Sayt test holatida ishlamoqda!
23 May, 2025   |   25 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
04:58
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:45
Xufton
21:18
Bismillah
23 May, 2025, 25 Zulqa`da, 1446

Ezgulik nurini taratuvchi maskan

14.01.2020   2879   2 min.
Ezgulik nurini taratuvchi maskan

Yaqin vaqtgacha ko‘pchilik poytaxtimizda joylashgan Suzuk ota ziyoratgohi haqida bilmas, u yerdagi maqbara va eski masjid esa zax tortib qolgan edi. Bugun ushbu majmuada Suzuk ota maqbarasi va masjidi, muzey, do‘kon, kutubxona va boshqa binolar qad rostladi. 1,3 gektar hududda hunarmandlar uchun ikki qavatli o‘ttizta namunaviy uy-joy barpo etildi.

Suzuk ota

Asl ismi Mustafoqul bo‘lgan Suzuk ota Xoja Ahmad Yassaviyning qizi Gavhari Xushtojning kenja farzandi bo‘lgani, 1140 yili Turkistonning Qorachuq qishlog‘ida tug‘ilgani, bobosi Ahmad Yassaviy uni: “Mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!” deb erkalagani sababli Suzuk deb nom olgani manbalarda qayd etilgan.

Suzuk ota mahallasi

– Taqdir taqazosi bilan Suzuk ota Toshkentdagi Chaqar, Chuqurko‘prik va Mirlar mahallalarida yashab, bu yerlarni obod qiladi, – deydi “Suzuk ota” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Sobitxon Tursunov. – Keyinchalik o‘z yurtidan yaqinlari, qorilar, usta-hunarmandlarni olib keladi. O‘sha paytda bu mahalla “Ustalar”, “Xo‘jalar” mahallasi deb yuritilgan. Mustafoqul yoshlarga hunarmandchilik va boshqa kasb-kor sirlarini o‘rgatadi. Yuzlab shogirdlarga piri komil bo‘ladi. 1217 yili u kishi vafot etadi va keyinchalik mahalla “Suzuk ota” deb ataladi. Mahalla nomi sho‘rolar davrida “Bauman”, “Komintern”, “Qahramon” va “Obod” deb o‘zgartirildi. 1996 yili uning tarixiy nomi qayta tiklandi.  

Suzuk ota me’moriy majmuasi

Ushbu me’moriy majmua XVI–XIX asrlarda bunyod etilgan, biroq turli talato‘plar oqibatida buzilib, xarobaga aylangan edi, – deydi “Suzuk ota” jome masjidi imom-xatibi Ayubxon Sufiyev. – Majmua 2018–2019 yillarda qayta bunyod etildi. XIX asrda Suzuk ota maqbarasi, uning atrofidagi qabriston obodonlashtirilib, masjid barpo etilgan. 1930 yili masjid va madrasa yopilib, metall buyumlar korxonasiga aylantirilgan. Keyinchalik tabiiy va ijtimoiy sababga ko‘ra buzilib ketgan. Vayron bo‘lgan maqbara ostki qismida 2,5 metrli keng xona borligi aniqlandi.  Suzuk ota maqbarasi asl ko‘rinishida kayta tiklandi. Maqbara ichkarisidagi beshta daxma Yassaviya tariqati shayxlariga tegishli.

Suzuk ota masjidi

Yangi masjid xonaqohi 1200 namozxonga mo‘ljallangan. Jomening mahobatli gumbazi, ikkita 36 metrli minorasi, shinam ayvon va sharqona uslubdagi eshiklari namozgohga o‘zgacha salobat baxsh etib turibdi. Ayvonning ayrim joylari restavratsiya (qayta tiklandi) qilindi.

Bugun Suzuk ota majmuasi nafaqat ma’naviyat va ezgulik nurini taratuvchi muhtasham maskanga, balki xorij va yurtimiz ziyoratchilarining muborak qadamjosiga aylandi.

Bahriddin XUSHBOQOV 

tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Makkai Mukarramaning Qur’onda kelgan ismlari

23.05.2025   165   5 min.
Makkai Mukarramaning Qur’onda kelgan ismlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

1. Makka.

«Makka»ning lug‘aviy ma’nosi halok etdi, noqis qildi, demakdir. Bu yurtning Haram deb nomlanishiga sabab — u gunohlarni kamaytiradi va ularni yo‘q qiladi yoki u yerda zulm qilgan kishi halok etiladi. Ya’ni, u zo‘ravonlarni halok qiladi, g‘ururlarini ketkazadi.


2. Bakka.

Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qiladi: «Odamlarga muborak, olamlarga hidoyat qilib qo‘yilgan birinchi uy Bakkadagi uydir» (Oli Imron surasi, 96-oyat).

«Bakka» so‘zining lug‘aviy ma’nosi buzish, ajratish, bekor qilish, iftixorni rad qilish, pasaytirish, bo‘ysundirish, deganidir. Makkaning Bakka deb nomlanishi u yerda odamlarning izdihom qilib to‘planishi yoki Makka zo‘ravonlarining bo‘yinlarini egish ma’nosi borligi sababidandir. Zero, Alloh taolo zo‘ravonning g‘ururini sindirganidan keyingina u Makkani qasd qiladi. Makka mutakabbirlarining g‘ururini pasaytirish ma’nosidadir. Bakka deganda iroda qilinadigan joy haqida to‘rtta qavl bor:

- u Ka’ba joylashgan o‘rinning ismidir;

- u Baytullohning atrofi, Makka va uning yonidagi joylardir;

- u masjid va Baytullohning nomidir;

- Makka – haramning hammasi uchun qo‘yilgan ism. Albatta, Bakka – bu Makka deganidir. («Zod al-Musir fi ilmit-tafsir», «Qomus al-Muhit»)


3. Ummul-Quro.

Alloh taolo Qur’oni Karimda aytadi:

«Bu (Qur’on) bir muborak, o‘zidan oldingi kitoblarni tasdiqlaydigan, barcha qishloqlarni (va shaharlarning) onasi – markazi bo‘lmish (Makka ahlini) hamda uning atrofidagi kishilarni (oxirat azobidan) ogohlantirishingiz uchun O‘zimiz nozil qilgan Kitobdir» (An’om surasi, 92-oyat).

Makka — qishloqlarning onasi. Uning bunday deb nomlanishi haqida ham to‘rtta so‘z bor:

- Yer Makkaning pastki qismidan tekislangan. U yerning kindigida va dunyoning o‘rtasida joylashgandir. Ya’ni, yer kurrasi sathidagi quruqlikdir. Makkai Mukarrama atrofida yer yuzi tartib bilan taqsimlangan. Makka quruq yerning markazi hamda yer kurrasi sathidagi barcha shaharlardan namoz uchun yuzlaniladigan tomondir.

Ilmiy falakiyot tadqiqotlari Makkai Mukarramaning ko‘ksiga bino etilgan Ka’ba Yerning markazida, deb isbotlagan.

- U yer eng qadimiy joydir.

- Ka’ba barcha odamlar yuzlanadigan qibladir.

- U obro‘-e’tibor jihatidan qishloqlarning eng buyugidir.


4. Al-Balad.

Bu yerda «balad» so‘zidan maqsad Makkadir.


5. Baladul amin.

Ibn Javziy: «Bundagi shahar Makkai Mukarramadir. Johiliyatda ham, Islomda ham qo‘rqoqlar bu shaharda omon yurishgan», deganlar.


6. Baldatu.

Ibn Javziy: «U Makka shahri», deb aytganlar.


7. Haroman amina.

Bu shahar tarix mobaynida qanday din yoki mazhab bo‘lishidan qat’i nazar, tinch-osoyishta bo‘lib kelgan. U yerga faqat ehromdagina kirilgan. Agar biror xavf yetgudek bo‘lsa, o‘sha tinch joyga qochib kirishgan. Bu osoyishtalik nafaqat inson, balki hayvonot va nabototni ham o‘z ichiga olgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda: «Albatta, bu shahar yeru osmon xalq qilinganidan beri Alloh u yerda (hayvon ovlash, o‘simlikni payhonlashni) harom qilgan», deganlar.

To qiyomat kunigacha Alloh harom etgani sababli u yerda biror tikanni uzish yoki ovni haydab ketish haromdir.


8. Vodin g‘oyri ziy zar’in.

Ibn Javziyning aytishlaricha, «ekin o‘smaydigan vodiy» Makka shahri bo‘lib, u yerda ekin o‘smaydi, suv ham bo‘lmaydi.


9. Ma’ad.

Ibn Abbos aytadilar: «Ya’ni, sizni Makkaga, albatta, qaytarguvchidir».


10. Qorya.

Ibn Javziy: «Qishloqdan murod, Makka shahridir», deganlar.


11. Masjidul Harom.

Bundan to‘rt ma’no nazarda tutiladi:

- Ka’ba;

- Ka’ba va uning atrofidagi masjid;

- Makkaning jamiki joyi;

Qatoda: «Masjidul Harom Makkadir», dedilar.

- Haramning barcha joyi;

Ibn Abbos va Ato: «U Haramning jamiki yeridir», deyishgan.

«Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari» kitobidan.

Maqolalar