Ilm olish dinimizda farz qilinib biror bir din ilm olishga Islom dinidek targ‘ib qilmagan. Hamda Islom dini jaholatga qarshi ilm-ma’rifat bilan kurashishga buyurgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ilk bor “O‘qi” deb nozil bo‘lgan oyat so‘zimizga dalil bo‘la oladi. Ilmning kaliti o‘qishdir.
Islomdan oldingi paytni esga olaylik. Odamlar jaholat botqog‘iga tamoman botgan edi. Alloh taolo ularning bu holatini Qur’oni karimda shunday bayon qilgan: “Do‘zax chog‘i yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi”. Oli Imron surasi, 103-oyat.
Darhaqiqat, Alloh taolo ilm bilan insoniyatni jaholat zulmatidan Islom nuriga olib chiqdi. Islom dini ilmni iymonga tasdiq, amalga esa yo‘lboshchi qilgan dindir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat bo‘lgan hadisda: “Har bir musulmon kishiga ilm talab qilish farzdir”, - deganlar. Ibn Moja rivoyat qilgan.
Islom dini diniy va dunyoviy ilmga umumiy da’vat qilgan. Masalan, Zanjiy ibn Xolid aytadi: “Bolalik paytimizda Zuhriyning huzuriga kirgan edik, u zot bizga: “Ilm talab qilinglar. Shunda siz dunyoni istasangiz unga yetishasiz, oxiratni istasangiz ham unga yetishasiz”, - dedilar”. Ammo dinda faqih bo‘lishga alohida urg‘u bergan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga yaxshilikni iroda etsa, uni din ishida faqih qilib qo‘yadi”, - dedilar. Bu hadis Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat bo‘lgan. Muttafaqun alayh. Ushbu hadisga binoan ilm egalari ulug‘ fazilat egasi ekanliklari ma’lum bo‘ladi.
Ulug‘ zotlardan biri: “Kimda-kim o‘zining bilmasligini yashirib, ilm olishdan bosh tortsa yoki kasalini yashirib, davolanishdan bosh tortsa, u o‘ziga o‘zi xiyonat qilibdi”, - dedilar.
Islom dini insonning dunyo hayoti uchun lozim bo‘lgan barcha ilmlarni o‘rganishni farz darajasiga ko‘targan dindir. Dunyoviy ilmlar farzi kifoya hisoblanadi. Bu ilmlar bilan mashg‘ul bo‘layotgan kishilar farz ibodatini bajaryapman degan niyatda mashg‘ul bo‘lishsa, dunyoviy manfaatlarni qo‘lga kiritishdan tashqari, ulkan ajr-savoblarga ham erishadilar. Xuddi shuningdek, turli ishlab chiqarish va sanoatga doir ilmlar ham farzi kifoyadir. Demak, hozirgi zamonda musulmonlar fan-texnika sohasida ham barcha daqiq ilmlardan kifoya qilish darajasida bilishlari zarur bo‘ladi. Chunki davlatning kuch-qudrati, o‘zga davlatlarga qaram bo‘lib qolmasligi ilm-fanning rivoji va taraqqiyotiga bog‘liqdir. Islom dinidagi bu hukmlar ayol qizlarni ham chetlab o‘tmagan. Chunki jamiyatning yarmidan ko‘pini ayol-qizlar tashkil qiladi. Ularni ilmsiz qoldirish jamiyatni ilmsiz qoldirish demakdir. Ayniqsa, kelajak avlod tarbiyasi ayol-qizlarimizga bog‘liqdir. Ular bilimli bo‘lishsa, ular tarbiyalagan avlod ham bilimli bo‘ladi. Ular odobli bo‘lishsa, ular tarbiyalagan avlod ham odobli bo‘ladi.
Rivoyatlarda kelishicha, bir kishi bir ulug‘ zotning huzuriga kelib: “Hazrat, mening bir o‘g‘lim va bir qizim bor. Ulardan har ikkisini o‘qishtishga qurbim yetmaydi, faqatgina bittasini o‘qitishga imkonim bor, qaysi birini o‘qitay?”, - deb so‘rabdi. Shunda u ulug‘ zot: “Qizingni o‘qit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi. Agar o‘g‘lingni o‘qitsang, bir kishini o‘qitgan bo‘lasan, ammo qizingni o‘qitsang, butun bir jamiyatni o‘qitgan bo‘lasan”, - deb javob bergan ekan. Qanchadan-qancha allomalarni onalari tarbiyalagani hech birimizga sir emasdir.
Biz farzandlarimizni, ayniqsa, qizlarimizning ta’lim va tarbiyasiga katta ahamiyat qaratishimiz lozimdir. Farzandlarimizga maktabga borib ta’lim olishning ibodat ekanini bildirishimiz kerak. Ustoz, o‘qituvchi va murabbiylar ham o‘zlariga yuklatilgan burch va mas’uliyatni yaxshi anglab, ta’lim va tarbiyani puxta olib borishlari kerak bo‘ladi. Maktabda berilayotgan darslarni puxta o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratish har bir ota-ona va ustozlarning mas’uliyatidir. Ularni o‘z hollariga tashlab qo‘yib, qayerda yurgani, kimlar bilan o‘rtoqlashayotgani, nimalarga qiziqayotganidan ogoh bo‘lmaslikning oqibati ayanchli bo‘ladi. Alloh asrasin!
Jaholat bu – zulm va xavf-xatar ekan. Bundan qutilishning yagona yo‘li esa, ilm olishdir. Demak, inson Faqat ilm bilan jaholatdan najot topadi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning mashhur so‘zlaridan birida “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay!”, - deganlar. Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradigan narsa yo‘q. Jaholatdan-da ko‘ra zarar beruvchiroq narsa ham yo‘q. Ali roziyallohu anhu: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”, - deganlar. Ilmsizlik, jaholat insoniyatni halokatga olib borishi muqarrar. Inson ilm orqali oxirati va dunyosini obod qiladi. Alhamdulillah, yurtimizda barcha sohada kitoblar nashrdan chiqqan va chiqmoqda. Biz farzandlarimizni kitob o‘qishga targ‘ib qilaylik. Faqat internet bilan cheklanib, ilmni yuzaki o‘rganmasdan, kitob mutolaasiga ham e’tibor qarataylik.
Farzandlarimiz ilm-ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor unutmaylik!
Alloh taolo yurtimizni tinch-omon qilsin. Ilm va tarbiya yo‘lida xizmat qilayotgan ustoz va murabbiylarimizni panohida asrasin!
Aminjon Ismoilov
Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Uyqu – Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan ne’matlardan biri. Uyqu sababli inson hordiq chiqaradi, jismi kuch-quvvatga to‘ladi.
Inson bu kundalik odati orqali ham savobga ega bo‘lishi mumkin. Buning uchun quyidagi odoblarga rioya etish talab etiladi.
Birinchisi – uxlashga yotmoqchi bo‘lgan kishi badanini dam oldirishni va ibodatga kuch yig‘ishni niyat qilishi lozim.
Bunday niyat bilan uyqu ham ibodatga aylanadi va inson go‘yoki kechalarni ibodat bilan qoim qilgandek ajrga ega bo‘ladi.
Ikkinchisi – uyquga pokiza holda yotish.
Pok holda uxlagan kishi shayton vasvasasidan omonda bo‘ladi.
Uchinchisi – qorin to‘q holda uxlashdan saqlanish.
To‘q qoringa uxlash inson salomatligi uchun nihoyatda zararlidir. Bunda ovqat hazm bo‘lishi qiyinlashib, turli oshqozon va ichak kasalliklari kelib chiqadi.
Beshinchisi – uyquga barvaqt yotish.
Tunni bekorchilik bilan o‘tkazish inson salomatligi uchun jiddiy zarar ekanini ta’kidlab o‘tish lozim. Buyuk Britaniya olimlarining 90 mingga yaqin ko‘ngilli qatnashgan, olti yil davom etgan taqdiqotlari natijasiga ko‘ra soat 2200 dan 2300 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida uyquga yotish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini sezilarli darajada kamaytirishi aniqlangan (European Heart Journal – Digital Health, Volume 2, Issue 4, December 2021, Pages 658–666).
Oltinchisi – uxlashdan oldin uy eshigini mahkamlab yopish va idishlar og‘zini berkitish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Eshiklarni berkitinglar, mesh (og‘zini) bog‘langlar, idish-tovoqni to‘nkarib qo‘yinglar, chiroqlarni o‘chiringlar” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Yettinchisi – chiroqlar o‘chirib yotish.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Agar uxlasangiz, chiroqlarni o‘chiringlar!” deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Buyuk Britaniyaning “Current Biology” nomli ilmiy-ommabop jurnalida uxlash paytida chiroqning yonib turishi inson tanasiga salbiy ta’sirlari haqidagi maqolada quyidagi ma’lumotlar keltiriladi:
“Gollandiyalik olimlar sichqonlar ustida tadqiqot olib borib, tundagi chiroqlarning ularga ta’sirini o‘rganishdi. Tadqiqot natijasida uxlash vaqtida chiroq yonib turishining ko‘plab kasalliklarga bog‘liqligi aniqlandi”.
Soxa mutaxassislarining aytishicha, uxlash asnosida xonadagi chiroqning yoniq turishi saraton, immunitet pasayishi, erta qarish kabi bir qancha kasalliklarga sabab bo‘lar ekan.
Sakkizinchisi – to‘shakni qoqib yotish.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qaysi biringiz yotog‘iga yotsa, izorining ichki tarafi bilan to‘shagini qoqib yuborsin. Zero, u o‘zidan keyin to‘shagiga nima kirganini bilmaydi…” (Imom Buxoriy rivoyati).
G‘arb olimlari inson uxlaganida badandan turli zararli hujayralar ko‘rpaga o‘tishini, agar ular vaqtida tozalanmasa, ko‘payib, kasalliklar keltirib chiqarishini aniqladilar.
Bu muammoni bartaraf etish yo‘llarini bir necha yillar davomida izladilar. Eng kuchli tozalash vositalarini ishlatib, ko‘rpani yuvdilar. Lekin undagi zararli hujayra va hasharotlar qimir etgani ham yo‘q. Oxir oqibat ko‘rpani qo‘l bilan uch marta qoqib ko‘rishdi. Natijada, o‘lik hujayra va boshqa parazitlardan asar ham qolmadi.
To‘qqizinchisi – qorinni yerga qilib yotmaslik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holda yotish haqida: “Albatta, bu yotish Allohning g‘azabini keltiradi”, deganlar.
AQSHlik mutaxassislar yuztuban uxlash salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishini ilmiy isbotladilar. Bunda inson ko‘krak qafasi to‘liq nafas ololmaydi. Bo‘yin mushaklari muskulga aylanishi oqibatida qon tomirlari shikastlanadi. Bel qismining egilishi ichki organlarga kuchli bosim o‘tkazadi.
Uyqudan turganda ham siqilgan, lanj, g‘azablangan, asabiy holda bo‘ladi. Chalqancha yotilganda og‘izdan nafas olingani bois u shamollash, tumov va milklarning yallig‘lanishi kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi.
O‘ninchisi – o‘ng tomonga yonboshlab yotish.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar to‘shakka yotadigan bo‘lsalar, o‘ng tomonlari bilan yotardilar”.
Olimlar olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, o‘ng qo‘lni o‘ng yonoq ostiga qo‘yib uxlash inson tanasining tinchlanishiga, tez uyquga ketishga, hatto qo‘rqinchli tushlar ko‘rishning oldini olishga sabab bo‘larkan. Bu esa, depressiya va stressdan aziyat chekayotgan odamlarni turli uyqu dorilarini qabul qilishdan xalos etadi.
Kaliforniya universiteti professori, misrlik olim Doktor Jamoliddin Ibrohim boshchiligida o‘tkazilgan tadqiqotlarda o‘ng tomonga yonboshlab yotganda yurak kamroq kuch sarflashi, qonning oson aylanishi, asablarning tinchlanishi va dam olishi hamda tezda uyquga ketishga sabab bo‘lishi aniqlandi.
Davron NURMUHAMMAD