Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Iyul, 2026   |   17 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:12
Peshin
12:34
Asr
17:33
Shom
19:45
Xufton
21:12
Bismillah
31 Iyul, 2026, 17 Safar, 1448

Ramazon oyi uchun besh maslahat

26.04.2020   6630   2 min.
Ramazon oyi uchun besh maslahat

Ramazon – musulmonlar uchun chinakam shodiyona. Bu oyda savob amallarni ko‘paytirib ulug‘ ajrlarga ega bo‘laylik. Siz azizlarga ramazon oyi uchun beshta maslahatni tavsiya qilamiz.

Birinchi

Juda ko‘p taom yemang, suvni ham kamroq iching. Saharlik qilayotganda kishi kun bo‘yi och yurishini o‘ylab ko‘p yeb qo‘yadi. Natijada oshqozon faoliyati qiyinlashib, kishi dangasa va behafsala bo‘lib qoladi. Yodda tuting, ramazon ochlik oyi emas, balki iymon-e’tiqod sinaladigan oydir. Keling, ramazon oyini payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam  tavsiya qilganlaridek nafsimizni jilovlab, oshqozonimizning uchdan birini ovqatga, uchdan birini suvga qolgan uchdan birini havoga to‘ldiraylik.

Ikkinchi

Saxiylikni  ko‘paytiring. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam doimo saxiy bo‘lganlar. Ayniqsa, ramazon oyida saxovatlari yanada oshib ketgan. Bu muqaddas oyda kim saxovatpeshalik qilsa unga ulug‘ savoblar yoziladi. Iloji boricha ramazonning har kunida saxiylik qiling. Birgina Qadr kechasida qilingan xayr-saxovatga Allox juda ko‘p savoblarni va’da qilgan. Saxovatli bo‘laylik, inshoalloh  ulug‘  ajrlar  egasiga aylanaylik.

Uchinchi

Besh mahal namozga qoim bo‘ling. Ramazon oyida kechalari taroveh namoziga odamlar  yog‘ilib keladi. Ammo kunduzlari  namoz o‘quvchilar bir oz siyraklashgandek bo‘lib qoladi. Albatta taroveh namozining ajri ulug‘, Biroq yodda tuting, Alloh taolo bizga kunda besh mahal namoz o‘qishni farz qilgan. Farz amalni mukammal ado etishda sustkashlik qilmang.

To‘rtinchi

Ramazon ­ – Qur’on oyi! Bu muqaddas oyda ko‘pchilik  Qur’onni bir necha bor xatm qilish payida bo‘ladi. Ba’zilarimiz Qur’onni uch marotaba, ba’zilarimiz besh marotaba xatm qilamiz. Bu ajoyib musobaqaga o‘xshaydi. Ayniqsa, oyatlar ma’nosi tushunib o‘qilganda savobi yanada ulug‘ bo‘ladi. Shu muqaddas oyda  Qur’on o‘qib qalbimizni nurga to‘ldiraylik.

Beshinchi

Taqvodor bo‘laylik. Alloh taolo bandalariga taqvo qilishni buyurib, Baqara surasining 183-oyatida quyidagicha marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi* sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”.

Oyatda aytilganidek  ro‘zadorlik  ortidan taqvodor bo‘lishga chaqirilmoqda. Taqvodor odam o‘z  nafsini  jilovlaydi. Shubhali narsalardan uzoq bo‘ladi. Taqvo so‘zi ko‘p tillarda mavjud emas. Uning asl ma’nosi “Alloxdan qo‘rqish, U belgilagan hadlardan oshmaslik va oxiratni o‘ylab yashashdir”. Taqvo faqat Allohdan qo‘rqqanimiz barobarida unga bo‘lgan cheksiz muhabbatimiz sabab bo‘lsa yanada yaxshi.

 

   

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Masjidlarda "yashil energiya": 1 900 dan ortiq jomeda quyosh panellari o‘rnatildi

29.07.2026   6959   1 min.
Masjidlarda

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu ezgu tashabbus doirasida yurtimizdagi masjidlarda ham quyosh panellari va geleokollektorlarni o‘rnatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

2026 yil 29 iyul holatiga ko‘ra asosiy ko‘rsatkichlar:

Respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjiddan:

1 910 tasi (88,4%) quyosh panellari bilan ta’minlandi (umumiy quvvati — 14,3 MVt / 14 315,5 kVt);

1 020 tasi (47,2%) issiq suv ta’minoti uchun geleokollektorlar bilan jihozlandi (umumiy sig‘imi — 206 470 litr).

Hududlar kesimida yetakchilar:

To‘liq qamrov: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi deyarli barcha masjidlarga quyosh panellari o‘rnatib bo‘lindi.

Eng yuqori quvvat: Toshkent shahri (2 559 kVt), Toshkent viloyati (1 706 kVt) va Samarqand viloyati (1 436,5 kVt) yetakchilik qilmoqda.

Geleokollektorlar bo‘yicha: Andijon (182 ta), Namangan (181 ta) va Toshkent viloyati (172 ta) masjidlarida eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.

Qayta tiklanuvchi energiya tizimlarining joriy etilishi elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfini sezilarli darajada kamaytirib, masjidlarning kommunal xarajatlarini qisqartirish hamda atrof-muhit muhofazasiga munosib hissa qo‘shish imkonini bermoqda.

Kelgusida qolgan 251 ta masjidga quyosh panellari va 1 141 ta masjidga geleokollektorlarni bosqichma-bosqich o‘rnatish va respublikadagi sig‘imlarni to‘liq «yashil energiya»ga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Nodirbek Qodirov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi

O'zbekiston yangiliklari