A’u'zu billa'hi minash shaytonir raji'm
Bismilla'hir rahma'nir rahi'm
Olamlarni tarbiyat qiluvchi Alloh taologa beadad, go‘zal va muborak (barakotli) hamd bo‘lsin. Uning Zoti azamatiga va saltanatining buyukligiga qandayin hamd sazovor bo‘lsa, shunday hamdu sanolar bo‘lsin. Va Sayyidimiz – Muhammad alayhissalomga va uning ahli xonadoniga va as'hoblariga va Unga sidqidildan tobe’ bo‘lgan barcha izdoshlariga salotu salomlar bo‘lsin.
Aziz va muhtaram birodarlarim!
Alloh taolo jalla jaloluhu shu muborak oyda barchamizni fayzu barakotidan hissamandu hissador qullaridan aylasin! Namozu niyozlarimizni, tarovihu ro‘zalarimizni rahmatiga erishmog‘imiz, rizosini qozonmog‘imiz uchun vasila qilsin.
Alloh taolo Payg‘ambarimizga nimalarni o‘rgatgani ko‘pchilikka ma’lum. Rasululloh bu haqda:
«Rabbim meni tarbiya qildi va tarbiyamni go‘zal ayladi», – deya lutf etganlar. Bir yetim bolani Alloh taolo o‘zi yetishtirdi va ulumi avvalinu oxirinni unga ato qildi. Hadisi shariflari kutubxonalarni shunday to‘ldirdiki, inson ularni umr bo‘yi o‘qib tugata olmaydi. Alloh taolo Ul zotga ko‘p narsalarni o‘rgatdi, ko‘rsatdi va hech bir bandaga nasib etmagan martabalarga erishtirdi. Unga me’rojni nasib etdi va hayotligi davrida o‘z dargohi izzatiga qabul qildiki, bu bashar ahlidan hech kimga nasib etmagandi. Chunki u muborak zot sarvari anbiyo – Payg‘ambarlarning sarvari, Habibi Mustafo – tanlangan sevgili quli. Shuning uchun ham ul zotga ko‘p narsalarning sir-asrorini bildirdi. Bir hadisi Qudsiyda Alloh taolo buyuradi:
يَا ابْنَ آدَمَ! هَلْ عَصَيْتُمُونِي فَذَكَرْتُمْ غَضَبِي فَانْتَهَيْتُمْ عَنْ مَعْصِيَتِي، وَهَلْ آتَيْتُمْ فَرَائِضِي كَمَا أَمَرتُكُمْ وَهَلْ آتَيْتُمْ الْمَسَاكِينَ مِنْ أَمْوَالِكُمْ، وَهَلْ أَحْسَنْتُمْ إِلَى مَنْ أَسَاءَ إِلَيْكُمْ، وَهَلْ غَفَرْتُمْ لِمَنْ ظَلَمَكُمْ، وَهَلْ وَصَلْتُمْ لِمَنْ قَطَعَكُمْ، وَهَلْ وَفَيْتُمْ لِمَنْ خَانَكُمْ، وَهَلْ أَدَّبْتُمْ أَوْلَادَكُمْ، وَهَلْ أَرْضَيْتُمْ جِيرَانَكُمْ، وَهَلْ سَأَلْتُمُ الْعُلَمَاءَ عَنْ أَمْرِ دِينِكُمْ؟ فَإِنِّي لَا أَنْظُرُ إِلَى صُوَرِكُمْ وَلَا إِلَى مَحَاسِنِكُمْ، وَلَكِنْ أَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ وَنِيَّاتِكُمْ فَأَرْضُونِي بِهَذِهِ الْخِصَالِ عَنْكُمْ.
Shu hadisni biroz izohlasak:
يَا ابْنَ آدَمَ!
Ey odam farzandi! – deb xitob qilmoqda Alloh taolo, buni esa Payg‘ambarimiz bizga naql qilmoqdalar. Payg‘ambarimiz, Allohning so‘zlarini o‘z so‘zlari bilan gapirgan bo‘lsalar, u hadisi qudsiy deb ataladi.
Nima uchun bu kitoblarni o‘qiyapmiz? Chunki undan keyingi keladigan gaplar chiroyli... «Siz shu ishlarni qiling, Men sizdan rozi bo‘laman! Siz bu ishlarni qilib, Mening roziligimni toping! Bu chiroyli amallarni bajarib, Mening roziligimga erishing!» – deb aytilmoqda. Biz Alloh roziligiga erishishimiz uchun shularni o‘qiymiz.
Xuddi shu sababdan ham bu satrlarni tanladim:
هَلْ عَصَيْتُمُونِي فَذَكَرْتُمْ غَضَبِي فَانْتَهَيْتُمْ عَنْ مَعْصِيَتِي؟
«Ey Odam o‘g‘li! Menga isyon qilayotganingda, biror gunoh qilmoqchi bo‘lganingda, mening gunohkorlarga g‘azab qilishimni eslab, aql-hushingni yig‘ib, gunoh qilishdan o‘zingni hech orqaga tortdingmi?»
Masalan, Yusuf surasini eslang, unda aytilishicha:
“Haqiqatan, Zulayxo Yusuf alayhissalomning visoliga intildi. Agar Parvardigorining ochiq hujjat alomatini ko‘rmaganida, Yusuf alayhissalom ham Zulayxoga moyil bo‘lar edi. Undan (Yusufdan) yomonlik va buzuqlikni chetlatish uchun uni o‘z muhofazamizga oldik, gunohdan asradik”[1] deya yuqoridagi oyatda xabar beriladi. Darhaqiqat, Yusuf alayhissalom g‘oyat go‘zal va eng chiroyli payg‘ambarlardan bo‘lganlar. Ammo Hazrat Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Yusuf alayhissalomdan ham xushro‘y bo‘lganlar.
Bir shoir yozgan ekan:
«Rasulullohning yuzlari qilich kabi yaraqlaydi». U vaqtlardagi porloq narsa qilich edi. Chunki u davrda bizning davrimizdagidek oynalar yo‘q bo‘lgan, kumushni yaltiratib, oyna o‘rnida qo‘llanilgan. Shuning uchun ham «Qilichdek yaltiraydi», – deb aytmoqda. Boshqa birisi esa: «Qanaqa qilich? Oy kabi, quyosh kabi edi», – deb tushuntiradi.
Shu muborak kunlarda so‘raymiz: Alloh taolo hammamizga oxiratda jamolini ko‘rishni nasib aylasin. Endi mavzuga qaytamiz.
Yusuf alayhissalom eshikdan kirishlari bilan xotinlar qo‘llarini kesdilar. Qo‘llarida olma bor edi, ammo ular bu husnu jamolni ko‘rishlari bilanoq hamma narsani unutdilar, lol qoldilar, natijada qo‘llarini kesa boshladilar.
«Bas, qachonki uni ko‘rishgach (ular beixtiyor uni) olqishladilar va (o‘zlari sezmagan hollarida, qo‘llaridagi pichoqlari bilan) o‘z qo‘llarini kesa boshladilar. Hamda: "Ey pok Alloh, bu bashar (farzandi) emas, bu asl farishtaning o‘zi-ku", deb yubordilar»[2].
Yusuf alayhissalom Zulayxo volidaning qo‘liga tushib qoldi. Yusuf alayhissalom yosh bir yigit, Zulayho volida esa yuqori tabaqaga mansub vazirning ayoli. U eshikni yopishi bilan ikkalasi ham bir-biriga havas qilib boqdi, lekin Yusuf alayhissalom shu vaziyatda o‘zlarini tutdilar...
«Agar Parvardigorining ochiq hujjat-alomatini ko‘rmaganida...»[3]. Rivoyatga ko‘ra, o‘sha vaqtda Yusuf alayhissalom qarshilarida Yaqub alayhissalomni ko‘rgan ekanlar. Yaqub alayhissalom barmoqlarini tishlab turgan holatda namoyon bo‘libdi. Shunda Yusuf alayhissalom es-hushini yig‘ib, o‘zlarini qo‘lga olibdilar. Albatta, buni ko‘rganlaridan keyin nima dedilar:
«(Yusuf) dedi: "Parvardigorim, men uchun bular meni chorlayotgan narsadan ko‘ra zindon yaxshiroqdir»[4] – deb, qamoqqa kirishni afzal ko‘rdi. Nima uchun shunday dedi? Chunki Allohning mukammal tanlangan, go‘zal, asl va mukammal quli, ya’ni Payg‘ambar o‘g‘li Payg‘ambar bo‘lganligi uchun ham shunday dedi.
Demak, bu hadisi qudsiyda Alloh taolo biz Odam farzandlaridan: «Biror gunohni qilishga niyat qilib, uni bajarish uchun oyog‘ingizni bosayotgan vaqtda Allohning g‘azabini eslab, o‘zingizni orqaga tortingizmi? Shu gunohni qilmaslikka muvaffaq bo‘ldingizmi?» – deb so‘ramoqda. Bundan agar siz shunday qilsangiz, men sizdan rozi bo‘laman, degan ma’no chiqmoqda.
Xudovandi karim Yusuf alayhissalomga lutf qilib, qamoqdan chiqardi va vazir qilib qo‘ydi. Taqdirida bor ekan, Zulayho volidaga uylantirdi, ammo halol yo‘l bilan nikoh o‘qildi. Gunoh bilan emas, savob yo‘li bilan oila qurdilar. Mana sizga Allohdan qo‘rqib, gunohdan voz kechishning ajru mukofoti.
Hazrati Ali roziyallohu anhu bir kun xizmatchisi bilan Kufadagi bir masjidga ot yetaklab, namoz o‘qigani keladilar. Shunda masjidning oldida bir kishini ko‘rib qoladilar va unga «Iltimos, otimizning jilovidan ushlab tursangiz!» – deb otni topshirib, namoz o‘qigani masjidga kirib ketadilar. Namozni o‘qib chiqayotganlarida otni ushlab turganga beraman, deb hamyonlaridan besh dirham oladilar. Ammo tashqariga chiqib qarasalar, odam ham yo‘q, ot ham yo‘q. Atrofni qidirib otni topishibdi, ammo ot egarsiz. Haligi kishi egarni o‘g‘irlab, otni esa tashlab ketibdi. Hazrati Ali roziyallohu anhu xizmatchisiga besh dirham berib: «Borib bozordan egar olib kel!» – deb jo‘natibdi.
Bir oz vaqt o‘tgandan keyin xizmatchi bir egar bilan bozordan qaytibdi. Ali ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, bu o‘zlarining egarlari. Bir ozgina oldin buni bir kishi egarchiga sotib ketibdi, deb aytadi. Shunda Hazrati Ali roziyallohu anhu: "Qanchaga sotibdi?" deb so‘raydilar. Xizmatchi: "besh dirhamga sotgan ekan". «Voy bu bizning egarimiz-ku!» deb taajjublangan edim. Sotuvchi: «Foydasi kerak emas, o‘g‘riga bergan miqdorimni bersang kifoya!» – dedi.
Bu besh dirham masalasini ko‘rgan Hazrati Ali roziyallohu anhu to‘plangan odamlarga qarab: «Ey, jamoat, qarang, bu yerda juda katta ibrat bor! Hozir men bu o‘g‘riga, o‘z hamyonimdan besh dirham ajratib, ko‘nglim rozi bo‘lib, halol qilib bermoqchi edim. Sabr qilganda besh dirham olar edi. Ammo sabr qila olmadi, natijada nima oldi? Albatta, besh dirham oldi. Lekin halolidan emas, balki haromidan oldi. O‘g‘irlab sotib va qochib ketdi. Alloh uning taqdiriga bugun besh dirham topishni yozgan edi. Biroz sabr qilsa, halolidan nasib etardi. Ammo u xaromga chopib ketdi.
Hazrati Ali roziyallohu anhuning hamyoniga qaraydigan bo‘lsak. Unda o‘zgargan biror narsa yo‘q. Besh darhamni ajratib, o‘sha kishiga bermoqchi bo‘ldilar xolos. Niyatlariga ko‘ra bu yerda u zot savob oldilar. Besh dirham esa cho‘ntagidan chiqib, egarchining qo‘liga borib tushadi. Egarchi ham hech narsa yo‘qotmadi. Egarchi birovdan besh dirhamga sotib oldi va boshqa birovga yana besh dirhamga sotdi. Ammo bu yerda odamlar bajargan ishlariga ko‘ra yo savob olmoqdalar, yo gunohga botmoqdalar. Taqdir o‘zgarmayapti, ammo niyatiga ko‘ra inson yo gunoh, yo savob olmoqda, ya’ni yo jannatiy yoki do‘zaxiy bo‘lmoqda.
Yusuf alayhissalom sabr qildilar, gunohga yaqinlashmadilar, qamoqni afzal ko‘rdilar, natijada Alloh unga halol nikohni nasib etdi. Biz bu rivoyatlarni nimaga keltirdik? Inson o‘zini Harom ish qarshisida qanday tutishi lozimligini uqtirdik, xolos. Zero, inson farzandining hayotida har xil vaziyatlar bo‘ladi. Ba’zi narsalarni o‘zi ham, nafsi ham xohlaydi. Uzatsa qo‘li yetadi, uzib oladi, ammo «yo‘q, olmasligim lozim, bu olma harom!» – deb uni uzmaydi. Boshqa yerdan birortasi bir lagan olma olib keladi. Agar uning nasibasida olma yeyish bo‘lsa, u o‘zgarmaydi, faqatgina inson harom qarshisida turganda o‘zini tutishi lozim! Shunday qilsa, albatta, Alloh u qulini sevadi.
Bu yerda Alloh yaxshi ko‘rgan, unga ma’qul bo‘lgan amallar haqida suhbatlashyapmiz. O‘zimizni tutamiz, haromga ko‘z tashlamaymiz. O‘zimizni tutamiz, haromga quloq bermaymiz. O‘zimizni tutamiz, haromga ko‘maklashmaymiz. O‘zimizni tutamiz, harom joyga qadam tashlamaymiz.
Taqvo degan narsa nima o‘zi? Alloh taolo Qur’oni karimda nima demoqda.
«Ey mo‘minlar! Taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi»[5].
Demak, inson biror gunoh ishni qilmoqchi bo‘lganda, uni qilmay, niyatidan qaytsa, bu uning taqvodorligidan nishona. Bu yerda Alloh taolo shuni so‘ramoqda: «Biror gunoh ishga ro‘para kelganda meni eslab, g‘azabimni o‘ylab o‘zingni orqaga tortdingmi?» Demak, biz ro‘za tutib, haromdan chekinishni o‘rganamiz. Ramazonda olganimiz iroda tarbiyasini har kunimizga tadbiq qilamiz. Haromga qo‘l uzatmaymiz, unga qaramaymiz, uni gapirmaymiz, uni yemaymiz, haromga qadam ham tashlamaymiz.
هَلْ آتَيْتُمْ فَرَائِضِي كَمَا أَمَرْتُكُمْ؟
«Men sizga amr qilgan farzlarimni buyurgan shaklda o‘rniga keltirib qo‘ydingizmi? Zakot berish kerak bo‘lsa, berdingizmi? Namoz o‘qidingizmi?»
Masalan, Alloh taolo (aqi'mus solah) deydi: ya’ni, «Namozni to‘g‘ri-durust iqoma qiling!» – deydi. (Sallus solah!) «Namoz o‘qing!» – demayapti, «Namozni qoidasiga ko‘ra iqoma, barpo qiling?» demoqda. Ya’ni, chiroyli o‘qing, ma’nosida kelmoqda. (Va la taznu). «Zino qilmang!» – demayapti. (Va la' taqrabuz zina'). «Zinoga yaqinlashmang!» – demoqda. Mo‘min zinoning yaqiniga ham bormaydi. Zinoga yaqinlashtiruvchi ishlarni ham qilmaydi, u haqda gapirmaydi, unga qaramaydi. Zinodan saqlangan kishi uyatli, or-nomusli va e’tiqodi sog‘lom bo‘ladi. Bularning hammasi Alloh taoloning marhamati bilan, yordami bilan bo‘ladi.
وَهَلْ آتَيْتُمُ الْمَسَاكِينَ مِنْ أَمْوَالِكُمْ؟
«Miskin-bechoralarga, faqirlarga mollaringizdan berdingizmi? Xayru hasanot qildingizmi?»
Zakot bu fazilat bo‘libgina qolmay, majburiyat ham. Zakot, bu faqirning boy ustidagi haqqi.
«Ular topgan mol-mulklarida so‘raguvchi va (mol-davlatdan) mahrum kishilar uchun ma’lum haq (ya’ni zakot) bo‘lgan zotlardir». Boshqa kimsaning haqqi. Kimning haqqi bu? (Lissoili val mahrum) ...faqir va nochorlarning haqqi bor»[6]. U mol uniki emas-ku, haqni haq sohibiga bermoqda. Chunki bu uning haqqi.
Hazrati Abu Bakr Siddiq qancha berdi? 2,5% berdimi? Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xohishlari bilan hammasini berdi. Buni ko‘rgan sarvari olam so‘radilar: «Ey Abu Bakr! Ahli oilangga, bolalaringa nima qoldirding?»
«Alloh va Rasulini qoldirdim!» – dedi.
Nega? Chunki ul zot siddiqiyat maqomida edilar. Bu maqomning martabasi shunday. Sidq bilan berdi va berganda ham hammasini berdi. Nima uchun? Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham yo‘qlikdan, mahrumiyatdan hech ham tashvishlanmas edilar. Ul zot ham Payg‘ambarning xos ummati bo‘lgani uchun kambag‘al bo‘lib qolishdan cho‘chimadi.
Menda yaxshi taassurot qoldirgan bir voqe’ni sizga aytib bermoqchiman.
Bir badaviy Payg‘ambarimiz sallalohi alayhi vasallamni ziyorat qilgani kelibdi. U bir qishloqdan, qabiladan, cho‘ldan kelgan odam. Juda ham chiroyli qo‘ylarni o‘tlatib yurganlarini ko‘ribdi va:
«Yo Rasululloh! Bular qanday chiroyli qo‘ylar-a!» – debdi.
«Senga juda yoqdimi?» – deb so‘rabdilar Rasululloh sallallohu alayhi vasallam.
«Juda ham chiroyli ekan! Juda yoqdi, yo Rasululloh!»
«Unday bo‘lsa, ol hammasini» – deb aytgan ekanlar.
Biz nima qilamiz? Biz bir donasini so‘yamiz yoki beramiz, yoki «Shu sonini kesib, unga berib yuboring!» deymiz. Ko‘pincha, kallani pishirish uyda xotinlarga mushkulligi uchun: «Boshini, shu narsalarini berib yuboring!» deymiz. Ammo Rasululloh sallallohu alayhi vasallam nima demoqdalar:
«Ol hammasini!»
«Hammasinimi, yo Rasululloh?»
«Ha, hammasini!»
Hammasini olibdi, jimgina ularni olib, kechga yaqin qabilasiga kirib boribdi.
"Allohu Akbar! Bu nima? Sen ertalab bir o‘zing chiqib ketganding. Nima, talonchilik qildingmi yoki o‘g‘irlik qildingmi?" – deb taajjublanib so‘rabdilar. Shunda u:
"Muhammad berdi. Faqirlikdan qo‘rqmaydigan Muhammad berdi", – deb aytibdi.
Bizning esa faqirlikdan qo‘rqqanimizdan qo‘llarimiz titraydi: «Hoy, hoy, bola-chaqangga nima qoladi?» – deymiz.
Payg‘ambarimiz faqirlikdan qo‘rqmasdan butun borini beribdilar. Odamlar hayron qolishibdi, hammalari maftun bo‘lib, musulmonchilikni qabul qilibdilar. Bir poda qo‘y yaxshimi yoki bir guruh musulmonlar yaxshimi? Shu qadar musulmonga ega bo‘ldilar. Qo‘yni berdilar, musulmonni – mo‘minni oldilar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam. Bu bilan zarar ish qilmadilar? Yanada ko‘proq foyda ko‘rdilar, chunki xolis musulmonlar ko‘paydi.
Ya’ni berishdan qo‘rqmay berar edilar. Abu Bakr Siddiq ham bermoqchi bo‘lganlarida qo‘rqmasdan hammasini berar edilar.
«Miskinlarga mollaringizdan berdingizmi?» Beramiz. Nima uchun beramiz? Chunki ularning haqlari bor. Bizning mollarimizda ularning ham haqlari bor. Uni bergan vaqtimizda molimiz ma’nan tozalanadi,poklanadi. Shuning uchun ham arabchada zakotning ma’nosi tozalash degani. Zakot berishing bilan moling poklanadi. Zakot bu – insonning Allohga itoatkorligini ko‘rsatadigan belgi. Baxil bilan saxiy musulmonning farqi zakot berishda bilinadi. Zakot bergan insonni baxil deb aytolmaysan. Ammo zakot bu – saxiylikning eng quyi qismi, eng yuqori cho‘qqisi bu siddiqiyatdir. Nimang bo‘lsa, Alloh yo‘lida hammasini berasan. Hatto jonlarini ham berganlar. Bir Usmonli shoiri shunday deydi:
Jonni jonon so‘rabdi, bermaslik bo‘lmas, ey dil,
Har ne qilganim bilan u na meningdir, na sening!..
Jonni jonon xohlaganidan keyin bermasdan iloji yo‘q? Axir, bu meniki ham, seniki ham emas, Unikidir! Shundoq deb, jonini beribdi...
Demak, infoq-ehson qilganlardan Alloh mamnun bo‘lar ekan.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida ramazonning sifatlaridan biri haqida nima degan edilar:
«Muvasot – mol bilan birovga yaxshilik qilish, moldan biror narsa berish degani». Ramazonda bilasiz, Qur’oni karim o‘qiladi, tarovih namozlari ado etiladi, ro‘za tutiladi. Yana nima qilinadi? Xazinalar eshigi ochilib, faqirlarga ham ulush beriladi. Ularni sevintiriladi. Shunda Alloh rozi bo‘ladi. Nega? Chunki, ko‘ngil olish – Ka’ba qurishdek savob. Qalbni buzish – Ka’bani buzishdek gunoh.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Ka’baning oldiga borib:
«Qanday chiroylisan, qanday muboraksan, ey Ka’ba! Naqadar muhtaramsan, lekin Allohga qasam bo‘lsinki, mo‘min qulning qalbi Alloh nazdida sendan ko‘ra qiymatliroqdir», – deydilar.
Mo‘min qulning qalbi Ka’badan ko‘ra hurmatliroq. Namozxon, niyozmand bir faqirga biror narsa berib ko‘nglini olsangiz, qanchalik savob topgan bo‘lasiz!
Istanbulda sodir bo‘lgan bir voqeani aytib berdilar. Juda ham qiziq, aqlim lol qoldi. Qurbon bayrami kuni namozdan chiqishlari bilan bir boy kishi u yerdagi bir oq soqolli, o‘rtacha bo‘yli, jamoatning faqir kishilaridan birini qo‘ltig‘idan tutib masjid atrofidagi bir qo‘y podasining oldiga olib boribdi va:
«Shu qo‘ylarning orasidan eng chiroylisini, eng semizini tanlagin! Qaysi birining go‘shti shirin va yaxshi bo‘lishini sen yaxshi bilasan. Eng chiroylisini topgin!» – debdi.
Faqir eng katta, eng semiz qo‘yni tanlab:
«Taqsir shunisini oling, shunisi eng yaxshisi!» – debdi.
«Xo‘p bo‘ladi! Chetga tortgin uni!» – deb buyuribdi.
Qo‘yning haqini beribdilar. Keyin:
«Buni uyingga olib bor! Bolalaring bilan mazza qilib yegin!» – deb faqirga ehson qilib yuboribdi.
U bechora boy qo‘yni o‘ziga tanlayapti, deb o‘yladi. Holbuki, u faqirga bermoqchi edi. Agar qo‘yni unga berishini bilganida edi uyalardi, kichigini tanlar edi. «Shunisi yetadi taqsir, shart emas!» – deb aytardi. Boy kishi o‘ziga oladi deb, eng kattasini, eng semizini, ikki barobar qimmatini tanladi. Boy esa qo‘yning pulini to‘lagach, «Buni uyingga olib bor! Men bu qo‘yni sen uchun oldim!» – dedi.
Bu juda ham hayratlanarli, shu bilan birga ibratli bir holdir. Qarang, men uni tanimayman, lekin eshitganimdan keyin duo qilyapman. Jo‘mardlikni qilgan odam allaqachon o‘lib ketdi, ammo ramazon oyida Ispartada uning haqqiga duo qilmoqdalar. Inson o‘ladi, lekin orqasida qilgan yaxshi amali, ehtiromga sazovor nomi qoladi.
هَلْ أَحْسَنْتُمْ إِلَى مَنْ أَسَاءَ إِلَيْكُمْ؟
Yana bir savol sizlarga: «Sizga yomonlik qilganga hech yaxshi muomalada bo‘ldingizmi?»
Yomonlik qilganga yomonlik bilan javob qaytaramiz. Odat shunday. «Nima qilay, u boshladi urushni...» – deymiz-da, kostyumimizni yechib, bir musht tushiramiz, qarabsizki, do‘pposlashib ketamiz. Nima uchun, axir? Chunki u boshladi urushni...
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning aytganlariga ko‘ra, Alloh taolo bizdan nimani so‘ramoqda: «Sizga yomonlik qilganga yaxshilik qildingizmi?»
Pokistonda bizga bir kishi haqida aytib berdilar. Bir kishi dehqonchilik qilayotgan odamning oldiga boribdi. Soqolli, nuroniy, darvish, muborak bir odam. Dehqonni chetga chaqiribdi va unga diniy narsalardan nasihat qilibdi. U odam esa «Meni ishimdan qoldirib, shuning uchun chaqirdingmi?» – deb yuziga bir shapaloq solibdi va uning og‘zi-burnini qonga bo‘yabdi. U esa og‘zi-burnini arta turib unga qarab: «Uzr so‘rayman, birodar, seni xafa qilib qo‘ydim, sen haqsan! Seni ishingdan qoldirmasligim kerak edi!» – deb aytar ekan. Buni ko‘rgan u odam qarshisidagi muborak bir insonligini anglab, qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, yig‘labdi va qo‘llarini o‘pa boshlabdi.
Endi hayotingiz xronologiyasini bir ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring-chi; Sizga yomonlik qilgan, yaxshilab jazolagan biror odamga yaxshilik qildingizmi? Demak, Alloh yomonlik qilganga yaxshilik qilganni sevadi. Shunday qilinsa, orada muhabbat paydo bo‘ladi, yaralar bitadi. Agar shunday qilinmasa, qon da’vosi to‘xtamaydi.
«Yomonlik qilganga yaxshilik qilganingizda savob topardingiz, rizoligimga erishardingiz. Molingizdan berganingizda rizoligimni qozonar edingiz. Farzlarimni tutganingizda savobimga erishardingiz. Mening xotiram uchun g‘azabimdan qo‘rqib, bir gunohdan o‘zingizni tortganingizda, roziligimga erishgan bo‘lar edingiz».
Bir hadisi qudsiy yodimga tushdi. Ertaga ro‘zi mahsharda Alloh taolo bandasiga shunday der ekan:
«Bandam! Men kasal bo‘ldim, meni ziyorat qilmading!»
«Subhanalloh! Ey Rabbim, sen olamlarning Rabbisisan, qanday qilib sen kasal bo‘lasan? Bu nima degani?»
«Falonchi qulim kasal bo‘lganda uni ziyorat qilganingda edi, Meni ziyorat qilgandek savob topar eding».
«Ey bandam! Men och qoldim, meni to‘ydirmading!»
«Fasubhanalloh! Ey Rabbim, sen olamlarning Rabbisisan, sen och qolmaysan, sen bu sifatlardan poksan!»
Bu nima degani?
«Falonchi qulim och qolgan edi. Sen uni to‘ydirganingda meni to‘ydirgan bo‘lar eding» – degan hadisi shariflar bor. Alloh taolo qullarining bir-birlariga mehru muruvvatli, marhamatli bo‘lishlarini yaxshi ko‘radi va rozi bo‘ladi.
هَلْ عَفَوْتُمْ لِمَنْ ظَلَمَكُمْ؟
«Sizga zulm qilganni hech kechirdingizmi?» Kechirimlilik insonga juda katta mukofotlar keltiradi. Bu fazilat ham oyati karimada madh qilinmoqda:
«G‘azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) avf etadigan kishilardir»[7]. Bu – taqvo ahlining sifati. Hozir biz ramazonda taqvoni o‘rganyapmiz, bir oylik taqvo kursida ta’lim olyapmiz.
«Taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun»[8] deb buyurilmoqda. Xo‘p, taqvo ahlining sifati nimalardan iborat ekan?
«(U taqvodor zotlar) yaxshi-yomon kunlarida infoq-ehson qiladigan, g‘azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) afv etadigan kishilardir», jo‘marddir – faqirlar uchun omborining, qopining og‘zini ochadi (val kaziminal g‘ayz). «G‘azabi kelsa, o‘ziga hokim bo‘lib, g‘azabini yutadi (val afi'na anin-na's). Insonlarni esa kechiradi»[9]. Mutasavvif Yunus Emro buni she’riy yo‘lda chiroyli qilib bayon etgan:
Yaratilganni xush ko‘r,
Yaratuvchi tufayli.
Insonlar xom sut emgan, vafosiz, qusurli, yaxshilikni unutuvchi bo‘lsalar ham, ularni Alloh uchun yaxshi ko‘rgin. Nima ham qilardik boshqa?
Zulm qilganni kechirasan, shundagina jarohatlar bitadi, jamoalar go‘zallashadi, yomonlar qilgan ishlaridan pushaymon bo‘ladi. Ishlar shundagina tuzaladi. Aks holda jamiyatda ishning to‘g‘ri ketishi qiyin.
ﻭَﻫَﻞْ ﻭَﺻَﻠْﺘُﻢْ ﻟِﻤَﻦْ ﻗَﻄَﻌَﻜُﻢْ؟
«Siz bilan aloqasini uzgan kishining huzuriga siz bordingizmi?» Esidan ko‘tarilib ketibdi, sizni hech so‘ramaydi, hol-ahvolingizdan xabar ham olmaydi, aloqani kesibdi, siz esa hech oldiga bordingizmi? Bu juda ham ahamiyatli.
Ustozimiz Muhammad Zohid Qo‘tqu hazratlari bir shaharga kelganda:
«Falonchini ziyorat qilgani boramiz!» – deb qoldilar. Ziyoratiga boradigan odamimiz o‘zlaridan yosh, o‘zlarining muridlari va o‘zlari haqida yomon gapirgan bir kimsa edi. Ig‘vogarlik qilgan, odobsizlik qilgan, birovlar haqida gapiradigan bir kimsa... Shunda men ustozning oldilariga yaqinlashdim va:
«Ota! U odam siz haqqingizda bo‘lar-bo‘lmas gaplarni gapirmoqda, sizni uncha yaxshi ko‘rmaydi, sizga muxolif!» – deb aytdim.
Lekin, ular xossatan uning oldiga bordilar. U mening haqimda gapirmoqda ekan, deb o‘tirmadilar. Natijada u odamning qanday o‘zgarganini men yaxshi bilaman.
ﻭَﻫَﻞْ ﻭَﻓَﻴْﺘُﻢْ ﻟِﻤَﻦْ ﺧَﺎﻧَﻜُﻢْ؟
«Sizga xiyonat qilganga siz yaxshi vafoli bo‘la oldingizmi?»
ﻭَﻫَﻞْ أَﺩَّﺑْﺘُﻢْ أَﻭْﻻَﺩَﻛُﻢْ؟
«Farzandlaringizni odobli qilib tarbiya qildingizmi?»
ﻭَﻫَﻞْ أَﺭْﺿَﻴْﺘُﻢْ ﺟِﻴﺮَﺍﻧَﻜُﻢْ؟
«Qo‘shnilaringizni xushnud qila oldingizmi? Ular sizni duo qiladilarmi, mamnunmi sizdan?»
ﻭَﻫَﻞْ ﺳَﺌَﻠْﺘُﻢُ ﺍﻟْﻌُﻠَﻤَﺎﺀَ ﻋَﻦْ أَﻣْﺮِ ﺩِﻳﻨِﻜُﻢْ؟
«Adashib qolmayin deb, noto‘g‘ri ish qilib qo‘ymayin deb, haqni o‘rganaman deb, diniy mavzulardagi mushkulotlaringizni olimlaringizdan so‘radingizmi?»
ﻓَإِنِّي ﻻَ أَﻧْﻈُﺮُ إِﻟَﻰ ﺻُﻮَﺭِﻛُﻢْ، ﻭَﻻَ ﻣَﺤَﺎﺳِﻨِﻜُﻢْ ﻭَﻟَﻜِﻦْ أَﻧْﻈُﺮُ إِﻟَﻰ ﻗُﻠُﻮﺑِﻜُﻢْ ﻭَﻧِﻴَّﺎﺗِﻜُﻢْ
«Chunki shubhasiz Men sizning shaklu shamoyilingizga va chiroyingizga qaramayman». Molu dunyongiz bor ekan, martabangiz baland ekan, har xil chiroyli sifatlaringiz bor ekan, naslu nasabingiz toza ekan. Lekin ular meni qiziqtirmaydi. Yuzingiz ham, suratingiz ham va sizning yaxshi vasflaringiz ham meni qiziqtirmaydi, men ularga nazar tashlamayman. Faqatgina qalblaringizga boqaman! Qalbingiz qanday – pokmi, unda sof niyatlar bormi o‘zi, shunga e’tibor beraman va niyatlaringizga qarayman.
ﻓَﺎﺭْﺿَﻮْنِي ﺑِﻬَﺬِﻩِ ﺍﻟْﺨِﺼَﺎﻝِ ﻋَﻨْﻜُﻢْ
«Mana shu aytib o‘tganlarimni, men xohlagan shaklda bajarsangiz, mening rizoligimni toping! Bu vasflar orqali Meni rozi qiling!» – deb buyurmoqda Alloh taolo.
Alloh taolo shu muborak ta’lim-tarbiya oyida, taqvoni o‘rganish oyida, ibodat oyida, rahmati jo‘sh urgan oyda; avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri esa jahannamdan ozod bo‘lish oyida hammamizni tafviqoti samadoniyasiga mazhar aylasin! Bu tabarruk oyning xayru barakotidan foydalanib, Alloh sevgan taqvodor solih bandalar holiga kelishni nasib aylasin! Yomon axloqlarimizni tark etib, go‘zal xulq egasi bo‘lishimizni nasib etsin!
Bihurmati asrori suratil fotiha...
“Ramazon va taqvo” kitobidan
[1] Yusuf surasi, 24-oyat.
[2] Yusuf surasi, 31-oyat.
[3] Yusuf surasi, 24-oyat.
[4] Yusuf surasi, 33-oyat.
[5] Baqara surasi, 183-oyat.
[6] Maorij surasi, 24-25-oyatlar.
[7] Oli Imron surasi, 134-oyat.
[8] Baqara surasi, 183-oyat.
[9] Oli Imron surasi, 134-oyat.
“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.
Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?
Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?
Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.
Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.
So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.
Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.
Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?
Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.
2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing
Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.
- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.
Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.
Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.
“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak
Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.
Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.
Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.
Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.