RUXSAT SO‘RASH ODOBI
Izn so‘rashning ham o‘ziga yarasha odoblari bor. Bu odoblar Alloh taoloning ulug‘ Kalomida qay tariqa bayon qilinganiga e’tibor qaratamiz:
«Ey imon keltirganlar, o‘z uylaringizdan o‘zga uylarga to izn so‘ramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha, kirmangiz. Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Zora, (bu gapdan) eslatma olsangizlar» (Nur, 27).
Bir kishi Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kirishga izn so‘rab, “Kiraymi?” dedi. Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Assalomu alaykum, kirsam maylimi?” deb aytishni o‘rgatdilar. U odam: “Assalomu alaykum, kirsam maylimi?” dedi va uning ichkariga kirishiga izn berdilar. Ruxsat so‘rash bilan birga, salom berish ham o‘zaro do‘stlik va muhabbatni izhor qilishdir.
«Bas, agar u (uy)larda hech kimni topolmasangiz, unda sizlarga izn berilmaguncha ularga kirmangiz. Agar sizlarga “qaytingiz” deyilsa, qaytib ketaveringlar. Shu sizlar uchun eng toza (yo‘ldir). Alloh qilayotgan ishlaringizni bilguvchidir» (Nur, 28).
Islom odobida izn so‘rash uch marotaba bo‘lib, birinchisida ichkaridagi odam eshitadi, ikkinchisida o‘zlarini tuzatib oladilar va uchinchisida esa kirishga ruxsat beradilar yoki qaytaradilar. Agar ichkaridan sizga hech kim javob bermasa, u yerga kirmasligingiz lozim bo‘ladi.
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لِيَسۡتَٔۡذِنكُمُ ٱلَّذِينَ مَلَكَتۡ أَيۡمَٰنُكُمۡ وَٱلَّذِينَ لَمۡ يَبۡلُغُواْ ٱلۡحُلُمَ مِنكُمۡ ثَلَٰثَ مَرَّٰتٖۚ مِّن قَبۡلِ صَلَوٰةِ ٱلۡفَجۡرِ وَحِينَ تَضَعُونَ ثِيَابَكُم مِّنَ ٱلظَّهِيرَةِ وَمِنۢ بَعۡدِ صَلَوٰةِ ٱلۡعِشَآءِۚ ثَلَٰثُ عَوۡرَٰتٖ لَّكُمۡۚ لَيۡسَ عَلَيۡكُمۡ وَلَا عَلَيۡهِمۡ جُنَاحُۢ بَعۡدَهُنَّۚ طَوَّٰفُونَ عَلَيۡكُم بَعۡضُكُمۡ عَلَىٰ بَعۡضٖۚ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمُ ٱلۡأٓيَٰتِۗ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٞ٥٨
«Ey imon keltirganlar! Qo‘l ostingizdagi (qul va cho‘ri)laringiz hamda balog‘atga yetmagan (farzand)laringiz uch marta (huzuringizga kirishda) sizlardan izn so‘rasinlar – bomdod namozidan ilgari, peshin vaqtida (issiqdan) kiyimlaringizni tashlagan paytingizda va xufton namozidan keyin. (Bu) uch (vaqt) sizlarning avratlaringiz (ochiq bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaqtlar)dir. Ular o‘sha (vaqtlar)dan so‘ng (izn so‘ramay kirsalar) sizlarga ham, ularga ham gunoh yo‘qdir. (Chunki) ular sizlarga, biringiz biringizga kelib-ketib turuvchidirsiz. Alloh oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir» (Nur, 58).
وَإِذَا بَلَغَ ٱلۡأَطۡفَٰلُ مِنكُمُ ٱلۡحُلُمَ فَلۡيَسۡتَٔۡذِنُواْ كَمَا ٱسۡتَٔۡذَنَ ٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِهِمۡۚ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمۡ ءَايَٰتِهِۦۗ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٞ٥٩
«Qachonki, go‘daklaringiz balog‘atga yetsa, bas, ular ham xuddi o‘zlaridan oldingi (balog‘atga yetgan)lar kabi izn so‘rasinlar! Alloh O‘z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur. Alloh bilim va hikmat shibidir» (Nur, 59).
Ushbu oyatlarda, Alloh taolo amriga binoan, farzandlar va xonadon xizmatkorlari o‘z ota-onalari va uy sohiblaridan aytib o‘tilgan uch paytda izn so‘rab kirishi lozimligi bayon etilmoqda.
Birinchisi, bomdod namozidan avval, chunki bu vaqtda kishilar o‘rinlarida orom olayotgan bo‘ladilar.
Ikkinchisi, tush payti. Bu vaqtda ham kishilar aksariyat hollarda o‘z ahli bilan birgalikda dam olayotgan payt bo‘ladi.
Uchinchisi, xufton namozidan so‘ng. Ushbu vaqt tun mahali bo‘lib, dam olish yoki yotish paytidir.
Bu uch paytda kattalar yoki xonadon egalari huzuriga kirish uchun izn so‘rash shariatimiz qoidasiga muvofiq shart qilindi. Mazkur vaqtlarda er yoki xotin yosh farzandlaridan xoli bo‘lib, xos bir holatda bo‘lishi tabiiydir. Agar yosh bolalar balog‘at yoshiga yetsalar, bu uch vaqtdan tashqari paytlarda ham izn so‘rash lozim bo‘ladi.
Farzandlarning tarbiyali, chiroyli xulq egalari va yetuk insonlar bo‘lishlarida Islom dini ta’limoti naqadar ahamiyatli ekani Qur’on oyatlarida yaqqol ko‘rinib turibdi.
Izn so‘rashning ham o‘z odoblari bo‘lib, ular quyidagilardir:
Avval salom berib, so‘ng izn so‘rash
Abu Dovud rivoyat qiladi. Omir qabilasidan bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uyda bo‘lgan vaqtlarida izn so‘radi va: “Kirsam maylimi?” dedi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xizmatchiga: “Chiqib, unga izn so‘rashni o‘rgatgin, “Assalomu alaykum, kirsam maylimi?” deb aytsin”, dedilar. Shunda u bu so‘zni eshitib, “Assalomu alaykum, kirsam maylimi?” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga ruxsat berdilar va u kirdi.
Ismini, sifatini yoki kimligini bildirish
Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Sahih” kitoblarining “Isro” hadisida keltiriladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “So‘ngra Jabroil (alayhissalom) dunyo osmoniga ko‘tarildi va eshikni taqillatdi. Shunda:
So‘ngra men bilan ikkinchi, uchinchi osmonga va boshqalariga ko‘tarildi. Har bir osmon eshigida “Kim?” deyildi. “Jabroil (alayhissalom)”, dedilar».
Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Sahih” kitoblarida Abu Musodan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bog‘ning qudug‘ida o‘tirganlarida, Abu Bakr (roziyallohu anhu) kelib izn so‘radi. Abu Muso:
– Kim? – dedi.
– Abu Bakr (roziyallohu anhu).
So‘ng hazrat Umar keldi, izn so‘radi.
– Kim? – dedi Abu Muso.
– Umar, – dedi.
So‘ngra Usmon ham shunday qildi.
Demak, birovning eshigiga borgan odam avvalo o‘zini tanishtirishi lozim bo‘lar ekan. Shu o‘rinda ba’zi kishilarning xattiharakatlari yodga tushadi. Ayniqsa, ayrim yoshlar telefon orqali boshqalarni bezovta qilib, o‘zining kimligini bildirmasdan, turli keraksiz gaplarni so‘zlashi uchrab turadi.
Muborak Ramazon oyida ham yosh bolalar va o‘smirlar bemahalda eshiklarni taqillatib, odamlarni bezovta qilib “Ramazon” aytib yurishadi. Bu odat ham dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq kelmaydi, chunki mo‘tabar manbalarimizda bu haqda biror-bir ma’lumot yo‘q.
Kezi kelganida “Ramazon” aytish tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, ajdodlarimiz azaldan ulug‘ oy Ramazonni juda katta xursandchilik bilan qarshi olishgan. Hattoki yoshlar bu quvonchlarini ohangga solib kuylashgan, shodliklarini boshqalarga ham yetkazib, bir-birlarini qutlashgan. Bunday ulug‘ xushxabarni olib kelganlarni yanada xushnud qilish uchun saxovatli ota-bobolarimiz shirinliklar bilan siylaganlar. Ko‘rinib turibdi, “Ramazon” aytib bemahalda odamlar bezovta qilinmagan yoki biron narsa tama qilish maqsad etilmagan. Shu bois farzandlarimizga bu odatni ham to‘g‘ri ma’noda tushuntirishimiz lozim.
Uch marta izn so‘rash
فِي الصَّحِيحَيْنِ عَنْ أَبِي مُوسَى الْأَشْعَرِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “الْإِسْتِئْذَانُ ثَلاَثٌ فَإِنْ أُذِنَ لَكَ وَإِلاَّ فَارْجِعْ”
Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Sahih” kitoblarida Abu Muso Ash’ariydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Izn so‘rash uch martadir. Agar senga izn berilsa, kirgin, izn berilmasa, bas, qaytgin”, dedilar.
Birinchi marta izn so‘rash bilan ikkinchisining orasida to‘rt rakaat namoz o‘qish muddaticha kutish mustahabdir. Chunki xonadon sohibi namozda yoki zarur ish bilan band bo‘lishi mumkin. Shu bois bir necha daqiqa kutish afzaldir. Uchinchi bor izn so‘ralganidan so‘ng ham javob bo‘lmasa, qaytib ketish lozim ekan. Shunday hollarda ba’zilar eshikni o‘zlari ochib kirishlari dinimiz qoidalariga ziddir.
Eshikni ohista taqillatish
Xususan, ota-ona, ustoz yoki biror ahli ulamo yoki fazilat sohibining xonadoniga tashrif qilinadigan bo‘lsa, yanada tavoze’ va odob bilan eshikni ohista taqillatish zarur. Bu borada sahobalar va salaf ulamolarimiz odoblari qay darajada yuksak ekaniga e’tibor beramiz:
رَوَى الْبُخَارِيُّ فِي (الْأَدَبِ الْمُفْرَدِ) عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: أَنَّ أَبْوَابَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَتْ تُقْرَعُ بِالْأَصَابِعِ”
Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” asarida Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. “Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) eshiklarini barmoqlar bilan taqillatishardi”.
Salaflar ulug‘larning eshiklarini tirnoqlari bilan taqillatardilar. Bu ehtirom va odobning yuqori cho‘qqisidir. Ammo uy egasi eshikdan uzoqroqda ekani ehtimoli bo‘lsa, bunday vaziyatda eshitiladigan tarzda taqillatiladi. Bugungi holatlarda, ya’ni eshikda qo‘ng‘iroq chaluvchi moslama bo‘lsa, undan foydalanganda ham uzoq muddat bosib turmaslik yoki ketma-ket, qayta-qayta, tez-tez bosavermagan ma’qul. Chunki izn so‘rovchining eshikni yengil, latif taqillatishi uning lutfu odobi, xulqi va go‘zal muomalasidan dalolatdir.
Izn so‘rash paytida eshikka ters turish
Mabodo eshikni ayol kishi ochadigan bo‘lsa, begona kishiga ko‘zi tushmasligi va uni xijolat qilmaslik maqsadida izn so‘rash odobidagi ushbu qoidaga rioya qilish talab etiladi. Izn so‘rash barobarida nazar solishda ehtiyotkor bo‘lish shart. Buni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalariga ta’kidlab: “Albatta, izn so‘rash ko‘zni (joiz qarashdan) saqlash uchundir”, dedilar. Ya’ni, eshik taqillatib ruxsat so‘ralganida, nazarni olib qochishning boshqa iloji yo‘q. Shu sababdan eshikka ters yoki yon bilan turish joizdir.
Imom Tabaroniy Abdulloh ibn Basardan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Uyga kelishda eshikning qarshisida turmanglar, eshikning yonida turib izn so‘ranglar. Agar izn berilsa kiringlar, ruxsat berilmasa, qaytinglar”, deganlar.
رَوَى أَبُو دَاوُدَ: “ كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إذَا أَتَى بَابَ قَوْمٍ لَمْ يَسْتَقْبَلِ الْبَابَ مِنْ تِلْقَاءِ وَجْهِهِ وَلَكِنْ مِنْ رُكْنِهِ الْأَيْمَنِ أَوِ الْأَيْسَرِ وَيَقُولُ: السَّلاَمُ عَلَيْكُمْ، السَّلاَمُ عَلَيْكُمْ
Abu Dovud rivoyat qiladi. «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlar eshigiga kelganlarida yuzlari bilan eshikka yuzlanmasdilar, o‘ng yoki chap yonlarini eshikka qilardilar va: “Assalomu alaykum”, “Assalomu alaykum”, derdilar».
Uy egasi “qayt” desa, qaytish
Alloh taolo bunday deydi:
«...Bas, agar u (uy)larda hech kimni topmasangiz, unda to sizlarga izn berilmaguncha ularga kirmangiz! Agar sizlarga “qaytingiz” deyilsa, qaytib ketaveringlar! Shu sizlar uchun eng toza (yo‘ldir). Alloh qilayotgan ishlaringizni biluvchidir» (Nur, 28).
Ruxsat so‘rovchi kishiga xonadon egalari monelik bildirganida, darhol orqaga qaytishi lozimligi bayon etilmoqda. Chunki xonadondagi ayni muhit va vaziyat shuni taqozo qilayotgani uchun shunday javob bo‘ldi. Shu bois kelgan kishi kirish uchun biror bahona topishga harakat qilmay, orqaga qaytishi shart. Chunki Allohning buyrug‘i yuqoridagi oyati karimada shunga dalolat etmoqda.
Qatoda aytadi: Bir muhojir: “Butun umrim bo‘yi bu oyatdagi holatni qidirdim. Ammo bunday vaziyatga tushmadim. Bir vaqtlari kelib, ba’zi birodarlarimdan ruxsat so‘radim. Ular “qayt” dedilar. Bas, men xursand bo‘lgan holimda (ya’ni o‘sha oyatga amal qilganimdan) ortimga qaytdim”, dedi.
Bu Islom dinimizdagi “izn so‘rash” odoblarining eng muhim qoidalardandir. Farzandlarimiz shu fazilatlarga ega bo‘lib tarbiya topar ekan, albatta bugun, ertaga va to qiyomatga qadar davom etajak naslu nasabimizdan yana ulamolar, fozillar va o‘z ilmu ma’rifatlarining manfaatlari ila jahonni hayratga soladigan mashhur insonlar yetishib chiqadi, inshaalloh. Buyuk va Ulug‘, Qodir Rabbimizdan barchamiz iltijolar qilib, bu yo‘lda olib borayotgan ishlarimizda shijoat va barakotlar tilaymiz.
MAJLIS ODOBI
Bu yerda majlis so‘zi keng ma’noda ishlatiladi. Ikki kishining o‘zaro suhbati ham, ko‘p kishilarning mashvarati ham majlis so‘zi bilan ifodalangan. Uning odoblarini qismlarga bo‘lib bayon qilamiz.
Uchrashganida qo‘l berib ko‘rishish
رَوَى ابْنُ السُّنِّي وَأَبُو دَاوُدَ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ:” إِذَا الْتَقَى الْمُسْلِمَانِ فَتَصَافَحَا وَحَمِدَا اللهَ تَعَالَى واسْتَغْفَرَا غَفَرَ اللهُ لَهُمَا”
Ibn Sunniy va Abu Dovud rivoyat qiladi, Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ikki musulmon kishi uchrashib, qo‘l berib ko‘rishsa va Allohga hamd, istig‘for aytsa, ularni Alloh taolo mag‘firat qiladi”, dedilar.
فِي الْمُوَطَّأِ لِلْإمَامِ مَالكٍ عَنْ عَطَاءٍ الْخُرَسَانِي قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: تَصَافَحُوا يَذْهَبِ الْغِلُّ (الْحِقْدُ)، وَتَهَادَوْا تَحَابُّوا وَتَذْهَبِ الشَّحْنَاءُ
Imom Molik “Muvatto” asarida Ato Xurosoniydan rivoyat qiladi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zaro qo‘l berib ko‘rishinglar – nafratlanish yo‘qoladi, o‘zaro hadya beringlar – muhabbatli bo‘lasizlar va gina-kudurat ketadi” .
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ushbu hadis orqali ikki kishi uchrashganida, avvalo qanday ko‘rishish lozimligi haqida ta’lim berdilar. Hadisga muvofiq bir-biriga qo‘l berib ko‘rishish tavsiya qilingan. Asrlardan buyon ma’naviyati Islom ta’limoti bilan yo‘g‘rilgan xalqimiz ko‘rishish odobini yuksak darajada ado etib keldi. Afsus, bugungi ayrim yoshlar, ba’zan kattalar o‘rtasida ham ajabtovur bosh to‘qishtirish va shu kabi g‘ayrioddiy ko‘rishishlar paydo bo‘ldi. Farzandlar odoblar sardori bo‘lgan salomlashishda o‘zliklarini unutishi – bu juda ayanchli hol. Yoshlarimizga bunday ko‘rishish milliy va diniy urf-odatga to‘g‘ri kelmasligini tushuntirib, uni butkul tark etishlariga erishmog‘imiz zarur.
Uy egasi ko‘rsatgan joyga o‘tirish
Xonadon sohibi mehmonni qayerga o‘tqazishni rejalashtirgan bo‘ladi, shuning uchun bu ish mezbon ixtiyoriga havola etiladi. Bir hadisda: “Uy sohibi uydagi narsalarni biluvchidir”, deyilgan.
Alloh taboraka va taoloning quyidagi oyatini yana eslashga to‘g‘ri keladi:
«...Bas, agar u (uy)larda hech kimni topmasangiz, unda to sizlarga izn berilmaguncha ularga kirmangiz! ...» (Nur, 28).
Oyati mubiyndan ma’lum bo‘lmoqda, mehmon har narsada mezbonning ishorasiga tobe, ya’ni u nafaqat o‘tirish joyida, balki barcha holatda ham uy sohibiga bo‘ysunishi lozim. So‘ngra dasturxonga qo‘yilgan ovqatni yaxshi kayfiyat bilan tanovul qilish va o‘z o‘rnida ovqatni maqtash ham lozim. Bu borada yana bir hadisda: “Kim bir qavmning uyiga kirsa, bas, ko‘rsatilgan joyga o‘tirsin, chunki qavm o‘z hovlisining aybini biluvchiroq”, deyilgan.
Hatto mehmondorchilikdan qaytish vaqtini ham uy egasining holati va kayfiyatiga qarab belgilash kerak.
O‘rtada emas, kishilar qatorida o‘tirish
Bu ham muhim odob sanaladi. Bir davraga qo‘shilgan kishi, agar o‘rtada o‘tirsa, ba’zilarga orqa o‘girib qoladi. Ularga noqulaylik tug‘ilishi yoki ozor berish ehtimoli borligi uchun bundan qaytarilgan. Quyidagi hadisi sharif shu haqida:
رَوَى التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَبِي مِجْلَزٍ: “ أَنَّ رَجُلًا قَعَدَ وَسَطَ حَلْقَةٍ، فَقَالَ حُذَيْفَةُ: مَلْعُونٌ عَلَى لِسَانِ مُحَمَّدٍ أو لعن الله علَى لسان محمّد صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ قَعَدََ وَسَطَ الْحَلْقَةِ”
Imom Termiziy Abi Mijlazdan rivoyat qiladi:
«Bir kishi halqaning o‘rtasiga o‘tirdi. Shunda Huzayfa: “Halqa o‘rtasiga o‘tirgan kishini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) la’natlaganlar”, dedi».
Ushbu majlisda keng joy bo‘lgani nazarda tutilgan. Ammo tor joydagi majlisda odamlar o‘rtaga o‘tirishga majbur bo‘lsa, bunday vaziyatda hech bir zarar yo‘q. Imkoniyat o‘ta chegaralangan holatlarda taqiqlangan o‘rinda o‘tirishga ham ba’zi masalalarda ruxsat etilgan. Chunki dinimiz yengillik va qulaylikka buyurib, musulmonlarga og‘irlikni ravo ko‘rmaydi. Alloh taolo marhamat qiladi:
هُوَ ٱجۡتَبَىٰكُمۡ وَمَا جَعَلَ عَلَيۡكُمۡ فِي ٱلدِّينِ مِنۡ حَرَجٖۚ
«...Sizlarni (shu din uchun) U tanladi va dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi...» (Haj, 78).
Zarurat bo‘lsa, ikki kishi orasiga izn so‘rab o‘tirish mumkin. Amr ibn Shuaybdan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Ikki kishi orasini iznsiz ajratish halol emas”, deyilgan.
Keyin kelgan oxiriga o‘tiradi
Jobir ibn Samuradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Biz suhbat paytida Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelganimizda oxirgi joyga o‘tirardik” (Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Bu joyda oddiy odam kelganligiga ishora qilingan. Ammo majlis davomida ahli ilm yoki martabasi ulug‘ kishilar keladigan bo‘lsa, bunday paytda hozir bo‘lganlar yoki uy sohibi ularni munosib o‘ringa o‘tqizishida zarar yo‘q. Chunki bu odat Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam): “Insonlarni o‘z o‘rniga o‘tqizinglar”, degan hadislariga muvofiq bo‘ladi.
Yuqorida Abdul Qays elchilari Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelganida qanday olqishlaganlari va bag‘rikenglik qilganlari, ularning boshlig‘i Munzir ibn Oizga iltifot qilib o‘ng tomonlariga o‘tqizganlari haqida ham aytib o‘tildi.
Boshqalar huzurida sirlashmaslik
Abdulloh ibn Mas’uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Agar uch kishi bo‘lsangiz, ikki kishi uchinchi odam oldida shivirlashmasin, uni xafa qiladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Chunki uchinchi kishi suhbat mavzuidan gumon qilishi yoki unga befarq bo‘lganlaridan xafa bo‘lishi mumkin. Oqibatda sirlashgan, shivirlashganlar bir kishining qalbiga ozor yetishiga sababchi bo‘ladi. Ammo ikki kishini yoki undan ko‘pini suhbatdan chetda qoldirib, ikki kishi sirlashsa bo‘ladi.
Kim tashqariga chiqib qaytsa, o‘z o‘rniga
o‘tirishi mumkin
رَوَى مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ:“ إذَا قَامَ أَحَدُكُمْ مِنْ مَجْلِسِهِ ثُمَّ رَجَعَ إلَيْهِ فَهُوَ أَحَقُّ بِهِ”
Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlardan biringiz o‘rnidan turib (ketib), so‘ng o‘rniga qaytsa, bas, u bunga haqlidir”, dedilar.
Majlisdan chiqishga izn so‘rash
رَوَى الشَّيْخَانُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ:“ إِنَّمَا جُعِلَ الْإِسْتِئْذَانُ مِنْ أَجْلِ الْبَصَرِ”
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlarida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, ko‘z sababli izn so‘rash joriy etildi”, deganlar.
Mazkur joyda zikr etilgan izn so‘rash ma’nosida tashrif buyurgan kishi ketishga chog‘langanida xonadon sohibidan izn so‘rashi ham nazarda tutilgan. Chunki mehmon chiqib ketishida ham ko‘zi nojoiz joylarga tushib, uy sohibalari bo‘lmish ayollarni xijolat qilmasligi uchun ushbu hadisi muborak vorid bo‘lgan.
Shu tariqa Islomning ulkan odob va madaniyatlari bilan qalblari, turmushlari ziynatlangan ajdodlarimiz o‘z hayotlari davomida biror-bir holatda birovning haqiga xiyonat qilishni tasavvurlariga ham sig‘dirolmaganlar. Nadomatlar bilan tilga olishga majburmiz, keyingi paytlarda odobsiz, nopok kimsalarning nojoiz xatti-harakatlari sabab pokiza ayollar yomonotliq bo‘lib, yaxshi oilalar ajrashib, begunoh farzandlar yetimlikka mahkum bo‘lmoqdalar. Bu kabi voqealar, afsus, yon atrofimizda, qo‘ni-qo‘shnilarimizda, qarindoshu tanish-bilishlarimiz oilalarida sodir bo‘lmoqda. Barcha qabihliklar ulug‘ odobu axloqlarni mensimaslikdan, amal qilmaslikdan kelib chiqadi. Eng achinarlisi, “Qush inida ko‘rganini qiladi” deganlaridek, farzandlari ham ota-onalaridan bu illatlar borasida andoza olmoqdalar.
Shuning uchun muhtaram murabbiylar bor kuchlari ila kelajak avlodlarning odoblarini yuksak va axloqlarini go‘zal, qalblarini munavvar etib tarbiya qilishlari hamisha dolzarb vazifadir. Chunki yurtimiz kelajagi yanada buyuk, hayotimiz bundanda farovon bo‘lishi ilmu ma’rifatli, ma’naviyati yuksak yoshlarimizga bog‘liq.
Majlisning kafforat duosini o‘qish
Abu Baraza (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إذَا أَرَادَ أَنْ يَقُومَ مِنَ الْمَجْلِسِ قَالَ: سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ اَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إلَيْكَ” ، فَقَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ إِنَّكَ لَتَقُولُ قَوْلًا مَا كُنْتَ تَقُولُهُ فِيمَا مَضَى؟ قَالَ: ذَلِكَ كَفَّارَةٌ لِمَا يَكُونُ فِي الْمَجْلِسِ”
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) majlisdan turishni xohlaganlarida: “Subhanakallohumma va bihamdika ashhadu anla ilaha illa anta astag‘firuka va atubu ilayka”, dedilar».
(Ma’nosi: “Parvardigorim, senga tasbeh va hamd aytaman, sendan boshqa iloh yo‘q, senga istig‘for aytaman va senga tavba qilaman”.)
Bir kishi: “Yo Allohning Rasuli, siz bu so‘zni hech aytmagan edingiz, nega aytdingiz?” dedi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu majlisda bo‘lgan narsaga kafforat bo‘ladi”, dedilar.
Kishi bir joyga borganida insoniylik bois biror nojo‘ya so‘z gapirib qo‘yishi, bilmagan holda o‘tirganlardan birining diliga ozor berib qo‘yishi yoki mehmondorchilik odoblaridan chetga chiqishi mumkin. Bundan tashqari, shaytoni la’in turli gumonu xayollarni qalbga keltirib, vasvasa qilib, o‘tirganlar yoki uy egasi haqida bo‘lar-bo‘lmas gumonlarga borish ehtimoldan xoli emas. Ba’zilar bor, xonadonga kirishi bilan har tomonga alanglab, ne bir o‘ylarga bormaydilar: “Buncha narsani qayerdan topdi ekan?”, “Dasturxonini tuzukroq qilsa bo‘lmasmidi?”, “Taomining mazasi yo‘q” qabilidagi o‘y-gumonlarda bo‘ladi. Bu juda yomon odat sanaladi. Ana shunday xatolarni yuvish maqsadida, joyidan qo‘zg‘alayotganida ushbu kafforat duosi o‘qiladi.
KЕYINGI MAVZULAR:
SO‘ZLASHISH ODOBI:
Sof adabiy tilda so‘zlashish;
Ohista so‘zlash;
Fasohatli so‘zlashda takallufdan saqlanish;
Insonlarning aqliga qarab so‘zlash;
Malol va xalal bermaydigan so‘zlarni gapirish;
So‘zlovchiga e’tiborli bo‘lish;
Erkin muomalada bo‘lish;
Muloyimlik;
Tabassum fazilati.
Bugun, 11 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Malayziyaning Tun Xusseyn Onn nomidagi davlat universiteti huzuridagi Islomshunoslik instituti rahbari Xairun Nizam boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Mehmonlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov qabul qildi va tashrif bilan qutlab, Diniy idora faoliyati, bo‘limlari, xususan, Ta’lim va ilmiy tadqiqotlar bo‘limi haqida aytib o‘tdi.
Mehmonlar so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, turizm va boshqa sohalarda bo‘layotgan yangilanishlarni e’tirof etib, Islom sivilizatsiyasi markazi, qayta bunyod etilib, yanada chiroy ochgan Imom Buxoriy majmuasi, Mir Arab, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va boshqa diniy oliy ta’lim maskanlari tashkil etilganidan mamnun bo‘lganliklarini aytib o‘tishdi.
Uchrashuvda ta’lim-fan, ilmiy tadqiqot ishlarida o‘zaro hamkorlik qilish, ilmiy-ma’rifiy tajriba almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish masalalari haqida so‘z bordi.
Yakunda tomonlar bir-birlariga muvaffaqiyat tilab, esdalik uchun suratga tushib, esdalik hadyalari almashishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati