Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Mart, 2026   |   12 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:40
Quyosh
06:58
Peshin
12:40
Asr
16:29
Shom
18:17
Xufton
19:29
Bismillah
01 Mart, 2026, 12 Ramazon, 1447

SALMON FORSIY (roziyallohu anhu)

01.07.2019   21551   5 min.
SALMON FORSIY (roziyallohu anhu)

Salmonul xayr (yaxshi Salmon), Bohis a’nil haqiqa (haqiqat izlovchi), Ibn Islom (Islom farzandi), Sohibul kitabayn (ikki kitob sohibi) kabi nomlar bilan maqtaladigan ushbu sahobaning ismi Abu Abdulloh Salmon  Forsiy (roziyallohu anhu) edi.

Salmon Forsiy asli Isfahondan bo‘lib, majusiylikka e’tiqod qilardi. Bir kuni u nasorolarning ibodatini ko‘radi va ota­siga bu din majusiylikdan yaxshi ekanini aytadi. Shundan so‘ng otasi Salmonni tutqunlikda saqlay boshlaydi. Oxir-oqibat u najot izlab Shomga qochib ketadi. Shomda o‘z davrining rohiblaridan ta’lim oladi. Vaqt o‘tib, rohiblar birin-ketin vafot etishadi. Salmon Forsiy har bir rohibning o‘limidan oldin undan keyin kimga shogird bo‘lishni so‘raydi. Eng oxirgi ustozidan: “Kimni tavsiya qilasiz?” deb so‘raganida u bunday javob beradi: “Bolam, Allohga qasamki, yer yuzida biz tutgan narsa (asl nas­roniylik)ni tutuvchi biror kishi qolmadi. Lekin arab yerida payg‘ambar chiqadigan zamon yaqinlashib qoldi. U Ibrohimning dini bilan yuboriladi. So‘ngra o‘z yeridan xurmozorlari bor yurtga hijrat qiladi. Uning maxfiy bo‘lmaydigan alomatlari bor: hadyani qabul qiladi, sadaqani yemaydi. Ikki kuragi orasida nubuvvat muhri bor. Agar imkonini qilsang, o‘sha yurtga bor!”
Salmon Forsiy so‘nggi ustozi aytgan nabiyni topish uchun yo‘lga chiqadi. Yo‘lda qaroqchilar uning mollarini olib qo‘yib, o‘zini vodil qurolik yahudiyga sotib yuboradilar. Yahudiy esa uni yasriblik amakivachchasiga sotadi. Shunday qilib, Salmon taqdir taqozosi bilan Yasribga kelib qoladi. Bu vaqtda Rasululloh (alayhissalom) Makkada edilar. Salmon Forsiy qul bo‘lgani sabab u zot haqlarida eshita olmagan. Rasululloh (alayhissalom) Yasribga kelganlaridan xabar topgan Salmon Forsiy Ammuriyadagi ustozi aytgan gapga muvofiq hadya va sadaqa berib, u kishini sinamoqchi bo‘ladi. U zot hadyani qabul qilib, sadaqani rad etadilar. Keyingi voqea haqida Salmon Forsiy bunday hikoya qilgan: “Rasululloh Baqiyda turganlarida huzurlariga keldim. U zot sahobalaridan birini dafn qilayotgan ekanlar. Yelkalariga ikkita lungini tashlab o‘tirganlarini ko‘rdim. Men u kishiga salom berdim. Keyin ustozim ta’riflagan muhrni ko‘rarmikanman deb, yelkalariga qaray boshladim. Nabiy (alayhissalom) niyatimni ang­ladilar va yelkalaridagi ridoni tushirib yubordilar. Men muhrni ko‘rib, u zotning payg‘ambar ekanini angladim. O‘zimni oyoqlariga tashlab yig‘lay boshladim, boshimdan o‘tganlarni aytib berdim. U zotga qissam yoqdi va sahobalar buni eshitishsa, xursand bo‘lishlarini aytdilar. Men ularga ham aytib berdim. Shunday qilib, musulmon bo‘ldim. Qul ekanligim Badr va Uhud janglarida ishtirok etishimga to‘sqinlik qildi. Bir kuni Rasululloh (alayhissalom): “Xo‘jayining seni ozod qilishi uchun u bilan mukotaba (to‘lov evaziga ozod qilish)­ga kelish”, dedilar. Aytganlarini qildim. Rasululloh (alayhissalom) sahobalarini menga yordam berishga chaqirdilar. Alloh meni qullikdan ozod qildi. Musulmon va hur bo‘lib yashadim. Rasululloh bilan Handaq va boshqa janglarda qatnashdim”.
Ushbu jangda handaq qazish fikri aynan Salmon Forsiy (roziyallohu anhu)­dan chiqqan. O‘sha kuni ansorlar: “Salmon bizdan”, dedilar. Shunda muhojirlar: “Yo‘q, Salmon bizdan, bu yerga hijrat qilib kelgan”, deyishdi. Payg‘ambar (alayhissalom): “Salmon bizdan – ahli baytdandir”, deya bu bahsga nuqta qo‘ydilar.
Salmon (roziyallohu anhu)ning Ibn Islom deb nomlanishi boisi, zamondoshlari: “Siz kimsiz?” deb so‘rashsa, u zot: “Men Islom farzandiman! Men Odam (alayhissalom)ning farzandlaridanman”, deya javob qaytargan.
Ham Injil, ham Qur’onni to‘liq yod olgani uchun “Ikki Kitob sohibi” nomini olgan. Shuningdek, Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) Salmon Forsiyni “Luqmoni Hakim” deb chaqirganlari ham mashhur.
Manbalarga ko‘ra, Salmon Forsiy Isfahon yaqinidagi Jayyan degan qishloqda, bir ma’lumotda esa Romahurmuz degan joyda tug‘ilgani qayd etiladi (“Mo‘jamul buldon”). Ota-onasi haqida ma’lumot deyarli uchramaydi. Musulmon bo‘lganidan so‘ng Madinada uylangani va ayolining ismi Buqayra ekani aytiladi. “Rasululloh (alayhissalom) Salmon bilan Abu Dardoni birodar qildilar” (Imom Buxoriy).
Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday xushxabar berdilar: “Jannat uch kishiga mushtoq bo‘lib turibdi: Ali, Ammor va Salmonga”.

 Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) o‘z mehnati bilan biror narsa topsa, go‘sht yoki baliq sotib olar va kasal odamlarni chaqirib, ular bilan birga yer edi.

U zotdan Anas, Ka’b ibn Ujra, Ibn Abbos, Abu Sa’id, Abu Tufayl, Ummu Dardo (roziyallohu anhum) bir qancha buyuk sahobalar, Abu Usmon Nahdiy, Toriq ibn Shihob, Said ibn Vahb, Abdurahmon Naxa’iy kabi tobeinlar hadis rivoyat qilishgan. Imom Buxoriyda 4 ta, Imom Muslimda esa
3 ta hadisi keltiriladi.
Salmon Forsiy Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) davrida hijriy 35-yili Madoinda vafot etgan. Janozasini Ali ibn Abu Tolib o‘qigan. Qabri Bag‘dod yaqinidagi “Salmon tohir” degan mavzedadir.


Manbalar asosida Toshkent
islom instituti o‘qituvchisi
Faxriddin Muhammad NOSIR
tayyorladi.

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ezgu ishda hamma birday faollik ko‘rsatyapti

23.02.2026   5265   2 min.
Ezgu ishda hamma birday faollik ko‘rsatyapti

Hurmatli Prezidentimizning «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» degan ezgu g‘oyasi asosida Toshkent viloyatida ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga iftorlik dasturxonlari yozilyapti.

 

Bu xayrli ishda diniy soha xodimlari bilan birga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham faol qatnashyapti.


Chinoz tumani imomlari tashabbusi bilan hududdagi 40 ta mahallada ehtiyojmand xonadon ahllari uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.

* * *

Qibray tumani «Hoji Turob o‘g‘li hoji Abdulloh» jome masjidi imom-xatibi Bahodir domla Toshkent davlat Agrar universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, Bobur nomidagi mahalla raisi, faollar bilan birgalikda mazkur mahallada yashovchi boquvchisini yo‘qotgan oilaga iftorlik qilib berishdi.

* * * 

Parkent tumani «Beshkappa»  masjidi imom-xatibi Mirshavkat domla To‘ychiyev muhtoj bir oilaga iftorlik tashkil qildi.

* * *

Ohangaron tumani «Sanam» mahallasida yashovchi ehtiyojmand oilaga Toshkent viloyati suv ta’minoti AJ mas’ullari Ohangaron tuman imomlari bilan birgalikda ixcham va samimiy iftorlik dasturxoni yozildi.

* * *

Olmaliq shahar «Hilol» masjidi imom noibi Murtazoxon domla Abdullaxonov  «Ko‘rpasoy» mahallasida yashovchi boquvchisini yo‘qotgan xonadon uchun iftorlik dasturxoni yozib, ularning ko‘nglini ko‘tardi.
Shahardagi «Ramazoni sharif» masjidi imom noibi Muhriddin domla Ismoilov Abdulla Avloniy nomidagi mahallada yashovchi jismoniy imkoniyati cheklangan fuqaroga homiylar ko‘magida iftorlik uchun zarur mahsulotlarni yetkazib berdi.

* * *

Quyi Chirchiq tumani «Paxtazor» mahallasida tumandagi 34 ta mahallada yashovchi ehtiyojmand xonadonlar uchun iftorlik dasturxonlari yozilib, saxovat va hamjihatlik muhiti yanada mustahkamlandi.

* * *

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari hamda tuman bosh imom-xatibi Farhod domla Qoraboyev  Oqqo‘rg‘on tumani «Qo‘rg‘ontepa» mahallasida istiqomat qiluvchi II guruh nogironi, boquvchisiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj bir fuqaroga iftorlik tashkil etishdi.

* * *

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Alloh taolo ehsonlarni qabul aylasin!

Toshkent viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

 

Ezgu ishda hamma birday faollik ko‘rsatyapti Ezgu ishda hamma birday faollik ko‘rsatyapti Ezgu ishda hamma birday faollik ko‘rsatyapti Ezgu ishda hamma birday faollik ko‘rsatyapti
O'zbekiston yangiliklari