Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Mart, 2026   |   18 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:31
Quyosh
06:49
Peshin
12:39
Asr
16:35
Shom
18:24
Xufton
19:36
Bismillah
07 Mart, 2026, 18 Ramazon, 1447

Ekstremizm – ezguliklar kushandasi

25.02.2020   4208   6 min.
Ekstremizm – ezguliklar kushandasi

Hushyorlik – davr talabi

Keyingi yillarda, afsuski, ekstremizm chuqur ildiz otayotgan mudhish illat sifatida dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Jahonning turli burchaklarida ekstremistik o‘choqlar va tashkilotlar paydo bo‘lib, mutaassib a’zolari tomonidan aql bovar qilmas jinoyatlar sodir etilmoqda.

Ekstremistlarning asosiy maqsadi biror-bir davlatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarib, amaldagi tuzumni o‘zgartirish, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallash, milliy, irqiy, etnik va diniy adovat qo‘zg‘atish, ma’naviyatini yemirish, moddiy boyliklarini talash, qurol-yarog‘ va narkotiklar savdosini kuchaytirishdir.

“Ekstremizm” tushunchasi Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda qayta-qayta kelgan “g‘uluv”, “tug‘yon”, “haddan oshish” kabi so‘zlar bilan hamohang bo‘lib, dinimiz ta’limotida ularning barchasi qattiq qoralangan. Masalan, Qur’oni karimda Alloh taolo bandalarini g‘uluvdan qaytarib, bunday ogohlantiradi: «Ey ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha’ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz!..» (Niso surasi, 171-oyat). Boshqa oyati karima­da: “Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat), deb amr qilingan.

Muqaddas dinimizda yakkayu yolg‘iz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilib, birdamlikka chaqiriladi. Dinda g‘uluvga ketish, haddan oshish ixtilofga, guruhbozlikka, aqidaning buzilishiga olib keladi. Tarixda paydo bo‘lgan ravofiz, xavorij, mo‘tazila va boshqa toifalarning yuzaga kelishi, asosan, dinda g‘uluvga ketishning oqibatidir. G‘uluv mashaqqat bo‘lgani bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan ozib, dindan nafratlanib, bezib qoladilar. Oxir-oqibat shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, o‘zo‘ziga mashaqqat tug‘diradigan yangi bid’at amallarni o‘ylab topishi va dinni mashaqqatdan iborat qilib ko‘rsatishga sabab bo‘ladilar. Bu esa Islom dinining mo‘tadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta’limotlariga ziddir. Zero, yengillik berish Islomning asosiy shiorlaridan biridir.

Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Osonlashtiring, aslo qiyinlashtirmang. Bashorat bering, hech ham nafratlantirmang”, deyilgan.

Islom dini fasodga qarshi kurashib, oshkora va botiniy fitnalardan qaytargan. A’rof surasining 56-oyatida: «Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘ygandan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz!» deb amr etilgan.

Mufassirlar ushbu oyat tafsirida “arz”, ya’ni “yer” so‘zi, arab qoidalariga ko‘ra, aliflom bilan kelgani uchun muayyan bir joyga – Madina shahriga dalolat qiladi, deyishadi. Shunda oyatning mazmuni: “Madina shahri isloh qilinganidan keyin u yerda fasod ishlarni qilmang”, bo‘ladi. Madina – Yer yuzidagi kichkina shahar. Mana shu joyda ham fasod qilmaslikka buyurilyapti. Modomiki, kichik shaharda fasodga chek qo‘yilmas ekan, xuddi uchqun butun boshli o‘rmonning kulini ko‘kka sovurganidek, fasod ishlar – ekstremizm, terrorizm ham Yer yuzini vayron qiladi.

Hozirgi kunda ayrim davlatlarda g‘uluvga ketgan, qo‘li qonga botgan bir qancha ekstremistik guruhlar faoliyat olib borayotgani sir emas. G‘arb mamlakatlarining ba’zi ommaviy axborot vositalari ushbu ekstremistik guruhlarning qo‘poruvchilik harakatlarini Islom dini bilan bog‘lashga urinmoqdalar. Vaholanki, Islom dini ekstremizmni, terrorizmni qattiq qoralaydi, la’natlaydi. Dinimiz ekstremizmga qarshi kurashni o‘n besh asr oldin boshlagan. Islomning mo‘tadil din ekani uning har qanday ekstremizmga, xunrezlikka qarshiligining yaqqol isbotidir.

Turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolgan kimsalarning gumrohligi shundaki, ko‘r ko‘rni qorong‘ida topibdi deganiday, ular faqat o‘zlariga o‘xshash kishilarning gaplariga ishonishadi. Samimiy nasihat qilib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan olimlar u yoqda tursin, ba’zan ayrimlari ota-onasi, akasini ham tan olmaydi. Bular haqida Qur’oni karimda: «Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilingani­dan so‘ng, ulardan yuz o‘girgan kimsadan ko‘ra kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz» (Sajda surasi, 22-oyat), deb marhamat qilingan.

Shukrki, bag‘rikeng yurtda yashayapmiz. Mamlakatimizda shonli sanalar, bayramlar munosabati bilan adashib turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolib, ozodlikdan mahrum etilgan, ayni paytda qil­mishiga chin pushaymon bo‘lib, butunlay tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolarni afv etish to‘g‘risida muhtaram Prezidentimizning farmonlari e’lon qilinyapti.

Ibn Abbos roziyallohu an­humo muazzam Ka’ba devoriga suyanib bunday deganlar: “Ey Ka’ba! Allohning nazdida hurmating baland. Lekin agar seni yetti marta buzib vayron qilganimda ham bir musulmonga ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo‘lar edim”.

Vidolashuv hajida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, qoningiz, molingiz va obro‘yingiz bir-birinizga xuddi bugungi kunday, shu shaharday va shu oyday haromdir” (Imom Muslim rivoyati), deb ogohlantirganlar. .

Ibn Hajar Asqaloniy ushbu hadis sharhida: “Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam musulmonlarni qadri, ulug‘ligi, azizligi, hurmati ayon bo‘lgan narsalar: Qurbon hayiti, Makka shahri va muharram oyi kabi o‘zaro mollarini, jonlarini va obro‘larni hurmat qilishga da’vat qildilar”, deb ta’kidlaydi. .

Imom Shotibiy “Muvaffaqot” kitobida yozishicha, barcha samoviy dinlar kabi Islom ham besh narsani – nafs, jon, mol, aql va nas­lu nasabni himoyasiga olgan. Ekstremist va ularning ho­miylari esa guruhlar shu narsalarning hammasiga qarshi urush e’lon qilib, aqidani ham, iqtisodni ham, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni, tinchlik-totuvlik, ham­jihatlikni ham buzish payida bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, biz yoshlarning ongu shuurini har qanday zararli mafkuralardan, g‘oyalardan himoya qila olsak, odamlarga bugungi tinch va osuda hayotning qadriga yetishni o‘rtaga olsak, dunyoning ayrim mintaqalarida kuzatilayotgan urushlar, qonli to‘qnashuvlar, vayronagarchiliklar, din niqobi ostida sodir etilayotgan vahshiyona harakatlardan ogoh eta olsak, dinimizni, yurtimizni turli buzg‘unchi kuchlar adovatidan saqlagan bo‘lamiz. Zero, zararni daf etish foydani jalb qilishdan muqaddamdir.

 

Azizxo‘ja INOYATOV,

Buxoro viloyatidagi «Chor-Bakr» jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Ilmga intilmagan inson - o‘lik

06.03.2026   11661   1 min.
Ilmga intilmagan inson - o‘lik

Muhammad Rotib Nobulsiy hafizahulloh aytadilar: “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan. Allohga hamdlar bo‘lsin. Sayyidimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga va u zotning oila a’zolariga hamda sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin. Ulardan ham, bizdan ham rozi bo‘l, yo olamlar Robbi.

Shak-shubhasiz, koinot, jamodot, nabotot va hayvonot bir-biridan farq qiladi. Ularning ayrimlari jonsiz, qolganlari jonli. Ba’zilari vaznga ega, hajmi bor va h.k.

Ammo insoniyat boshqa jonzotlar farqli o‘laroq fikr yuritadi, tafakkur qiladi. Agar inson ilm izlamasa, Robbi uni qo‘ygan darajadan pastga tushadi, bu esa uning mavqeiga mos kelmaydi. Natijada, u o‘lik sanaladi.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Aslida, ularning hayvonlardan farqi yo‘q. Balki yana ham yo‘ldan ozganroqdirlar(Furqon surasi, 44-oyat).

“Ular xuddi suyab qo‘yilgan xodaga o‘xsharlar” (Munofiqun surasi, 4-oyat).

“Ustlariga Tavrot yuklatilgan, so‘ngra uni ko‘tarmaganlar misoli ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xsharlar” (Juma surasi, 5-oyat).

Inson mavjudligining sirini, hayotdan maqsadni va haqiqatni izlashi, o‘lim nima, o‘limdan keyin nima bo‘lishi haqida fikr yuritishi lozim.

Har bir aqlli odam ham dono emas. O‘tkinchi dunyo hayotining mayda-chuydalariga berilib ketmagan, o‘zini Allohning bandasi ekanini unutmagan, kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan Jannat uchun harakat qilgan inson – dono sanaladi. Bunga faqat ilm izlash orqali erishish mumkin.

Demak, agar kim dunyoni istasa, ilm izlasin. Oxiratni istasa, ilm izlasin. Agar har ikkisini ham xohlasa, ilm izlasin. Alloh buyukdir”.


Davron NURMUHAMMAD