Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan DXX xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbir davomida Koreya Respublikasiga ishga jo‘natishni va’da qilib, 5 kishidan jami 35 ming dollar olmoqchi bo‘lgan xususiy bandlik agentligi vakillari ushlandi.
«Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «O. xususiy bandlik agentligi» MCHJ xodimlari M.I., T.A. va fuqaro I.X. fuqaro L.K. va boshqalarning ishonchiga kirib, ularni aldab, 4 nafar o‘g‘illari va 1 nafar jiyanini noqonuniy ravishda, tegishli hujjatlar rasmiylashtirmasdan Koreya Respublikasiga ishga yuborish evaziga har biri uchun 7 000 AQSH dollaridan jami 35 000 AQSH dollari talab qilib, shundan, 17 500 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz'ga bergan ma’lumotda.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida «A.visa» MCHJ rahbari Sh.A. yuqorida nomlari keltirilgan 5 kishini noqonuniy ravishda Koreya Respublikasiga ishga yuborish evaziga bo‘nak sifatida 2 500 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bolalar bilan muomala qilish uslubi
Eringizning hurmatini joyga qo‘ying!
Erkak kishining oilada oila boshlig‘i, ota sifatida o‘z o‘rni bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun ayol kishi turmush o‘rtog‘iga nisbatan mehr-muhabbatli, ayniqsa, farzandlarining oldida otaning hurmatini joyiga qo‘ymog‘i kerak. Soliha ayol har qanday vaqtda otalarining buyuk shaxs ekanini bildirib turadi va otani hurmat qilish, uni yaxshi ko‘rishda bolalariga o‘rnak bo‘lib, amaliy yo‘l ko‘rsatadi. Farzandlariga otasining go‘zal xislatlarini o‘rnak sifatida aytib beradi. Onaning farzandiga: “Mana shunday qilsang otang sendan xursand bo‘ladi. Bunday qilmagin, dadangning jahllari chiqadi. Dadangning sendan jahli chiqsa, Allohning ham g‘azabi keladi”, deya pand-nasihatlar qilmog‘i maqsadga muvofiqdir.
Arzimas bo‘lsa ham hadyalar bering!
Farzandingizga kichik bo‘lsa-da, hadyalar bering. Bayram kunlari, biror muvaffaqiyatga erishganliklari munosabati bilan, ayniqsa, hayit kunlari buni unutmang. Bu bilan farzandingizning sizga bo‘lgan mehr-muhabbati, e’tibori ortadi, kayfiyati ko‘tariladi, yaxshiliklar sari intiladi. Sovg‘alaringiz ichida u qiziqqan kitoblar bo‘lsa, undan-da yaxshi.
Farzandingizga quloq soling!
Farzandingiz bog‘chasida yoki maktabida nima bo‘lganini aytib berish uchun oldingizga kelsa, uning shashtini qaytarmang. So‘zlarini diqqat bilan tinglang. U siz bilan o‘zining his-tuyg‘ularini bo‘lishmoqchi bo‘ladi. Farzandingizning muvaffaqiyatlarini rag‘batlantiring, agarda u imtihondan yuqori baho olsa, yilni a’lo baholarga yakunlab, maqtov yorlig‘i bilan taqdirlansa, siz ham farzandingizni munosib baholang, shirin so‘zlaringiz bilan uni yanada ilhomlantiring.
Farzandlaringiz bilan hazillashib turing!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bolalar bilan hazillashar va ularga mehr ko‘rsatar edilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nevaralari Hasayinni o‘pdilar. U zotning oldilarida tamiymlik Aqro ibn Hobis o‘tirgan edi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Mening o‘nta bolam bor, ulardan birontasini ham o‘pmagan ekanman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rahm qilmagan kishiga rahm qilinmaydi” [1], dedilar».
Nabiy alayhissalom bolalar bilan hazillashar, ularning boshlarini silar edilar. Bolalar esa u zotning taftini, mehrini his qilishardi. Abdulloh ibn Ja’far roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llari bilan mening boshimni siladilar va: “Alloh, Ja’farga bolasi uchun o‘rinbosar bo‘l” [2], dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalarning yanoqlarini silaganlari borasida “Sahihi Muslim”da rivoyat keltiriladi. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga namoz o‘qidim, keyin u zot uylariga chiqib ketdilar, men ham birga qo‘shilib oldim, yo‘lda ikkita yosh bola u zotning qarshilaridan chiqdi, har birining yanoqlarini alohida-alohida silab qo‘ydilar”.
Muoviyya roziyallohu anhu: “Kimning kichik yoshdagi farzandi bo‘lsa, farzandi bilan munosabatda o‘zini bolalardek tutsin”, deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Muttafaqun alayh.
[2] Imom Hokim rivoyati.