Salmonul xayr (yaxshi Salmon), Bohis a’nil haqiqa (haqiqat izlovchi), Ibn Islom (Islom farzandi), Sohibul kitabayn (ikki kitob sohibi) kabi nomlar bilan maqtaladigan ushbu sahobaning ismi Abu Abdulloh Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) edi.
Salmon Forsiy asli Isfahondan bo‘lib, majusiylikka e’tiqod qilardi. Bir kuni u nasorolarning ibodatini ko‘radi va otasiga bu din majusiylikdan yaxshi ekanini aytadi. Shundan so‘ng otasi Salmonni tutqunlikda saqlay boshlaydi. Oxir-oqibat u najot izlab Shomga qochib ketadi. Shomda o‘z davrining rohiblaridan ta’lim oladi. Vaqt o‘tib, rohiblar birin-ketin vafot etishadi. Salmon Forsiy har bir rohibning o‘limidan oldin undan keyin kimga shogird bo‘lishni so‘raydi. Eng oxirgi ustozidan: “Kimni tavsiya qilasiz?” deb so‘raganida u bunday javob beradi: “Bolam, Allohga qasamki, yer yuzida biz tutgan narsa (asl nasroniylik)ni tutuvchi biror kishi qolmadi. Lekin arab yerida payg‘ambar chiqadigan zamon yaqinlashib qoldi. U Ibrohimning dini bilan yuboriladi. So‘ngra o‘z yeridan xurmozorlari bor yurtga hijrat qiladi. Uning maxfiy bo‘lmaydigan alomatlari bor: hadyani qabul qiladi, sadaqani yemaydi. Ikki kuragi orasida nubuvvat muhri bor. Agar imkonini qilsang, o‘sha yurtga bor!”
Salmon Forsiy so‘nggi ustozi aytgan nabiyni topish uchun yo‘lga chiqadi. Yo‘lda qaroqchilar uning mollarini olib qo‘yib, o‘zini vodil qurolik yahudiyga sotib yuboradilar. Yahudiy esa uni yasriblik amakivachchasiga sotadi. Shunday qilib, Salmon taqdir taqozosi bilan Yasribga kelib qoladi. Bu vaqtda Rasululloh (alayhissalom) Makkada edilar. Salmon Forsiy qul bo‘lgani sabab u zot haqlarida eshita olmagan. Rasululloh (alayhissalom) Yasribga kelganlaridan xabar topgan Salmon Forsiy Ammuriyadagi ustozi aytgan gapga muvofiq hadya va sadaqa berib, u kishini sinamoqchi bo‘ladi. U zot hadyani qabul qilib, sadaqani rad etadilar. Keyingi voqea haqida Salmon Forsiy bunday hikoya qilgan: “Rasululloh Baqiyda turganlarida huzurlariga keldim. U zot sahobalaridan birini dafn qilayotgan ekanlar. Yelkalariga ikkita lungini tashlab o‘tirganlarini ko‘rdim. Men u kishiga salom berdim. Keyin ustozim ta’riflagan muhrni ko‘rarmikanman deb, yelkalariga qaray boshladim. Nabiy (alayhissalom) niyatimni angladilar va yelkalaridagi ridoni tushirib yubordilar. Men muhrni ko‘rib, u zotning payg‘ambar ekanini angladim. O‘zimni oyoqlariga tashlab yig‘lay boshladim, boshimdan o‘tganlarni aytib berdim. U zotga qissam yoqdi va sahobalar buni eshitishsa, xursand bo‘lishlarini aytdilar. Men ularga ham aytib berdim. Shunday qilib, musulmon bo‘ldim. Qul ekanligim Badr va Uhud janglarida ishtirok etishimga to‘sqinlik qildi. Bir kuni Rasululloh (alayhissalom): “Xo‘jayining seni ozod qilishi uchun u bilan mukotaba (to‘lov evaziga ozod qilish)ga kelish”, dedilar. Aytganlarini qildim. Rasululloh (alayhissalom) sahobalarini menga yordam berishga chaqirdilar. Alloh meni qullikdan ozod qildi. Musulmon va hur bo‘lib yashadim. Rasululloh bilan Handaq va boshqa janglarda qatnashdim”.
Ushbu jangda handaq qazish fikri aynan Salmon Forsiy (roziyallohu anhu)dan chiqqan. O‘sha kuni ansorlar: “Salmon bizdan”, dedilar. Shunda muhojirlar: “Yo‘q, Salmon bizdan, bu yerga hijrat qilib kelgan”, deyishdi. Payg‘ambar (alayhissalom): “Salmon bizdan – ahli baytdandir”, deya bu bahsga nuqta qo‘ydilar.
Salmon (roziyallohu anhu)ning Ibn Islom deb nomlanishi boisi, zamondoshlari: “Siz kimsiz?” deb so‘rashsa, u zot: “Men Islom farzandiman! Men Odam (alayhissalom)ning farzandlaridanman”, deya javob qaytargan.
Ham Injil, ham Qur’onni to‘liq yod olgani uchun “Ikki Kitob sohibi” nomini olgan. Shuningdek, Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) Salmon Forsiyni “Luqmoni Hakim” deb chaqirganlari ham mashhur.
Manbalarga ko‘ra, Salmon Forsiy Isfahon yaqinidagi Jayyan degan qishloqda, bir ma’lumotda esa Romahurmuz degan joyda tug‘ilgani qayd etiladi (“Mo‘jamul buldon”). Ota-onasi haqida ma’lumot deyarli uchramaydi. Musulmon bo‘lganidan so‘ng Madinada uylangani va ayolining ismi Buqayra ekani aytiladi. “Rasululloh (alayhissalom) Salmon bilan Abu Dardoni birodar qildilar” (Imom Buxoriy).
Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday xushxabar berdilar: “Jannat uch kishiga mushtoq bo‘lib turibdi: Ali, Ammor va Salmonga”.
Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) o‘z mehnati bilan biror narsa topsa, go‘sht yoki baliq sotib olar va kasal odamlarni chaqirib, ular bilan birga yer edi.
U zotdan Anas, Ka’b ibn Ujra, Ibn Abbos, Abu Sa’id, Abu Tufayl, Ummu Dardo (roziyallohu anhum) bir qancha buyuk sahobalar, Abu Usmon Nahdiy, Toriq ibn Shihob, Said ibn Vahb, Abdurahmon Naxa’iy kabi tobeinlar hadis rivoyat qilishgan. Imom Buxoriyda 4 ta, Imom Muslimda esa
3 ta hadisi keltiriladi.
Salmon Forsiy Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) davrida hijriy 35-yili Madoinda vafot etgan. Janozasini Ali ibn Abu Tolib o‘qigan. Qabri Bag‘dod yaqinidagi “Salmon tohir” degan mavzedadir.
Manbalar asosida Toshkent
islom instituti o‘qituvchisi
Faxriddin Muhammad NOSIR
tayyorladi.
#xabar #ramazon
Shu yil 17 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Diniy idora rahbariyati, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, bosh imom-xatiblar, masjidlar imom-xatiblari, otinoyilar hamda ta’lim muassasalari pedagoglari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Davlatimiz Rahbarining muborak oyni o‘tkazishga doir qarori va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan muhim topshiriqlar ijrosiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, mazkur oyni “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish hamda bemorlarning jarrohlik amaliyotlariga yordam berish kabi xayrli ishlarni tizimli tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
O‘z navbatida, iftorlik marosimlarida isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, xonadonlarda yaqinlar bilan ixcham va mazmunli o‘tkazishga e’tibor berish hamda kam ta’minlangan oilalar uylarida iftorliklar qilib berish orqali ularni ko‘nglini shod etishga alohida e’tibor qaratildi.
Ulug‘ oyda ibodatlarni ado etish uchun mo‘min-musulmonlarga munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida masjidlarda xatmi Qur’on va taroveh namozlarini tartibli o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, masjid va ziyoratgohlarni obod holatda tutish, ibodat vaqtida xavfsizlik choralarini ko‘rish, jumladan, yong‘in, texnika va transport xavfsizligini qat’iy ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Soha mutasaddilariga OAV orqali xalqimiz orasida mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik tuyg‘ularini keng targ‘ib qilish, isrofgarchilikning salbiy oqibatlarini tushuntirish vazifasi yuklatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati