Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarga bir zamon keladiki, unda kishi molni nimadan – haloldanmi yo haromdan olganiga parvo ham qilmaydi», dedilar» (Imom Buxoriy va Nasoiy rivoyati).
Bu hadisi sharif ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning katta mo‘jizalaridan biridir. Ushbu hadisi sharif Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak og‘izlaridan chiqqan paytda ko‘pchilik musulmonlar molni halol-haromiga qaramay olish degan narsani umuman xayollariga ham keltira olishmas edi. Chunki musulmonman, degan odam faqat halol narsani olishi, haromdan hazar qilishi kerak. Bu narsa asri saodatdagi musulmonlarning fikri-zikri, butun vujudiga singib ketgan edi.
Ammo asrlar o‘tib, kishilar Islomdan, iymondan uzoqlasha borgach oxir-oqibat halol bilan haromni farq qilmaydigan holatga yetishdi. Kishilar halolni qo‘yib haromga o‘zini uradigan bo‘lishdi. Mol-dunyo to‘plash yo‘lida har qanday haromdan, jirkanchlikdan, pastkashlikdan tap tort¬maydigan bo‘lishdi. Hattoki, halol bo‘lishga uringan kishini devonalikda, aqlsizlikda ayblaydigan darajaga yetishdi. Shunday qilib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisda aytgan gaplari yuzaga chiqdi.
Aslida esa insonni hayvondan ajratib turadigan narsalardan biri ham halol-haromni farqlashdir. Duch kelgan narsani surushtirmay o‘ziniki hisoblab, undan foydalanishga o‘tish hayvonga xosdir. Inson esa bu narsa halolmi, harommi, ya’ni, foydalimi, foydasizmi, o‘zinikimi, o‘zganikimi, buni so‘rab- surishtiradi. Musulmon kishi esa har bir narsa shariat ruxsat bergan tarzda bo‘lishi kerakligini to‘liq tushungan va mas’uliyatni sezgan holda, har bir harom narsa katta gunoh bo‘lishiga e’tiqod qilib yashaydi.
Islom aqidasi bo‘yicha shariatda harom hisoblangan narsani halol sanash kofirlikdir. Haromni harom bilib turib, undan hazar qilmaslik esa, gunohi azimdir. Shuning uchun musulmon kishi nima halol, nima harom ekanini yaxshilab bilib olishi va halol kasbni ixtiyor qilishi kerak.
Musulmon kishiga biror taom taqdim qilinsa, hadya berilsa yoki u biror narsani sotib olmoqchi bo‘lsa, u narsaning halol yoki haromligini so‘rab-surishtirib olsin. Chunki bundoq narsalar vaziyatga qarab gohida vojib, gohida harom, gohida mandub va gohida makruh bo‘ladi, deyishadi ulamolarimiz.
Demak, so‘rab-surishtirish shubhaga bog‘liq. Bir odam harom mol topish gunoh ekanini anglab yetdi. Qo‘lida harom aralashgan mol bor, bu holda nima qiladi? Ulamolarimiz bunday holda quyidagilarni maslahat beradilar:
«Agar harom molning jinsi va miqdori aniq bo‘lsa, o‘sha aniq jins va miqdorni chiqaradi. Agar aniq bo‘lmasa, g‘olib chamasiga ko‘ra ajratsa ham bo‘ladi. Ammo ko‘ngli ravshan bo‘ladigan darajada ishonch bilan chiqarsa, yana ham yaxshi.
Keyin o‘sha molning egasini yoki uning merosxo‘rini topib qaytarib beradi. Agar u molning muayyan egasi bo‘lmasa yoki topilmasa, sadaqa qiladi yoki musulmonlar ommasiga foyda keltiradigan narsalarga ishlatiladi».
Haromdan hazar qilish musulmonlarning asosiy fazilatlaridan biri bo‘lganidek, shubhali narsalardan hazar qilish ham salafi solihlarimizning odatlari bo‘lgan. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu shubhali narsadan bir luqma yeb qo‘yib, keyin uni qusib yuborganlari ma’lum va mashhur.
Rivoyatlarda zikr qilinishicha, Bishrul Xofiy rahmatullohi alayhga onalari bir dona xurmo berganida yeb turib, ko‘chaga chiqib qaytib qusib yuborgan ekanlar. Chunki o‘sha xurmo shubhali bo‘lgan. Onani xafa qilmaslik uchun yeyilgan, so‘ng taqvo yuzasidan qusilgan.
Ibbon ibn Abu Affosh roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Anas roziyallohu anhu quyidagilarni aytganlar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: Ey Allohning Rasuli, «meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilib qo‘ying, dedim. U zot: «Ey Anas, kasbingni pok qilgin, duoing qabul bo‘lur. Chunki bir odam og‘ziga bir luqma haromni solsa, qirq kungacha duosi ijobat bo‘lmaydi», dedilar» (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasoiy rivoyati).
Anas roziyallohu anhu doimo Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarini ixlos bilan qilib yurganlaridan ba’zi vaqtlarda ushbu rivoyatdagiga o‘xshash narsalarni u zotdan so‘rashga jur’at qilganlar. Albatta, u kishining bu safargi so‘rovlari katta savollardan edi: «Ey Allohning Rasuli, meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilib qo‘ying». Har banda uchun duosi qabul bo‘ladiganlardan bo‘lish ulkan baxt. U har bir mo‘min-musulmon bandaning eng ulkan orzularidan biri.
Albatta, bundoq vaqtda, odatda, Payg‘ambar alayhissalomning Alloh taologa duo qilib, Anas roziyallohu anhuning duolarini qabul qilinadigan etib qo‘yishini so‘rashlari xayolga keladi. Ehtimol, Anas ibn Molik roziyallohu anhu ham xuddi shu narsani iroda qilgan bo‘lsalar kerak. Ammo Payg‘ambarimiz alayhissalom faqat Anas roziyallohu anhuning o‘ziga yetadigan emas, Qiyomat kunigacha butun Islom ummatiga yetadigan javob berdilar: «Ey Anas, kasbingni pok qilgin, duoing qabul bo‘lur. Chunki bir odam og‘ziga bir luqma haromni solsa, qirq kungacha duosi ijobat bo‘lmaydi», dedilar».
Oxirgi zamon Payg‘ambari, Robbil olamiynning habibi Muhammad Amin sollallohu alayhi vasallamning ushbu javoblari umumiy qoida bo‘lib qoldi. Qaysi zamon, qaysi makonda bo‘lishidan qat’i nazar, har bir mo‘min-musulmon duoim qabul bo‘lsin desa, halol kasb qilsin, yeydigan luqmasini halol qilsin. Ana o‘shandagina duosi qabul bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning ushbu javoblaridagi: «Chunki bir odam og‘ziga bir luqma haromni solsa, qirq kungacha duosi ijobat bo‘lmaydi» degan jumlaga alohida e’tibor beraylik. Bundan juda oz miqdordagi harom narsa insonga ilashsa ham uning duosi qabul bo‘lmasligi kelib chiqadi.
Bir luqma taom oz narsa, insonning bir marta ovqatlanishi davomida ham bir luqma hech narsani tashkil qilmaydi. Lekin siz bilan bizning nazarimizda arzimagan bo‘lib ko‘ringan o‘sha bir luqma uni yegan odamning duosini qirq kungacha qabul bo‘lmaydigan etib qo‘yar ekan. Ehtimol, tanovul qilingan har bir taomning asari inson jismida qirq kungacha tursa kerak.
Endi insof bilan o‘ylab ko‘raylik. Hammamizning qilayotgan kasbimiz, topayotgan molu mulkimizning bari halolmi? Hammamizning tanovul qilayotgan har bir luqmamiz halolmi?
Endi nima uchun duolar qabul bo‘lmayotganini, nima uchun ishlar yurishmayotganini tushunib yetgan bo‘lsak kerak?! Ushbu ulug‘ hadisi sharifga amal qilib, kasbimizni pok qilishimiz, bir luqma ham haromni og‘zimizga olmasligimiz lozim. Ikki dunyoning baxt-saodati shundadir.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘quv ishlari bo‘yicha mudira o‘rinbosari v.b Vaxidova Muattar
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Allohdan mag‘firat so‘rang! Albatta, Alloh mag‘firat qiluvchi va rahmli Zotdir” (Niso surasi, 106-oyat).
Bu xitob Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qaratilgan bo‘lsa-da, u zot orqali butun ummatga, ularning har bir a’zosi va holatiga yo‘naltirilgandir.
Tasavvur qiling, Alloh subhanahu va taolo shaxsan sizga xitob qilib: «Allohdan mag‘firat so‘rang!» demoqda. Demak, istig‘forning sha’ni ulug‘dir. Zero, agar gunohlar bo‘lsa, Alloh ularni afv etadi, agar gunoh bo‘lmasa, bu bandalikni izhor qilish va darajalarning ko‘tarilishidir. Istig‘for yomonliklarga kafforat, yoki darajalarga yuksalishdir.
Istig‘forning ham dunyoda, ham oxiratda o‘z asarlari (natijalari) bor. Rivoyat qilinishicha, bir kishi shayxning huzuriga kelib, farzand ko‘rmayotganidan shikoyat qildi. Shayx unga: «Allohga istig‘for ayt», dedi. Boshqa birov kelib, yerlariga yomg‘ir yog‘may, qurg‘oqchilik bo‘layotganidan arz qildi. Unga ham: «Allohga istig‘for ayt», dedi. Uchinchi kishi yana boshqa bir muammo bilan kelganida, unga ham xuddi shu javobni berdi. Shunda odamlar: «Hamma dardning davosi istig‘formi?» deb so‘rashdi. Shayx ularga Alloh taoloning ushbu oyatlarini tilovat qilib berdi:
«Bas, dedimki: «Robbingizdan mag‘firat so‘rang, albatta U o‘ta mag‘firatlidir. U zot ustingizga osmondan baraka (yomg‘irini) yuboradi. Va sizga molu mulk, bola-chaqa bilan madad beradi va sizlarga bog‘u rog‘lar hamda anhorlarni beradi. Sizlarga nima bo‘ldiki, Allohning ulug‘vorligini (qo‘rqinchini) umid qilmaysiz?» (Nuh surasi, 10-13 oyatlar).
Bu istig‘forning dunyoviy, his qilinadigan natijalari borligiga, shuningdek, qalb nuri va sofligiga oid imoniy ta’sirlari hamda oxiratdagi samaralariga — Allohning avfi, yoziladigan hasanotlar va o‘chiriladigan gunohlarga dalildir: «Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi» (Hud surasi, 114-oyat). Shu bilan banda Allohning rahmati va mag‘firatining kengligida bo‘ladi.
Shu sababdan ham istig‘for qalb nuri va duolar ijobat bo‘lishining omillaridan biridir. Istig‘for Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning doimiy sunnatlaridan bo‘lgan. Shuning uchun ham ahlullohlar (Allohning do‘stlari) bizni kundalik vazifamizni (virdni) istig‘for bilan boshlashga, har kuni ertalab va kechqurun yuz martadan istig‘for aytishga yo‘naltiradilar.
Hadisi sharifda kelganidek: «Kim istig‘forni lozim tutsa, Alloh unga har qanday g‘amdan kushoyish, har qanday torlikdan chiqish yo‘lini (maxraj) beradi va uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantiradi».
Demak, kim dunyoni xohlasa — istig‘for aytsin, kim oxiratni xohlasa — istig‘for aytsin!
Professor, doktor Ali Juma.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV tarjimasi