soat 9 00dan boshlab ro‘za tutaman” deb niyat qilsa tutadigan ro‘zasi ro‘za hisoblanmaydi. 

Ramazon ro‘zasiga tong otmasidan oldin niyat qilish mustahabdir. 

Niyat qalb amalidir. Ro‘za tutishni (masalan Ramazon ro‘zasini tutishni) ko‘nglidan o‘tkazish ro‘za niyati bo‘ladi. Bizning mazhabimizda Ramazon oyining har bir kuni ro‘zasi uchun niyat qilish lozim. 

Ro‘za tutishni ko‘nglidan o‘tkazish bilan birga til bilan aytish sunnat deyilgan. 

Agar kechasi (iftor paytida) ro‘zaga niyat qilinadigan bo‘lsa ko‘nglidan bu ma’noni o‘tkazish va til bilan aytish kerak: 

Navaytu an asuma g‘adan lillahi  taolo min farzi Ramazona (Ramazonning farz ro‘zasini ertaga xolis Alloh taolo uchun tutishni niyat qildim). 

Agar tong otgach ro‘zaga niyat qilinsa ko‘nglidan bunday o‘tkazish va til bilan aytish lozim: 

Navaytu an asuma hazal yavmi lillahi taolo min farzi Ramazona (Ramazonning farz ro‘zasini bugun xolis Alloh taolo uchun tutishni niyat qildim). 

Ro‘za tutishni kechasi niyat qilgach tong otguncha yeb-ichsa niyat buzilmaydi. 

Ramazon oyida saharlik qilish Ramazon ro‘zasi niyati o‘rniga o‘tadi. Shuningdek boshqa ro‘za (qazo, kafforat) uchun ham saharlik qilish ana shu ro‘za niyati hisoblanadi. 

Ramazon ro‘zasining qazosi, kafforat ro‘zalari uchun tong otmasidan oldin, kechasi niyat qilish lozim. 

Barcha nafl ro‘zalar uchun katta choshgohgacha, agar bu paytgacha ro‘zaga zid ishlar qilinmagan bo‘lsa, niyat qilish mumkin. 

Barcha amallar savobi niyatga bog‘liq. Barchamizga niyatni to‘g‘ri qilish va  Ramazon ro‘zasi ajriga musharraf bo‘lish nasib etsin. Omin.                                   

 

MUHAMMAD SHARIF JUMAN

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

14.09.2026   9513   1 min.
Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.

Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:

«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».

Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari