Bola tug‘ilgach, kun o‘tgan sayin o‘zini o‘rab turgan muhit bilan muomala qilishga uni tayyorlaydigan bilim va tajribalarni o‘zlashtirib boradi. Ota-ona farzandini tarbiyalab borish, unga to‘g‘rini noto‘g‘ridan ajratishni o‘rgatish harakatida bo‘ladilar. Bu ular yashab turgan jamiyatdagi urf-odat va an’analarga ko‘ra, turlicha bo‘lishi mumkin.
Islom dinimizda ham farzand tarbiyasiga alohida e’tibor berilib, u millat yuksalishi uchun asosiy omil deb qaraladi. Dinimizda farzand tarbiyasining bir qancha asoslari bor. Jumladan:
Sog‘lom e’tiqod. Ota-ona farzandining sog‘lom e’tiqod bilan o‘sib-ulg‘ayishiga e’tibor qaratishlari lozim. Bu e’tiqod uning to‘g‘ri yo‘lda yurib, buzuq, yanglish e’tiqodlardan uzoq bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Ibodatlar. Islomda farzand tarbiyasining eng muhim asoslaridan biri unga dinini o‘rgatishdir. Bu unga go‘dakligidan bosqichma-bosqich o‘rgatiladi. Bolalar tabiatan ota-onalariga taqlid qiladilar. Ular ota-onalariga o‘xshab namoz o‘qishga, ro‘za tutishga harakat qiladilar. Ota-ona esa, o‘z navbatida farzandlarga dinni o‘rgatishda qiziqtirish, rag‘batlantirish uslubini tutishlari yaxshi samara beradi. Ularni qo‘rqitib, ibodatlardan bezdirib qo‘ymaslik darkor.
Chiroyli xulq. Musulmon kishining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri chiroyli xulq bo‘lishi kerak. Insonda bu sifatlar tarbiya asosida shakllanadi. Bolaga to‘g‘ri so‘zlash, omonatdor bo‘lish, odamlardan o‘zini ustun qo‘ymaslik, yo‘ldan aziyat beradigan narsalarni olib tashlash, ovozini o‘ta balandlatmaslik kabi xulqlar o‘rgatilishi lozim. Bu to‘g‘rida Qur’oni karimda Luqmoni Hakim qissasida oyatlar kelgan: “Eslang, Luqmon o‘g‘liga nasihat qilib, degan edi: «Ey o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir», (Luqmon yana dedi): «Ey o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir. Ey o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu puxta ishlardandir. Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas. (Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir»” (Luqmon surasi, 13, 16-19-oyatlar).
Bu oyatlarda Luqmon o‘g‘liga chiroyli xulqlardan ba’zilarini buyurgan. Bu Islom dinida axloqning naqadar muhim o‘ringa egaligini, tarbiyaning bola go‘zal xulqli bo‘lishidagi ta’sirini ko‘rsatadi.
Toshkent shahar Chilonzor tumani
“Muhsinxon To‘ra Eshon” jome masjidi
imom-xatibi Abdurasul QAYUMOV
Munosabat
Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.
Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.
Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.
Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.
Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.
Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.
Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.
Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.
Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi
o‘rinbosari.