Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Noyabr, 2026   |   20 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:04
Quyosh
07:23
Peshin
12:17
Asr
15:13
Shom
16:58
Xufton
18:15
Bismillah
30 Noyabr, 2026, 20 Jumadul soni, 1448

ONAM BO'LSAYDI...

24.08.2023   1268   3 min.
ONAM BO'LSAYDI...

Maktublarda manzaralar

Yil seryog'in bo'ldi. Yomg'irdan qochib, tushlik qilish uchun tamaddixonaga kirdim. Bu erdagi taomlarni egan har qanday odam yoqtirib qolishi, totini yana qo'msashi tayin. Hizmat o'z-o'ziga. Navbatga turdim. Galim kelgach, non-choy, eguliklar olib, bo'sh joydan biriga o'tirdim.

Yaqinimda ona-bola tamaddi qilishar, qiz onasiga juda o'xshardi. Uning ko'zlari  qora, kipriklari onasinikidan ham uzunroq, jingalak sochlari dolchin rang edi. Qiz onasiga ovqat tutqazar, ro'molini to'g'rilab qo'yardi. Ona go'shtni chaynay olmayotgani ko'rinib turar, umuman, u eyishga qiynalayotgandi. Taomni qiziga ilinar, qizi esa taomni qoshiqda maydalab onasining ra'yiga qarab, go'daklardek edirardi...

Ularning bu holi menga allanechuk ta'sir qildi. Yoshligim, ota-onam yodimga tushdi. Ayniqsa, onamning bizlarga erinmay ovqat edirishlari ko'z oldimga keldi. Qani edi hozir onam bo'lganida... Men ham shunday taomlantirgan, xursandligidan shodlangan, qo'llarini tutib lablarimga bosgan, ko'zlarimga surgan bo'lardim...

Ona etmish, qizi o'ttiz besh yoshlar atrofida edi. Tamaddi qilib bo'lishgach, qiz ho'l sochiqcha bilan onasining yuz-qo'lini avaylab artdi. Idishlarni  taxladi. O'tirgan joylarini ham artib-surtdi. Keyin ona duoga qo'l ochib, Allohga hamdlar aytgach, qizi haqiga to'liqib duo qildi. So'ng:

­­­­­­– Endi, qizim qani yur, ketdik! Turishimga yordam ber, –­ dedi ko'zoynagini taqarkan.

Qiz onasining hassasini qo'liga berib, qo'ltig'idan ushlab, turib olishiga yordam berdi.

– Barakalla, seni Hudo yorlaqasin, ona qizim! Doim omon bo'lgin!..

Qaltirab o'rnidan turarkan, hassasini siqib ushlab, bir qo'li bilan qizining qo'lidan tutgan ona qiziga mehr bilan qarar, qizi ham onasiga tabassum qilib turardi.

O'tirgan o'rindiqlarini ham joyiga surib qo'yishdi. Qiz onasiga iltifot qildi:

– Endi qayoqqa borgingiz kelyapti, onajon?

– Qayoqqa ketardik, jon bolam, uyga-da!—dedi xursand holda qizining qo'lidan ushlab ona. – Qarilik-da, qizim, taom eganimga ham toliqib qoldim...

Ular asta-sekin eshik tomon yurarkan, o'rnimdan turib ularga peshvoz yurdim:

– Otangizga raxmat, qizim! Baraka toping. Afsus, shugina mehrni ham ota-onasiga bermay yurganlar yo'q emas. Ilohim, siz onangizni quvontirganingiz kabi bolalaringiz sizni sevintirsin...

Ular chiqib ketgach, o'ylab qoldim: taomning toti shirinmi, mehrningmi?..

                                                                         Fazliddin ABDUNAZAROV,

Quva tumani 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiyalik adib O‘zbekiston haqida yozgan to‘rtta kitobini Islom sivilizatsiyasi markaziga hadya etdi

30.11.2026   72   1 min.
Saudiyalik adib O‘zbekiston haqida yozgan to‘rtta kitobini Islom sivilizatsiyasi markaziga hadya etdi

Saudiya Arabistonilik adib Muhammad Hasan ad-Daraziy mamlakatimizga qilgan safarlari davomida olgan taassurotlari, xalqimizning mehmondo‘stligi va boy tarixiy-madaniy merosi haqida yaratgan asarlarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etdi.

Markazda Saudiya Arabistonining Qatif hududidan tashrif buyurgan Muhammad Hasan ad-Daraziy va Abdulazim Shaliy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Muhammad Hasan ad-Daraziy O‘zbekistonga bir necha bor safar qilib, mamlakatimizning qadimiy shaharlari, tarixiy obidalari, milliy an’analari va xalqimizning o‘ziga xos turmush tarzini o‘rgangan. Ushbu safarlar natijasida yozuvchining O‘zbekistonga bag‘ishlangan qator asarlari dunyoga kelgan. 

Jumladan, «Ipak yo‘li orqali. O‘zbekiston» kitobida muallif yurtimizning tarixi, madaniyati va sayohat taassurotlarini qalamga olgan. «Samoviy dasturxonlar» asari esa o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, mehmon kutish madaniyati va milliy qadriyatlariga bag‘ishlangan. «Ichan qal’a soyasida» nomli kitobda Xivaning betakror me’moriy qiyofasi va tarixiy muhiti aks ettirilgan. Uchrashuvda taqdim etilgan yana bir asar Buxoroning qadimiy obidalari va boy madaniy merosiga bag‘ishlangani ma’lum qilindi.

Adib muloqot davomida Samarqand haqida ham yangi asarlar ustida ish olib borayotganini, ular nashr etilgach, Islom sivilizatsiyasi markaziga yuborish niyatida ekanini bildirdi. Shuningdek, u 2027 yilda Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan yangi kitob tayyorlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Uchrashuv yakunida muallif o‘zining to‘rtta kitobini Markazga hadya qildi. Mazkur adabiy tuhfa O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy merosi va milliy qadriyatlariga xorijda ortib borayotgan qiziqishning yana bir ifodasi bo‘ldi. Shu bilan birga, bunday tashabbuslar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari