Ramazon Qur’on oyi. Bu oyda Qur’on nozil bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hazrati Jabroil alayhissalomga har yili Ramazon oyida Qur’onni o‘qib berardilar. Ulug‘larimiz bu fazilatli oyda qiladigan asosiy ishlaridan biri Qur’oni Karimni xatm qilish bo‘lardi.
*****
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh Ramazon oyida kunduzi bir xatm, har uch kunda taroveh namozidan keyin yana bir xatm qilar edilar.
*****
Sa’id ibn Jubayr rahimahulloh har ikki kechada Qur’onni xatm qilardilar.
*****
Zubayd Yomiy Ramazon oyi kelsa, Qur’onni tilovat qilishga astoydil kirishar va do‘stlarini ham shu ishga jamlardilar.
*****
Valid ibn Abdulmalik rahimahulloh har uch kunda Qur’onni bir marta xatm qilardilar. Ramazon oyida jami o‘n yetti marta xatm qilishga erishardilar.
*****
Abu Avona aytadilar: “Qatodaning Ramazon oyida Qur’ondan dars berayotganini ko‘rdim”.
*****
Qatoda hazratlari yil davomida Qur’onni o‘qib yurib, har yetti kunda bir marta to‘liq o‘qib chiqardilar. Ramazon oyi kelganda, har uch kunda bir marta to‘liq o‘qib chiqardilar. Ramazonning oxirgi o‘n kunlarida esa har kecha bir marta to‘liq o‘qib chiqardilar.
*****
Imom Shofeiyning shogirdlaridan Rabiy’ ibn Sulaymon aytadi: “Shofeiy Ramazon oyida Qur’onni oltmish marta xatm qilardilar. Ya’ni har kecha ikki martadan xatm bo‘lardi. Ramazondan boshqa oylarda esa har oy o‘ttiz martadan xatm qilardilar”.
*****
Qosim ibn Ali otasi Ibn Asokir haqlarida bunday deydi: “Otam jamoat namozini, Qur’on tilovatini qoldirmas edilar. Odatda har juma Qur’onni bir marta xatm qilardilar. Ramazonda esa har kuni xatm qilardilar”.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.
Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!
Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.
Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».
Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.
Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.
Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi