Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mening odatim, agar piyoda yurishga kuchim yetsa, mashinaga chiqmayman. Agar quyosh nuri ostida yurishga kuchim yetsa, soya-salqin joyda yurmayman. Bu Livanning quyoshi bo‘ladimi, Hindistonning quyoshi bo‘ladimi, farqi yo‘q. Bugun havo kechagidan ham issiqroq. Ishdan qaytar ekanman, bo‘ynimdagi galstukni yechib, o‘rab, cho‘ntagimga solib qo‘ydim. Yo‘lda ketayotsam, yonimdan o‘zim yaxshi ko‘rib, hurmat qiladigan bir do‘stim o‘tib qoldi. Lekin, u urf-odatlarga juda qattiq amal qiladigan odam edi. Shuning uchun u odamlarni rozi qilishga zohid banda Allohni rozi qilishga intilgandan ham ko‘proq intilardi. Hali salomlashib ulgurmasimizdanoq u menga darg‘azab holatda tikilib turdida: “Nega bunday qildingiz?” dedi. Men qo‘rqib ketib: “Nima qildim?” dedim. Keyin o‘zimcha o‘ylay boshladim: “Islom dinida biror yangilik paydo qildimmi? Yoki biror kechirilmas jinoyatga qo‘l urdimmi?” Eslolmagach, unga: “Birodar, tushuntiribroq gapiring, nima gap o‘zi? Men haqimda qanday xabar eshitdingiz? Ehtimol, men haqimda sizga yomon gap aytgan odam fosiq yoki yolg‘onchidir?!” dedim. U: “Menga hech kim hech qanday yomon xabar yetkazmadi. O‘zim ko‘rib turibman” dedida, bo‘ynimga ishora qildi. Men: “Nimani aytyapsiz?” desam, u: “Galstugingiz qani? Nega uni taqmay yuribsiz? Sizdek odamga shu ish yarashadimi? Odamlar ko‘rsa, nima deydi?” dedi. U bilan suhbatni yig‘ishtirdim-da, bir chetga o‘tirib, o‘ylay boshladim. Demak, biz hamma narsani odamlar uchun qilar ekanmiz-da! O‘zimizni o‘zimiz har kuni shu galstuk bilan bo‘g‘amiz. Yozning chidab bo‘lmas jazirama kunlarida ham odamlarning ko‘zi uchun o‘sha “arqon”ni bog‘lab, qiynalib yuramiz.
Ayollar ham baland poshnali tufli kiyib yurishadi. Eh, u tuflida yurish naqadar azob ekanligini bilsangiz edi! Agar sizga aytsam, dorbozning arqonida yurish o‘sha tuflida yurishdan osonroq! Ishonmayapsizmi, unda oyoq barmoqlaringizning uchi bilan yuz qadam yurib ko‘ring! Buning ustiga o‘sha baland poshna ayolning boldir mushaklarini taranglashtirib, hunuk qilib ko‘rsatadi. Bunday poyabzalni kiyishda hech qanday ma’no, hech qanday go‘zallik yo‘q. Bu faqat odamlar uchun!
Bir kuni bekatda tramvay kutib turgan ayolni ko‘rdim. Bekatda bo‘sh joylar bor edi. O‘tirgan ayollardan biri uni har qancha o‘tirishga undamasin, haligi ayol baribir o‘tirmadi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u etagi juda ham tor ko‘ylak kiygan ekan. U ko‘ylakda o‘tirish u yoqda tursin, yurish ham juda qiyin ekan. Uni kiygan ayol xuddi ikki oyog‘i bir-biriga bog‘lab qo‘yilgan mahbusdek kichik-kichik qadam tashlab yurar ekan. Yana uni kiygan ayol tramvayga chiqmoqchi bo‘lsa ham etagini tizzasigacha ko‘tarib, keyin chiqar ekan. Shuning uchun bekatdagi bo‘sh joyga o‘tirolmay, tik turgan ekan. Xo‘sh, nima uchun o‘sha ayol o‘zini bunchalar qiyin ahvolga solib, azoblayapti? Albatta, odamlar uchun!
Ba’zi bir yigitlar sartaroshxonalarda sochlarini zamonaviy uslubda tartibga keltiradi (prichyoska qildiradi). Bunga xatto soatlab vaqtini, pulini sarflaydi. Keyin kun bo‘yi qattiqroq shamol esib qolishidan yoki avtobusdagi tiqilinchda birorta begona qo‘l bexosdan tegib ketib, boshidagi “san’at asarini” buzib yubormasligidan xavotirlanib yuradi. Mabodo, boshi qichishib qolsa ham kun bo‘yi qashinishdan o‘zini tiyib, hammasiga chidab yuradi. Xo‘sh, nima uchun u shuncha xavotirga tushib, azobga chidayapti? Albatta, odamlar uchun! Hamma yaxshi narsalarimiz odamlar uchun!
Ayol kishi odamlarga chiroyli gapiradi, xushmuomala bo‘ladi. Mehmonlarini va dugonalarini ochiq yuz, shirin so‘z, yuksak odob va tabassum bilan qarshi oladi. Erini esa, faqat qovog‘i soliq, xo‘mraygan, peshonasi tirishgan, kayfiyati tushgan holda, qo‘pol so‘zlar bilan kutib oladi. Ha, eriga mana shunday muomala qiladi!
Ayolning barcha ziynatlari ham odamlar uchun! Agar ko‘chaga chiqsa, ko‘chadagilar uchun bezanib, ziynatlanib, bo‘yanib chiqadi. Eriga esa, nuqul sochlari to‘zigan, yuzlari bezraygan, kiyimlaridan chala dog‘ bo‘lgan yog‘ning, piyoz va sarimsoqpiyozning hidi anqib turgan holda ko‘rinadi. Ha, eriga mana shunday holatda ko‘rinadi! Eri bechora hamma narsani o‘zi uchun emas, ko‘chadagilar uchun olib bergan ekan-da!
Mehmonlar kelsa, mehmonxonada, bezatilgan dasturxon atrofida, eng toza va qimmat idishlarda ovqat yeyiladi. Agar mehmon kelmasa, oshxonaning o‘zida, eski dasturxon atrofida, labi uchgan kosa va likoblarda ovqat yeyiladi.
Yotoqxonada ham chiroyli bezatilgan ikki kishilik divanlar, uning ustiga toza, oppoq choyshablar to‘shalgan bo‘ladi. Albatta, bu go‘zallik erim ko‘rib, hursand bo‘lsin, degan maqsadda qilinmaydi. Balki, keladigan mehmonlar ko‘rib, havas qilishlari uchun shunday qilinadi. Bu divanu go‘zalliklarning haqiqiy egasi esa eski, tit-piti chiqib ketgan ko‘rpada, tashqaridagi kichikroq temir karavotda yotadi. O‘zimizni qiynaymiz, bo‘yinlarimizni, oyoqlarimizni bog‘laymiz. Hamma qiyinchiliklarga chidaymiz. Bu chidashlar kim uchun? Odamlar uchun!
Agar qizimizni turmushga bermoqchi bo‘lsak, uning va bo‘lajak erining foydasini, baxtini o‘ylamaymiz. Ularning qanday oila qurishlari haqida bosh qotirmaymiz. Balki, bir kunda o‘tadigan to‘y haqida, o‘sha to‘yga keladigan odamlarni rozi qilish haqida o‘ylaymiz. Qizimiz bilan bir umr birga yashashga bel bog‘lab turgan kuyov bo‘lmishning xulqi, tabiati, diyonati haqida so‘ramasdan, balki, jigargo‘shamizga qancha mahr berishini so‘raymiz. Axir to‘ydan keyin hammaga: “Kuyov qizimga o‘ng ming dollar mahr berdi” deb maqtanib yurishimiz kerak-da! Yana kuyov tomon qanday jihozlar berishini so‘raymiz. Axir qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar bu jihozlarni ko‘rib “og‘zilari ochilib” qolishi kerak-ku, to‘g‘rimi?!!
To‘yda shu qadar isrofga yo‘l qo‘yamizki, Rahmonni emas, shaytonni rozi qilishga musobaqa qilamiz. Atigi bir kungina kiyiladigan kelinlik libosi uchun qanchadan-qancha mablag‘ni sarflab yuboramiz. Kelinning pardoz-andoz qilishi uchun ham belimiz og‘rimay pul sochamiz. Xo‘sh, shularning hammasi kim uchun? Qizimizning baxti, foydasi uchunmi? Yo‘q, albatta! Savob va jannat uchunmi? Yana, yo‘q! Unda kim uchun? Odamlar uchun!
Odamlar shundan keyin ham sizdan rozi bo‘lishmaydi. Chunki, siz har qancha pul sarflab ularga yoqishga harakat qilmang, ularning orsida sizdan ham ko‘proq pul sarflaydiganlar bor. Odamlar ana shunday pul sarflaydiganlarni ko‘rganda, sizning to‘yingiz haqida: “Shu ham to‘ymi?!!”, “Shu ham dabdabami?!!” “Falonchi to‘yiga buncha sarflabdi”, “Falonchi qizining kelinlik libosini bunchaga olib beribdi” kabi gaplarni aytishadi. Xo‘sh, o‘shanda sizning qilgan shuncha harakatlaringiz qayerga ketadi? Axir siz hammasini odamlar uchun qilgan edingiz-ku!
Motamlar ham to‘ylar kabi isrofda musobaqa qilinadigan marosimlarga aylanib qoldi. Koshki edi o‘sha to‘y va motamlarda bo‘ladigan behuda mol sarflashning zarari mazkur marosimlarning egalarigagina bo‘lsa! Yo‘q, bundan kamida o‘ttizta oila zarar ko‘radi. Oylik maoshga kun ko‘radigan bechora er topgan pulini oilasining nafaqasiga zo‘rg‘a yetkazadi. Maoshi ham uch yuz mingdan oshmaydi. Ko‘rpasi bilan boshini o‘rasa, oyog‘i ochilib qoladi, oyog‘ini o‘rasa, boshi ochilib qoladi. Kunlarning birida shu ahvolda yashayotgan bechoraning xotinining tog‘asining xotinining ammasi olamdan o‘tib qoladi. Xotinining o‘sha “qarindoshi”nikiga borgisi kelib qoladi. “Darrov menga motamga kiyib borishim uchun qora ko‘ylak olib bering” deb turib oladi. Er xotiniga: “Baraka topgur, bizning moddiy ahvolimiz qora ko‘ylak sotib olishga yaramaydi” desa, xotini yig‘lab: “Qora ko‘ylagim bo‘lmasa, vafot etgan marhuma “qarindoshim”nikiga qanday boraman? Odamlar nima deydi?!” deya e’tiroz bildiradi. Vaholanki, o‘sha marhumaning yoshi yetmish to‘qqizda bo‘lib, tirikligida uni ko‘rgani olti yildan beri bormayotgan xotinning endi borgisi kelib qoladi. U ko‘ylak ham kamida yuz ming so‘m turadi. Essiz, endi bolalar o‘n kun ovqat yemaydigan bo‘lishdi. Afsus...
Madrasada dars tayyorlayotgan bo‘lsangiz yoki ishchilaringizga xizmat haqi berishga chog‘lanib turgan bo‘lsangiz yoki o‘lim to‘shagida yotgan qizingizni shifoxonaga olib ketayotgan bo‘lsangiz yoxud oldingizda qilinishi lozim bo‘lgan muhim bir ish turganda, to‘satdan, kutilmaganda bitta bekorchi tanishingiz kelib, sizni vaqtingizni olmoqchi bo‘ladi. Siz unga “Hozir vaqtim yo‘q, keyinroq gaplashamiz” deya ko‘rmang! Aks holda, odamlar siz haqingizda tanqid bilan gapirishadi!
Agar qo‘shningiz millionlarga qodir boy odam bo‘lsa, uyiga yangi, zamonaviy muzlatkich, kir yuvish mashinasi, uzunligi sakkiz metr, eni besh metrli gilam olib kelgan bo‘lsa, siz ham o‘shandayini sotib oling! Nima? “Axir men oylikka kun ko‘radigan odamman-ku!” deyapsizmi? Oylikka kun ko‘rsangiz nima bo‘pti, o‘g‘rilik qiling, qaroqchilik qiling, qayerdan bo‘lsa ham pul topib, o‘sha matohlarni sotib oling! Bo‘lmasam siz ham odamlarning og‘ziga tushib qolasiz.
Agar chet elda ishlaydigan falonchi biznesmenning xotini to‘y qilib, o‘sha to‘yga sizning ayolingizni ham taklif qilgan bo‘lsa, ayolingiz u yerda tovus go‘shti, maxsus reys bilan xorijdan keltirilgan ajabtovur shirinliklar va boshqa g‘aroyib yeguliklar yegan bo‘lsa, siz ham bir kun kelib to‘y qilganingizda o‘shanday narsalarni qo‘yishni unutmang. Aks holda, odamlar gapirishadi!
Xulosa shuki, sizning o‘tirishingiz, turishingiz, yeyishingiz, kiyishingiz, uyingizdagi to‘shagingiz, kundalik xarajatlaringiz odamlar xohlagandek bo‘lsin! Agarchi, ma’nan qiynalsangiz, bo‘g‘ilsangiz, azobga qolsangiz, baxtingizga, molingizga talofat yetsa ham. O‘zingizni yoqsangiz ham shunday qilishga urining. Bo‘lmasa, odamlar sizni tanqid qilishadi!
Odamlar, o‘sha-o‘sha odamlar! Ey insonlar, qachon o‘zimiz uchun yashaymiz?!! Qachon shariat va aql chegarasida to‘xtaymiz?!! Ma’no-mazmunsiz “urf-odatlar”ni sindirib, hayotimizdan sug‘urib olib tashlaydigan aqllilar, kuchlilar ichimizdan qachon chiqadi?!!
Ammo, men bunday “urf-odatlar”ga umuman parvo qilmayman. Lekin, nasihatimni eshitishni istagan kishi uchun bir narsani aytmoqchiman: “Azizlar, kelinglar, avvalo, dinimizga ergashaylik! Harom ishga aslo qo‘l urmaylik! Keyin aqlimizga quloq solaylik! Shariatimiz yaxshi deb aytgan ishlarni qilaylik! Yomon deb aytgan ishlardan saqlanaylik! Ko‘rpamizga qarab oyoq uzataylik! Zaruriy nafaqaga ziqnalik qilmaylik-da, boylarning boyi bo‘lsak ham qolgan xarajatlarni tark qilaylik! Modomiki, shariatimizda man qilingan harom ishni qilmayapmizmi, odamlarning gapidan qo‘rqmaylik! Odamlar ilgari ham gapirgan, hozir ham gapiryapti, bundan keyin ham gapiraveradi, gapiraveradi! Axir Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqida nima deyishdi? “Majnun” deyishmadimi?!! “Sehrgar” deyishmadimi?!! “Yolg‘onchi” deyishmadimi?!! Vaholanki, u zot “Sayyidul bashar”, “Xotamul anbiyo” edilar.
Shunday ekan, odamlar siz haqingizda istaganlarini gapirishsin! Siz esa, odamlarning g‘azabidan, tanqididan emas, Allohning g‘azabidan qo‘rqing! Agar Allohni rozi qiladigan ish qilgan bo‘lsangiz, odamlar siz haqingizda nima deyishlariga aslo parvo qilmang!”
Ali Tantoviyning “Hamma narsa odamlar uchun” maqolasi,
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.